Taniqli adib va sobiq siyosiy mahbus Mamadali Mahmudovga savol bering

Image copyright Human Rights Watch
Image caption Atoqli adib Mamadali Mahmudov qariyb 17 yil umrini O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘tkazgan

BBCUzbek.com o‘quvchilarining savollariga taniqli adib va jamoat arbobi, sobiq siyosiy mahbus Mamadali Mahmudov javob beradi.

Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi - Evril Turon) 1940 yil 12 dekabrda Jizzaxning Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ida tug‘ilgan.

Otasi Mahmud Ahmad o‘g‘li Tog‘ begisi (Tog‘dagi o‘rmon va hayvonlarga qarovchi) 1943 yilda urushga ketib, bedarak ketgan.

Onasi Saodat opa bitta farzand bilan qolgan.

Yozuvchining hikoya qilishicha, sho‘rolarga qarshi qurolli kurashda ishtirok etgan bobosi Ahmad Bek 1936 yilda osib o‘ldirilgan.

Mamadali Mahmudov boshlang‘ich sinfda Bog‘don qishlog‘i, 8 sinfgacha Oltinkon shaharchasidagi maktablarda tahsil olgan.

1959 yilda Sovet Armiyasiga ketib, 3 yil harbiy xizmatni o‘tagan.

1962 yilda komsomol yo‘llanmasi bilan Rossiyaning Tula viloyati, Yefremov shahriga kimyo kombinati qurilishiga yo‘llangan.

Voronej shahrida kimyo-mashina qurilishi kursini bitirgan.

1964 yilda Chirchiq shahridagi kimyo kombinatiga ishga kirib, mashinist yordamchisi va mashinist bo‘lib ishlagan.

Bir vaqtning o‘zida kechki yoshlar maktabida, 10 va 11-sinflarda tahsil olgan.

1966 yilda Toshkent Davlat Universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirgan.

So‘nggi kurslarni sirtdan o‘qib, "Saodat" jurnalida ishlagan.

1974 yilda birinchi kitobi - "Tog‘ ohusi" ocherklar to‘plami nashr qilingan.

1975 yilda chop etilgan "Bog‘don qashqiri" qissasida yozuvchi birinchi marta bosmachilik harakati ishtirokchilarini milliy-ozodlik kurashchilari sifatida tasvirlagan.

Adib o‘zining 1981 yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilgan "O‘lmas qoyalar" romanida ayni mavzuni davom ettirib, O‘rta Osiyoga rus bosqinini qoralaydi.

Moskvadagi muhokamalar ortidan taqiqlangan roman Turkiya va g‘arbiy Olmoniya jurnallarida chop etiladi.

Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan ishdan olinib, KGB tomonidan so‘roq qilingan Mamadali Mahmudovni, o‘zining aytishicha, o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov qamoqdan asrab qolgan.

Asar to‘laligicha faqat mustaqillikdan so‘ng, 1991 yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rgan.

Mamadali Mahmudov ijod bilan birga jamoatchilik ishlari bilan ham faol shug‘ullangan.

U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi, Madaniyat Jamg‘armasi raisi lavozimlarida ishlagan.

1994 yil 3 mart kuni muxolifatdagi "Erk" partiyasi nashri - "Erk" gazetasini saqlashda gumon qilinib, hibsga olingan va keyinroq davlat mulkini o‘g‘irlashda aybdor, deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

1996 yil 6 avgust kuni avf qo‘llanib, muddatidan oldin ozod qilingan.

1999 yil 16 fevral kuni Toshkentda yuz bergan qator portlashlar ortidan qayta hibsga olingan yozuvchi bir necha "Erk" faollari bilan birga portlashlarga aloqadorlikda ayblanadi.

Mahkama jarayonida u o‘zining portlashlarga aloqasi yo‘qligi va qiynoqqa solinganini aytgan.

14 yildan ko‘proq davom etgan qamoq muddati so‘nggida shu yil aprelida ozodlikka chiqarilgan Mamadali Mahmudov nomi va asarlariga O‘zbekistonda qo‘yilgan norasmiy taqiq hanuz amal qilmoqda.

BBC mehmoniga savollaringizni sahifamiz pastidagi maxsus forma orqali yo‘llang.

Suhbatni shanba va yakshanba kungi Daraklar dasturida tinglay olasiz, uning to‘liq matni bilan ushbu sahifada tanishishingiz mumkin.

Elektron pochtamiz manzili: uzbek@bbc.co.uk