Usmonov: "Ingliz klublarini xorijliklar sotib olayotgani - yaxshi narsa"

Image copyright GETTY IMAGES

Britaniyaning eng badavlat kishisi va "Arsenal" klubining yetakchi hissadori Alisher Usmonov futbol klublarining xorijliklar tomonidan sotib olinishi ingliz futboli uchun foydali ekanini aytgan.

Milliarder Usmonov o‘tgan olti yil ichida "Arsenal"ning 30% hissalarini sotib olishga 320 million dollardan oshiq pul sarflagan. Uning umumiy boyligi 21 milliard dollar atrofida ekani belgilangan.

Janob Usmonov klubning ko‘proq aktsiyalariga egalik qiluvchi amerikalik hissador Sten Kronke bilan ziddiyatga kirgandi. Usmonov Kronke va "Arsenal"ning bosh menejeri Ayvan Gazidisni klubda yetarli moliyaviy zahiralar bo‘lishiga qaramay, Arsen Venger boshchiligidagi jamoani yetarlicha moliyalamaganlikda ayblagandi.

U avvalroq, shuningdek, agar Kronke o‘z hissalarini sotishni istasa, "Arsenal" ustidan to‘la nazoratni qo‘lga olish niyati borligini ham aytgan.

BBCning sport bo‘yicha muharriri Devid Bond "Shuncha ingliz futbol klublari xorijliklar qo‘lida ekani to‘g‘ri amalmi?" deb so‘raganida janob Usmonov quyidagicha javob qaytardi: "Bu ba‘zi odamlar o‘z maqsadini ko‘zlab beradigan sun‘iy savol. Har qanday odam o‘zi istagan narsasini sotib olishga haqli".

"Bizda Kronke bor, Lerner bor, mana endi ko‘plab osiyolik egalar paydo bo‘layapti. O‘ylaymanki, klub muvaffaqiyatli chiqish qilsa, muammo bo‘lmaydi. Lekin, bu muvaffaqiyat bo‘lmasa, darrov hamma aybdorni qidira boshlaydi", - dedi janob Usmonov.

Oxirgi yillarda Britaniya premer ligasiga sarmoya kiritgan xorijliklar orasida 2003 yilda "Chelsi" klubini sotib olgan rossiyalik milliarder Roman Abramovich, 2005 yilda "Manchester Yunayted"ni sotib olgan amerikalik Malkolm Gleyzer va 2008 yilda "Manchester-siti"ni sotib olgan Abu-Dabi zodagoni Shayx Mansur bor.

"Men bu ingliz futboli uchun yaxshi narsa ekaniga ishonchim komil. Sarmoyadorlar iqtisodga, britan futboliga pul yotqizsalar, ular bu mamlakatdagi ko‘ngilochar iqtisodning bir qismiga aylanadilar", - dedi asli o‘zbek milliarder.

O‘tgan yili Usmonovning "Arsenal"dagi hissalarini boshqaruvchi Red and White Holdings sarmoya shirkati klub rahbariyatiga ochiq maktub yo‘llab, rahbariyatni o‘ta qattiqqo‘l moliyaviy siyosat yurg‘izishda, hamda chiptalar narxini oshirib, o‘z xususiy hissalarini boyib qolish yo‘lida pullashda aybladi.

Maktubda, shuningdek, "Arsenal" yetarlicha moliyalanmagani tufayli Robin van Persi "Manchester Yunayted"ga o‘tib ketgani da‘vo qilindi.

Lekin, undan beri "Arsenal" xalqaro klassga ega futbolchi Mezut Ozilni 42,5 million funtga sotib oldi va hozirda Premer ligada birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Janob Usmonov klub mavsumni muvaffaqiyat bilan boshlaganidan juda mamnun ekanini aytdi, ammo ayni damda rahbariyatning xatolariga e‘tiborni qaratishda davom etishini bildirdi.

"Men hech qachon klub yoki qaysidir odam haqida yomon gapirmaganman. Men nimalarni samaraliroq qilish mumkinligi haqida gapirganman, xolos. Men bunga haqliman", - dedi u.

Your contact details
Disclaimer