Toshkentda "qo‘chqor salom" urfga kirmoqda

Image caption Ba‘zilarga ko‘ra, Toshkentda urf bo‘lgan yangicha so‘rashish uslubi 90-yillardagi "o‘pishib" so‘rashishdan yaxshiroq

O‘zbek yigitlarining "kalla urishtirib ko‘rishishi" tanqid ostiga olindi, deb xabar beradi Daryo.Uz internet-nashri.

"Oila davrasida" gazetasida chop etilgan "Ko‘rishishmi yoki urishish?" nomli maqolada muallif Abduqayum Ismoilov ayni paytda yoshlar orasida "moda" bo‘lgan salomlashish turi - kalla urishtirishni tanqid ostiga olgan.

Muallif hozir qo‘l siqishib ko‘rishish "moda"dan qolgani, yoshlar "qo‘chqorlar singari suzishib" ko‘rishayotgani haqidagi hazilomuz kirish gaplaridan so‘ng, e‘tiborni muammoning jiddiy taraflariga qaratadi.

U "Ming yillar davomida yashab kelayotgan qo‘l berib ko‘rishishdek ulug‘ qadriyatimizga "o‘zgartirish va qo‘shimchalar" kiritishning zarurati nimada ekan?" - degan savolni o‘rtaga tashlaydi.

Bu maqolaga web foydalanuvchilar turlicha fikr bildirishgan.

"Bu odat ko‘prok Toshkentda bor. Viloyatlarda uncha ko‘p uchramaydi. Uchragandayam mahalla tomonidan keskin tanqid qilinadi..", - deydi web foydalanuvchi "CampRoad".

"Tasavvur qilamiz, Abduqayum Ismoilov oldiga Brejnev keldi. Nima qilardi? Abduqayum Ismoilov Brejnev paytdagi ko‘rishishga nima derkan?", - degan savolni o‘rtaga tashlagan "Farhodjon" ismli foydalanuvchi sobiq Sovet rahbari suratini Twitter sahifasiga joylashtirgan.

Suratda Leonid Brejnev bir erkakning labidan o‘pmoqda, ularning oldida bir o‘zbek ayoli atlas libosda turibdi.

"Jamoliddin Bobojonov" nomli web foydalanuvchisi "Farhodjon"ga javoban shunday deydi: "Ana shundan xudo saqlasin. Maqola yozganlar shu davr odamlari bo‘lsa kerak".

"90-yillarda "o‘pishib" ko‘rishishar edi. Hozirgisi ancha tuzuk", - deb o‘z fikrini bildirdi "Jamoliddin Bobojonov".

"Kalla qo‘yish maylikuya, o‘pishib ko‘rishishga chidab bo‘lmaydi, unaqlarni ko‘rib men uyalib ketamaney..." - deb yezadi "Cenator".

"Erkak odam o‘pishib salomlashishsa endi, ularni hezalak desa bo‘ladi. Bosh urushtirib salomlashish hech yomon ish emas..", - deydi "Sherzod_199010".