Shimoliy Koreya hukumatidagi qudratli shaxs lavozimidan ketdi

Image copyright Reuters

Janubiy Koreya orqali kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya joriy rahbari Kim Chen Inning amakisi, eng ko‘p ta‘sirga ega bo‘lgan shaxslardan biri sifatida ko‘rilgan Chang Song Tayek vazifasidan bo‘shatilgan.

U Shimoliy Koreya Milliy Mudofaa Qo‘mitasi vitse prezidentligidan olib tashlangan.

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining mamlakat maxsus xizmatlariga tayanib ma‘lum qilishicha, qo‘shni davlat rahbari Kim Chen Inning 67 yoshli qudratli amakisi iste‘foga chiqarilib, oliy harbiy idorasining rahbari vazifasidan ajralgan.

Chang Sonning yana ikki yordamchisi ham korruptsiyada ayblanib, o‘limga hukm etilgani aytiladi.

Agar Janubiy koreya matbuoti tarqatayotgan xabarlar tasdiqlansa, janob Changning ishdan ketishi Shimoliy Koreya rahbariyatida yuz berayotgan eng katta o‘zgarish sanaladi.

Kim Chen In 2011 yil otasi Kim Chen Irning vafotidan so‘ng hokimiyatga o‘tirgan edi.

Janob Chang Kim Chen Irning opasiga uylangan, ko‘p kuzatuvchilar fikricha, o‘z o‘rnida mustahkam hisoblanardi.

U xizmat pillapoyalarida 1970 yillarda Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi safida turib ko‘tarila boshladi. 1992 yil partiyaning markaziy qo‘mitasiga saylandi. Biroq 2004 yilda Kim oilasiga taluqli ekaniga qaramasdan, quvg‘inga uchrab, ma‘lum muddat omma nazaridan uzoqlashdi.

Janubiy Koreya maxsus xizmatlari bergan ma‘lumotlarga qaraganda, janob Chang uy qamog‘ida o‘tirgan. So‘ngra yana siyosat maydoniga qaytgan.

U iqtisodiy islohotchi va mamlakatni boshqarayotgan asosiy kishilardan biri deb ko‘riladi.

Chang Son Mudofaa Qo‘mitasi va partiya ichida ham eng nufuzli shaxslardan hisoblangan.