Rustam Inoyatov o‘zbek siyosatchilari reytingida yuqori ko‘tarilgan

Image copyright none
Image caption General Inoyatov mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmoqda, deb ishoniladi

O‘zbek siyosatchilarining internetdagi mashhurlik reytingini kuzatib borayotgan "Birjevoy lider" nashri O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati raisi Rustam Inoyatovning to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishini kutilmagan, deya baholagan.

Nashrning ta‘kidlashicha, o‘zbek maxsus xizmatlari rahbari Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘ri bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlarning kuchayishiga Gulnora Karimovaning so‘nggi twitlari sabab bo‘lgan.

Karimova xonim o‘tgan oy Rustam Inoyatov hokimiyatni qo‘lga olish bo‘yicha yirik kampaniya boshlagani haqida yozgan edi.

O‘zbekiston siyosatchilarining mashhurlik reytingi Yandeks qidiruv sayti va elektron OAV hamda axborot agentliklarining yangiliklarida qanchalik ko‘p tilga olinishiga qarab tuzilgan.

O‘zbekistonning o‘zi va xorijda yuz tutgan muammolariga qaramasdan, Gulnora Karimova hanuz mashhurlik bobida otasidan oldinda.

Ammo ayni paytda "Berjevoy lider"ga ko‘ra, otasi bilan yuz bergan mojaro ortidan Gulnora Karimovaning prezident merosxo‘ri sifatidagi imkoniyatlari kamaygan.

"Uning hisoblari muzlatildi,telekanallari yopildi, na aholi va na mahalliy elita orasida qo‘llab-quvvatlovga ega", deya qayd etadi nashr.

Ikkinchi o‘rinda Prezident Islom Karimov, uchinchi o‘rinda esa uning ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘riladigan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir ehtimoliy merosxo‘r - Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov esa noyabr oyidagi reytingda beshinchi o‘rinni egallagan.

"Asosiy da‘vogarlardan"

"Birjevoy lider" ga ko‘ra, 69 yoshli Rustam Inoyatov mamlakat prezidentligiga asosiy da‘vogarlardan biri hisoblanadi.

"Tahlilchilarning fikricha, o‘zbek paxta sanoati aynan Inoyatovning nazorati ostida. Shuningdek, barcha yirik moliyaviy amaliyotlar Inoyatovning turmush o‘rtog‘iga tegishli shirkatlar orqali o‘tishi haqida mish-mishlar paydo bo‘lgan", deb yozadi "Birjevoy lider".

Avvalroq Registan.net mustaqil nashrida paydo bo‘lgan maqolada aytilishicha, general-polkovnik Rustam Inoyatov rahbarlik qilayotgan MXX mamlakatning barcha hokimiyat tizimlari ustidan nazoratni qo‘lga olib bo‘lgan.

"Inoyatov Putin qilgan ishni qilib, butun mamlakatni nazorat ostiga ola bildi. Karimov bilishini istamagan ma‘lumotni Inoyatov to‘sa oladi. Har zamonda paydo bo‘ladigan aksil-hukumat evrilishlaridan esa o‘z manfaati yo‘lida foydalanishda davom etmoqda", deb yozgan Registan.net blogidagi maqola muallifi.

Ayni paytda Shveytsariya prokuraturasi Rustam Inoyatovning o‘g‘li bu mamlakatda hibsga olingani haqidagi xabarni rad etgan.

30 noyabr kuni Gulnora Karimova Twitterdagi sahifasida janob Inoyatovning o‘g‘li MTS mobil shirkati bilan bog‘liq ish bo‘yicha ikki oy hibsda qolganini iddao qilgan edi.

Gulnora Karimovaning Twitterda o‘zbek maxsus xizmatlari rahbariga qarshi e‘lon qilgan urushi 74 yoshli Prezident Karimovning sog‘ligi yomonlashgani haqidagi xabarlar manzarasida Rustam Inoyatovning mavqeyi mustahkamlanib borayotgani haqidagi farazlarni yanada kuchaytirgan.