O‘zbekistonda eng kam ish haqi qariyb 34 dollar bo‘ladi

Image caption Shu yilning 15 dekabridan boshlab O‘zbekistonda eng kam ish haqi 96105 so‘m bo‘ladi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov maosh, pensiya va nafaqalarni oshirish haqidagi farmonni imzolagan.

Farmonda bundan ko‘zlangan maqsad "aholining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish" ekani yozilgan.

Shu yilning 15 dekabridan boshlab O‘zbekistonda eng kam ish haqi 96105 so‘m bo‘ladi.

Bu AQSh dollarining mamlakatdagi haqiqiy qiymati bo‘yicha 33,7 dollar deganidir.

Shu kecha-kunduzda valyuta olibsotarlari 1 AQSh dollarini 2840 O‘zbek so‘miga baholamoqdalar.

Bundan keyin O‘zbekistonda yoshga doir pensiya va bolalikdan nogiron insonlarga beriladigan nafaqa 187970 so‘m yoki 66 dollar qilib belgilangan.

Yetarli mehnat stajiga ega bo‘lmaganlar 115340 so‘m yoki 40 dollar nafaqa oladilar.

Rasmiy hujjatda maosh va pensiyalar miqdorini ko‘tarish bilan o‘zbekistonliklarning daromad va turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy madadni kuchaytirish ekani aytilsa-da, amalda ko‘paygan mablag‘ qo‘shimcha atigi 5 ta tandir non sotib olishga yetishi haqidagi xabarlar ham paydo bo‘lgan.

O‘zbekistonda maosh va pensiyalarni oshirish haqidagi farmon inflyatsiya yanada ko‘tarilishi, bozordagi narx-navo oshishiga olib keladigan asosiy omil bo‘ladi.