Jinoiy ish ochilishi bilan Bishkek hokimi iste‘fo berdi

Image copyright meria.kg
Image caption Isa Omurqulov Bishkekka uch yil hokimlik qildi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekning hokimi Isa Omurqulov o‘ziga qarshi ochilgan jinoiy ish manzarasida iste‘fo bergan. Janob Omurqulov iste‘foga chiqayotgani borasida matbuot anjumanida e‘lon qildi.

Dushanba kuni Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Isa Omurqulovni Bishkekdagi Pobeda istirohat bog‘ining chegaralarini noqonuniy belgilashda gumon qilib, unga qarshi jinoiy ish ochgandi.

Prokuratura qo‘lidagi hujjatlarga binoan janob Omurqulov bog‘ning hududini ancha kichraytirgan, chegaradan tashqarida qolgan yerlarda esa qurilishlar yuz berishiga imkoniyat yaratib bergan.

Jinoiy ish Qirg‘iziston Jinoiy Kodeksining 305-moddasiga binoan, "Er qonunchiligini buzish" aybi bilan ochilgan.

Biroq, janob Omurqulov iste‘fosi jinoiy ish bilan bog‘liq ekanini rad etdi.

U 2010 yil 8 aprelidan bugungacha "xalq farovonligi" yo‘lida ishlagani, Bishkek bozorlarini tartibga keltirgani, noqonuniy savdoni to‘xtatgani, hamda 118 chaqirimlik yo‘llarni ta‘mirlaganini aytdi.

Your contact details
Disclaimer