Shimpanzelarga "huquqiy shaxs" maqomi berilishi kerak

Image copyright AP
Image caption Shimpanzelarga "huquqiy inson" maqomi berilishi uchun olimlar ko‘rsatmalariga e‘tibor qaratilishi kutilmoqda

AQShdagi inson huquqlari tashkiloti Nyu-York mahkamasini shimpanzelarni huquqiy shaxs sifatida tan olishga chaqirmoqda.

Nonhuman Rights Project nomli tashkilot Tommi ismli shimpanzega "huquqiy inson" maqomini olib berish bilan uning "jismoniy erkinlikka oid fundamental huquqi"ni ta‘minlashni istaydi.

Tashkilot joriy hafta davomida yana uchta shimpanzega ayni maqom berilishini talab qilib, Nyu-York mahkamalariga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.

Nonhuman Rights Project shimpanzelarni tutqunlikdan ozod etishlarini istaydi.

Tashiklotning da‘vo qilishicha, shimpanzelar Shimoliy Amerika Primatlari Qo‘riqxonasiga joylashtirilishi lozim.

Nonhuman Rights Project Tommi nomidan mahkamaga dushanba kuni murojaat qilgan.

"Biz shimpanzelarni mustaqil deb hisoblaymiz. Bu ularning o‘zini uddalay oladigan, raftorini biladigan va o‘z hayotini qanday o‘tkazishda qaror bera oladi degan ma‘noni anglatadi", - deb aytgan Nonhuman Rights Project tashkiloti asoschisi Stiven Uayz.

Mahkamaga topshirilgan hujjatlarga olimlar xulosalari ham biriktirilgan.

"Shimpanzelarning mustaqil ekanini isbotlay olsak, ularda huquqiy shaxs maqomini qo‘lga kiritish imkoni paydo bo‘ladi", - deb aytgan janob Uaz.

Tommi, tashkilotga ko‘ra, Nyu-Yorkning Grovisvil mintaqasida "yashashga moslashtirilgan avtoulov ichida ushlab turilibdi".

Tommi istiqomat qiluvchi joy egasi Patrik Laverining aytishicha, shimpanze qafasi juda keng va u yerda "juda ko‘p o‘yinchoqlar bor".

U Tommini qo‘riqxonaga joylashtira olmagani, chunki qo‘riqxonada shimpanze uchun bo‘sh xona bo‘lmaganini aytadi.

"Agar Nonhuman Rights Project tashkiloti Tommi 30 umrini qayerda o‘tkazganini ko‘rganlarida edi, uning hozirgi sharoitidan boshlari osmonga yetgan bo‘lardi", - deb aytgan janob Laveri New York Times gazetasiga.

Tashkilot mavjudotlarning joriy maqomini o‘zgartirishni o‘zining ustuvor maqsadi etib olganini aytadi.

Nonhuman Rights Project kelajakda gorillalar, orangutanlar, kitlar, delfinlar va fillar nomidan mahkamaga ariza topshirishni rejalashtirmoqda.