Tethys Petroleum O‘zbekistondagi ikki xodimi hibsga olinganligini tasdiqladi

Image copyright none

Britaniyaning Tethys Petroleum shirkati o‘zining ikki mahalliy hodimi hibsga olinganligi haqidagi mahalliy matbuot xabarlarini tasdiqladi.

Shirkat matbuot xizmati vakilining BBCga aytishicha, ikki mahalliy xodim huquq tartibot organlari tomonidan hibsga olinganligi haqida ularga ma‘lum.

Lekin ularning ismlari kim ekanligini matbuot kotibi ochiqlamadi. Shuningdek, unga ko‘ra, ularga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar tafsilotlari ham ma‘lum emas.

Avvalroq O‘zbekistondagi 12uz.com websahifasi shu yil 9 noyabr kuni Tethys Petroleum shirkatining O‘zbekistondagi vakolatxonasining ikki mahalliy xodimi B. Salohittdinov va M. Majidovlar huquq tartibot organlari tomonidan qo‘lga olinganligini xabar bergandi.

12uz.com ning huquq tartibot organlariga iqtibosan xabar berishicha, shirkat xodimlari mamlakatda qazib chiqarilayotgan neftning O‘zbekistonga tegishli hissasini o‘zlashtirish va noqonunuiy pullarni yuvish harakatlarida ayblanganlar. Ularga qarshi jinoiy ish 2011 yilda ochilgani ham xabar qilingan.

Huquq tartibot organlari vakili ularning amallari natijasida yetkazilgan moddiy zarar 30 million amerika dollariga tengligini ham aytgan.

Tethys Petroleumning BBCga bergan yozma ma‘lumotida aytilishicha, shirkat o‘zi ish yuritayotgan har bir mamlakatda hamisha o‘sha mamlakat qonun-qoidalari doirasida amal qiladi.

Shirkatning bildirishicha, ikki mahalliy xodimga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlar mutlaqo asossizligiga ishonadi.

Tethys Petroleumga ko‘ra, O‘zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan qo‘yilayotgan ayblovlar sababini aniqlash va masalaga tezlik bilan yechim topish maqsadida hamkorlik qilmoqdalar.

"Biz shirkatimiz manfaati va O‘zbekistondagi xodimlarmiz xavfsizligini ta‘minlash yo‘lida barcha lozim yo‘llarni ko‘rib chiqmoqdamiz", deyiladi shirkat bayonotida.

Tethys Petroleum LTD O‘zbekistonda 2009 yildan beri faoliyat yuritadi.

Shirkatning bildirishicha, joriy muammoga qaramay o‘z faoliyatini hozirda ham davom ettirmoqda.