Mandela vafoti mintaqa hayotida

Image copyright PA
Image caption Dunyo Mandela bilan vidolashmoqda

Mandelaning o‘limiga mintaqadan ham aks sado berilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu shaxs eslangan va qilgan ishlariga hurmat bitilgan fikrlar qoldirilgan. Faollar Olma ota shahridagi shoh ko‘chalarning biriga Mandela nomi berilishi taklifi bilan ham chiqishgan. Shu bilan birga Nelson Mandelaning faoliyatiga tanqidiy ko‘z bilan qarovchilar ham bo‘lgan.

Qozog‘istonlik millatchi patriot ruhidagi siyosatchi Muxtar Tayjan Nelson Mandela u uchun buyuk bir odam bo‘lganini aytadi.

"Nelson Mandela menga Mahatma Gandi, Javaharlal Neru, Marter Lyuter King va qozoq Alixan Bo‘kexanov kabi buyuk odamlardan biri bo‘lgan. Bu insonlar xalqi mustaqil, teng va tahqirlanmasligi uchun jonini tikkan shaxslardir", - deydi Muxtar Tayjan.

Tayjan janoblari Nelson Mandela unga siyosatchi sifatida ilhom berganini bildirdi.

"Albatta ilhomlantiradi, ammo har kim ham ulardek bo‘la olmaydi. Bu odamlar o‘zini qurbon qilishga tayyor bo‘lishgan. Molini, oilasini va jonini qurbon qilishga tayyor bo‘lishgan. Men bugungi kunda o‘zimni bunday qurbonliklarga tayyorman deb ayta olmayman. Bunday shaxslar milliondan bitta tug‘iladi va ulardan xalqlar faxrlanib yuradi", - deydi Muxtar Tayjan.

Muxtar Tayjan Chor Rossisiya qarshi kurashgan va Qozog‘iston mustaqilligi uchun jonini fido qilgan Nelson Mandela kabi shaxslar qozog‘iston tarxida ham o‘tganini, hozirgi siyosatchilar ularga o‘xshashlikka harakat qilishi lozimligini bildirdi.

Qirg‘izistonning janubida, bundan 3 yil oldin etnik qon to‘kilishlar bo‘lgan O‘sh shahrida istiqomat qiluvchi va inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Ravshan Gapirov Mandela oddiy xalq manfaati uchun kurashgani bilan taniqli ekanligini aytadi.

"Nelson Mandelani dunyoga tanitgan mashhurligi oddiy xalqning manfaati uchun kurashganligidir. Aynan oddiy xalq tarafdori bo‘lgani uchun ko‘p azoblar chekkan va tyurmalarda o‘tirgan. Lekin o‘z shaxsiy fikridan qaytmagan", - deydi Ravshan Gapirov.

Huquqbon inson huquqlari millatidan kelib chiqib kamsitilayotgan Qirg‘iziston uchun Nelson Mandela kabi kurashuvchan odam o‘ta zarurligini urg‘ulaydi.

"O‘zbek millati, nafaqat o‘zbek, balki rus va boshqa ozchilikni tashkil qiluvchi millatlar qisilib, chetga surilib turgan vaqtda, mana shu xalqning tarafani olib, uning huquqlarini himoya qilib, kerak bo‘lsa jonini fido qiladigan odam bizga juda zarur".

Ravshan Gapirov inson huquqlarini himoya qilayotgani uchun turli bosim va tahdidlarga uchrayotgan bir vaqtda Nelson Mandelaning hayot yo‘li unga bir o‘rnak bo‘layotganini va kurashda davom etayotganini bildirdi.