Nelson Mandela - dunyoni o‘zgartirgan inson

Image copyright Getty

Dunyoning yetakchi mamlakat rahbarlari Nelson Mandela o‘limi munosabati bilan Janubiy Afrika xalqiga ta‘ziya bildirmoqda.

Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Jeykob Zuma Mandelani xalq otasi deb atar ekan, janubiy afrikaliklar milliy birligi va hayotiga hech kim u kabi katta ta‘sir ko‘rsatmaganini ta‘kidladi.

Janob Zuma Mandelaning dafn marosimigacha mamlakatdagi barcha bayroqlar tushirilishi va Nelson Mandela xalq otasi sifatida dafn etilishini bildirdi.

BBC muxbiriga ko‘ra, katta sondagi olomon Mandelaning vafoti munosabi bilan uning uyi oldida yig‘ilganlar. Janubiy afrikaliklar millat xaloskori bo‘lgan insonning vafotidan qayg‘urib, unga hurmat bajo keltirmoqdalar.

Janob Mandela 1994 yil Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli prezidenti bo‘lishidan oldin, hayotining 27 yilini turmada o‘tkazgan.

Uning hukumati tarixda aparteid nomi bilan qolgan Janubiy Afrikadagi irqchi rejimning o‘rnini egallagan.

Londonda payshanba kuni Mandelaning hayot yo‘li to‘g‘risida suratga olingan "Ozodlikka tomon olis yo‘l" filmining premerasi bo‘lib o‘tgan. Tomoshabinlar film nihoyasida Mandelaning o‘limidan xabar topganlar. Premeraga kelgan Mandelaning oila a‘zolari film yarmida namoyishni tark etishgan.

AQShning birinchi qora tanli prezidenti Barak Obama Mandelaning hayot yo‘li insoniyat va mamlakatlar yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkinligini o‘zida nomoyon etgani, xalqining ozodligi evaziga o‘z ozodligini qurbon qilganini urg‘ulagan, shuningdek o‘zining shaxsiy hayotini u bergan ulkan saboqsiz tasavvur etolmasligini e‘tirof etgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun "Mandela o‘zining tenglik, ozodlik va odamlarning qadr-qimmati uchun beminnat kurashi bilan dunyodagi ko‘pchilikning hayotiga beqiyos ta‘sir ko‘rsatgan ulkan inson" deb atadi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron, Mandelani butun dunyodagi insonlar uchun ulkan yorug‘lik manbasi edi, deydi. Dauning stritdagi bayroq Mandela xotirasi hurmati uchun pastga tushirilgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Janubiy Afrika respublikasiga ta‘ziya izhor etgan.

"Mandela, taqdirning og‘ir sinovlaridan o‘tib, umrining so‘nggigacha o‘zining yorug‘ insonparvarlik va adolat g‘oyalariga sodiq qoldi", deyiladi Putinning Prezident Zumaga yuborgan maktubida.

AQShning sobiq prezidenti Jorj Bushga ko‘ra, "Prezident Mandela ozodlik va tenglik uchun ulkan kurashchi edi. Dunyo aynan uning namunasida ijobiy jihatga o‘zgardi".

Qirolicha Yelizaveta II Mandelaning o‘limidan "chuqur qayg‘u"ga tushganini bildirgan.

"U mamlakati manfaatlari uchun tinmay ishladi va uning qoldirgan merosi tinch Janubiy Afrikani biz bugun ko‘rib turibmiz", degan qirolicha.

Shahzoda Uilyam Mandela ko‘p odamlarni ilhomlantirgan boshqalarga o‘xshamagan inson bo‘lganini aytadi.

"Xudo bizga Nelson Mandelani berib, tariximizdagi hal qiluvchi pallada ulkan muruvvat ko‘rsatdi , deydi faxriy arxiyepiskop Desmond Tutu.

Vashington, Parij va butun Janubiy Afrikaning davlat idoralaridagi bayroqlar pastga tushirilgan.

Pretoriyadagi parlament janob Mandelaning hayoti va merosini maxsus yig‘ilishda yodga oladi.

Janubiy Afrikaning jamoatchilik binolari va butun dunyodagi elchixonalarda ta‘ziya kitoblari ochilishi aytilgan.

Keyingi hafta dushanba kuni Janubiy Afrikada rasmiy motam marosimi boshlanadi.