Tojikiston: Xorug‘dagi tartibsizliklar tekshirilmoqda

Tojikiston Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati prokuraturasi noyabr oyining oxirida Xorug‘da sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar, davlatga qarshilik qilish va qurollanish holatlari yuzasidan jinoiy ish ochgan.

Bu haqda Tog‘li Badaxshon viloyati prokurori Muhammad Abrorov BBCga bildirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bir guruh yoshlar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida kelib chiqqan qurolli to‘qnashuv natijasida to‘rt militsiya xodimi jarohat olgan, ichki ishlarga qarashli ikki avtomashina yoqib yuborilgani xabar qilinadi.

Hodisaga Tojikiston giyohvand moddalar ustidan nazorat agentligi xodimi Sherik Abdulamidovning noqonuniy qurol saqlashda ayblanib hibsga olinishi sabab bo‘lgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, tintuv payti uning uyidan to‘pponcha va o‘qlar topilgan. Sherik Abdulamidov o‘z aybiga iqror bo‘lgani ham bildirilgan.

Viloyat prokuraturasi ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, hukumat kishisiga nisbatan kuch ishlatish, qurol saqlash moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

"Ayni paytda tartibsizlikning ishtirokchilari va ularning soni aniqlashtirilmoqda. Ular topilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi", deb aytgan prokuror. Surishtiruv xodimlari bildirishicha, qurollangan yoshlar Sherik Abdulamidovning uyida tintuv o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lganlar. Ularning soni 10 dan 20 gacha bo‘lgani aytiladi. Abdulamidovning qo‘shnilari, qarindoshlari va do‘stlari ekani aytilayotgan bu yoshlar go‘yo politsiyaga qarshilik qilib qurol ishlatgan va ularning mashinalariga o‘t qo‘yib yuborishgan.

Guvohlar ko‘ra esa, ichki ishlar xodimlari Abdulamidovning uyiga tintuv uchun sanktsiyasiz kirib kelishgan va atrofdagilarga nisbatan o‘zlarini qo‘pol tutishgan.

"Xavfsizlik xodimlari sanktsiyani ko‘rsatishmadi, eshikni buzib kirishdi, odamlar ularning harakatidan g‘azabga kelganlarida birdaniga o‘t ochishdi. Tog‘liklar politsiyaning harakatiga javab qaytarishga majbur bo‘ldi", deb aytgan xorug‘lik Muboriz Akdodshoyev.

Muboriz Akdodshoyevning aytishicha, odamlar orasida tartibsizlikda ishtirok etganlarning "qora ro‘yxati" tuzilgani haqida gaplar bor.

Tojik hukumati ularga qarshi jinoiy ish ochmoqchi, deb aytgan u.

"Huquq-tartibot xodimlari jinoyatchilar bilan kurashish huquqiga, tinch fuqarolar esa tinch hayot kechirish huquqiga ega. Oxirgi paytda takrorlanayotgan hodisalar, militsiya, prokuratura, xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar shuni ko‘rsatadiki, ular fuqarolarga xavfsiz hayotni ta‘minlamayapti, fuqarolar ulardan o‘zlarini himoya qilmoqdalar", deb davom etadi xorug‘lik kishi.

Ichki Ishlar bo‘limi boshlig‘i Fayzullo Nozimovning ta‘kidlashicha, ayni paytda Tog‘li Badaxshon poytaxti Xorug‘da vaziyat tinch.

Xorug‘liklar esa ushbu hodisa yangi to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishi va hukumatning harbiy amaliyotiga sabab bo‘lishidan xavotirdalar.

"Hukumatga ishonch iyul oyidagi voqealardan keyin qattiq darz yedi. Shuning uchun pomirliklar har qanday amaldorning tashabbusi yoki harakati ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ladi. Avvalo yo‘qotilgan ishonchni tiklash kerak", deydi tojikistonlik huquq faoli Nabot Dodixudoyeva.

O‘tgan yil iyul oyida Xorug‘da hukumat kuchlarining yirik amaliyoti o‘tkazilgan. Bunga general Abdullo Nazarovning o‘ldirib ketilgani sabab bo‘lgan edi.

Harbiy amaliyotda rasmiy hisoblarga ko‘ra, 17 kishi o‘lgan. Norasmiy ma‘lumotlarda qurbonlar ancha ko‘p bo‘lgani keltiriladi.

Kuzatuvchilarning fikricha, hukumat kuchlari shu bahona Pomirda katta nufuzli mahalliy yetakchilarni qo‘lga olish amaliyotini boshlagan bo‘lishi mumkin.