"Erk" partiyasi qurultoyida qatnashishga uringan faollar bedarak ketgan

Image caption Partiya rahbariyatining bildirishicha, 3 dekabr kuni Toshkentdagi qurultoyga 100 ga yaqin kishi kelishi kutilgandi

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, muxolifatdagi "Erk" partiyasi qurultoyida qatnashishga uringan bir qator faollar to‘rtinchi kundirki, bedarak ketgan.

Partiya rahbariyatining bildirishicha, 3 dekabr kuni Toshkentda yashirincha o‘tkazilishi rejalangan qurultoyga 100 ga yaqin delegatlar ishtirok etishi kutilgandi.

Ammo faollarning e‘tirof etishlaricha, ko‘rilgan barcha tadbirlarga qaramay, hokimiyat muxolifatning so‘nggi qariyb 10 yil ichida o‘tkazishni rejalagan yirik tadbiridan xabar topgan va turli viloyatlardan yo‘lga chiqqan faollar Toshkentga yetib kelishmagan.

Ulardan ayrimlarining hibsda ushlab turilgani taxmin qilinmoqda. BBC "Erk" partiyasi Markaziy Kengashi a‘zosi Polina Brauberg bilan bog‘lanib, bedarak ketgani aytilayotgan faollarning taqdiri haqida so‘radi.

Polina Brauberg: Samarqand, Jizzax, surxondaryo va Toshkent viloyatlarida o‘ttizdan ortiq a‘zolarimizni "Erk" partiyasi qurltoyida ishtirok etishga uringanlari uchun hibsga olishgan. Boshqa hech qanday ayblari yo‘q. Ularning qurultoyda qatnashganliklari esa isbotlanmagan. Chunki qurultoyni o‘tkazishga to‘sqinlik qilishdi. Hokimiyat bu odamlarni qurultoyda qatnashishi mumkin, deb gumon qilingani uchungina hibsga olayapti. Ularning hammasi hozir bedarak ketgan. Ular Toshkentga yetib kelishmagan, uylariga ham qaytib bormaganlar. Qayerdadir ushlab turilibdi, deb gumon qilayapmiz. Mening o‘zim kecha Toshkent viloyatida militsiyama-militsiya yurib, a‘zolarimizni qidirdim. Ammo ulardan hech bir darak yo‘q.

BBC: Yo‘qolgan odamlarning aniq ism-shariflarini bera olasizmi?

Polina Brauberg: Men ulardan ikkitasining ismini aytishim mumkin. Bular - Imarjanov Tursunjon va Anvar Hamidovlar. Men kecha ularni qidirib, Olmaliq, Ohangaron, To‘ytepa hamda Piskentdagi militsiya idoralariga murojaat qildim. Hech qayerda ularning daragi yo‘q. Qonun bo‘yicha ularni uch yoki eng ko‘p 5 kun ushlab turishlari mumkin. Mening militsiyadagi tanishlarimdan biri ularni Toshkentning o‘zida ushlab turishganini aytdi. Ammo u ham aynan qayerda ushlab turilganini bilmaydi.

BBC: Toshkentning o‘zida ham hibsga olishlar bo‘lganmi?

Polina Brauberg: Qurultoy o‘tishi kerak bo‘lgan joyda ertalabdan maxsus xodimlar mashinalarda o‘tirib, hammani videotasvirga olishgan. Kelayotganlarni birma-bir hibsga olishgan. Qurultoy o‘tishi kerak bo‘lgan kafegacha alohida odamlar yetib kelishga muvaffaq bo‘lganlar. Ammo kafe direktori uni yopishga buyruq bergani uchun qaytib ketishgan. Undan avval biz qurultoyni o‘tkazmoqchi bo‘lgan "Humor"to‘yxonasi va keyinroq "Sazanchik" kafesiga ham bosib o‘tkazib, yig‘inimizni bekor qilishga erishdilar.

BBC: Nima uchun sizlar partiya qurultoyini ochiq, hokimiyatdan ruxsat olgan holda o‘tkazishga urinib ko‘rmadingiz?

Polina Brauberg: Birinchidan, bu mutlaqo befoyda bo‘lgan bo‘lur edi. Qolaversa, muxolifat partiyasi qurultoyini o‘tkazishni so‘rab, murojaat qilgan fuqarolarni darrov hibsga olishlari tayin edi. Chunki hukumat "Erk" partiyasidan qo‘rqadi, uni o‘ziga xavf deb ko‘radi. Biz oxirgi qurultoyni o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonida bunga yana bir marta amin bo‘ldik.