Anons: 2014 yilgi jahon chempionatiga qur‘a tashlanadi

Image copyright AFP
Image caption So‘nggi qur‘a

Dunyo futbol ahlini orziqtirib, manaman degan murabbiylarning yuraklariga g‘ulg‘ula solgan tadbir Toshkent vaqti kech soat 21:00da boshlanadi va Baiya shtatining oromgoh Kosta-du-Saupe shaharchasida bo‘lib o‘tadi.

Qur‘a tashlash marosimiga braziliyalik taniqli aktyorlar Fernanda Lima va Rodrigo Hilbertlar mezbonlik qilishadi. Margaret Menezes, "Olodum" guruhi va Emisida o‘z qo‘shiqlari bilan mezbon Braziliyaning butun go‘zalligini ko‘z-ko‘z qilishni maqsad qilgan tadbirning ochilish marosimini qizitishadi.

Qur‘a tashlash vazifasi esa, bundan avvalgi jahon chempionatlarining guli bo‘lgan futbolchilar ser Jeff Xerst, Zayniddin Zidan, Kafu va Fabio Kannavarolarning zimmasiga yuklatilgan.

Tashlangan qur‘a natijasiga muvofiq, 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqqan 32 ta milliy terma jamoa to‘rttadan sakkizta guruhga bo‘linadi – har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar esa, keyingi bosqichga chiqishadi.

Tartib-qoidaga muvofiq, biror bir guruhda ikkitadan ortiq Ovro‘po milliy terma jamoasi bo‘lmaydi va faqat bitta Janubiy Amerika vakilining bo‘lishi taqozo etiladi.

Yuqori yettilik va mezbonlik sharafi

Ayni o‘rinda alohida ta‘kidlab o‘tish joiz, FIFA reytingida dastlabki yetti o‘rinni egallab turgan va ularga qo‘shimcha mezbon milliy terma jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri birinchi savatchadan o‘rin olishadi.

Bular – Braziliya, Ispaniya, Olmoniya, Argentina, Kolumbiya, Belgiya, Urugvay va Shveytsariyadir.

Braziliyaga esa, allaqachon "A" guruhidan joy ajratilgan. Qolgan yetti milliy terma jamoa qur‘a natijasiga muvofiq, "V"-"N" guruhlariga taqsimlanadi.

Shunday qilib savatchalardan:

Ikkinchi savatcha: Jazoir, Kamerun, Chili, Fil Suyagi Qirg‘og‘i (Kot-d’Ivuar), Ekvador, Gana, Nigeriya

Uchinchi savatcha: Avstraliya, Kosta-Rika, Gonduras, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Meksika, AQSh

To‘rtinchi savatcha: Bosniya va Gertsegovina, Xorvatiya, Angliya, Frantsiya, Gretsiya, Italiya, Gollandiya, Portugaliya va Rossiya o‘rin olishgan.

Eslatib o‘tish joiz, davlatlar FIFA reytingi, hududiy joylashuvi va boshqa parametrlarga qarab boshlang‘ich savatchalarga bo‘lingan. FIFA reytingida yuqori yettilikka kirmagan Janubiy Amerika vakillari Afrika qit‘asi namoyondalari bilan 2-savatchadan joy olishgan. 3-savatcha sohiblarini esa, Osiyo, Shimoliy va Markaziy Amerika vakillari tashkil etishgan. 4-savatchadan to‘qqiz Ovro‘po milliy terma jamoasi joy olgan.

Savatchalar?

Qur‘a tashlash jarayonida bir guruhda uchta Ovro‘po milliy terma jamoasi tushib qolishining oldini olish uchun savatchalar sohiblarining soni bir-biridan farq qiladi. Bugungi marosimning boshida 4-savatchadan bitta terma jamoa tanlab olinadi va 2-savatchaga joylashtiriladi. O‘z savatchasini almashtirishiga to‘g‘ri kelgan u jamoa esa, so‘zsiz, 1-savatchadagi Janubiy Amerika vakili bilan to‘qnash keladi. Bu tartib-qoidaga muvofiq ko‘zda tutilgan. Qolgan taqsimot jarayoni esa, an‘anaviy tarzda davom etadi. Bu haqda FIFA seshanba kuni ma‘lum qilgandi.

QISQACHA 2014 YILGI JAHON CHEMPIONATI HAQIDA

Futbol bo‘yicha kelasi yilgi jahon chempionati 12 iyundan 13 iyulgacha Braziliyaning 12 shahri:

Rio-de-Janeyro, San-Paulu, Belu-Orizonti, Portu-Alegri, Brazilia, Kuyaba, Kuritiba, Fortaleza, Manaus, Natal, Resifi va Salvadorda bo‘lib o‘tadi.

• Ja‘mi 64 ta o‘yin o‘ynaladi. Jahon chempionatining dastlabki uchrashuvini Braziliya milliy terma jamoasi San-Paulu shahrida boshlab beradi. Final bellashuvi esa, Rio-de-Janeyro shahrining "Marakana" stadionida bo‘lib o‘tadi.

• 2014 yilgi jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 560 million dollarni tashkil qiladi. Bu – Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatinikidan 140 million dollarga ko‘pdir. Bu puldan 40 million dollari yangi jahon chempioniga tegadi.

2014 yilgi jahon chempionatida Osiyo qit‘asini Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron va Avstraliya namoyon etishadi.