Mandela bilan o‘n minglab kishilik vidolashuv marosimi kutilmoqda

Image copyright REUTERS

Aparteidga qarshi kurashchi va Janubiy Afrikaning ilk qora tanli prezidenti Nelson Mandela ruhiga hurmat bajo keltirish ibodatlari mamlakatdagi barcha cherkovlardagi yakshanba kungi marosimlarda bo‘lib o‘tgan.

Bir kun oldin Janubiy Afrika respublikasining Prezidenti Jeykob Zuma ana shunday chaqiriq bilan chiqqan edi.

Uzoq xastalikdan so‘ng 5 dekabr kuni Nelson Mandela 95 yoshida hayotdan ko‘z yumgan edi.

Janubiy Afrika respublikasi hukumati 10 dekabr seshanba kuni Ioxannesburgdagi stadionda Nelson Mandela bilan vidolashuv marosimini o‘tkazish rejalashtirilganini e‘lon qildi.

Bu marosimga haddan ziyod ko‘p odam yig‘iladi, deb kutilmoqda.

Vidolashuv marosimiga dunyo rahbarlarining ham yig‘ilishi kutilayapti.

Xususan, Oq Uy Prezident Barak Obama rafiqasi Mishel bilan Janubiy Afrikadagi Mandela bilan vidolashuv marosimida ishtirok etish rejasida ekanini xabar qilgan.

Shuningdek, bu marosimga AQShning uch sobiq prezidentlari bormoqchi ekanliklari aytilgan.

Janubiy Afrika rasmiylari keyingi haftaning uch kunida Nelson Mandelaning jasadi qo‘yilgan kortej poytaxt Pretoriya ko‘chalarini aylanishi, bu bilan buyuk siyosatchi bilan vidolashish istagidagi odamlarga sharoit yaratilishi mo‘ljallangani haqida ma‘lum qilganlar.

Nelson Mandelani dafn qilish marosimi 15 dekabr kuniga mo‘ljallangan.

Mandelaning o‘zi tug‘ilib o‘sgan Qunu bo‘lgasidagi dafn marosimiga ham dunyo mamlakatlari rahbarlarining ishtirok etishi kutilayotgani xabar qilingan.