Nima uchun oltinning qadri baland?

Insonning oltinga munosabati ta‘rifsiz. Kimyoviy jihatdan qarasangiz, bu element u qadar qiziqarli xususiyatga ham ega emas - boshqa kimyoviy elementlar bilan zo‘rg‘a reaktsiyaga kirishadi. Ammo, biz kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi 118 element ichidan oltinni valyuta o‘rnida tanlaganmiz. Nima uchun?

Nega osmiy, xrom, geliy, yoki, masalan, siborgiy emas?

Bu savolni birinchi bor men qo‘yayotganim yo‘q. Biroq, savol men uchun juda o‘rnida - Britaniya muzeyida Amerika tarixidagi oltin buyumlar ko‘rgazmasida paydo bo‘ldi.

Men u yerda UCL (University College London) - London Kollej universiteti professori Andrea Sella bilan uchrashdim.

Uning stolga kimyoviy elementlar jadvali nusxasini yoyadi va o‘ng tarafga diqqat qaratadi.

"Ayrim elementlarni osongina rad etishimiz mumkin", deydi u.

"Masalan, inert gazlar va galogenlar. Gaz hech qachon pul birligi vazifasini o‘tay olmaydi. Uni bir joydan ikkinchi joyga olib yurish ham maqsadga muvofiq deb bo‘lmaydi, shunday emasmi?"

"Ular rangsiz ekani ham haqiqat. Shunday ekan, qo‘lingizdagi element aniq nima ekanini qanday bilishingiz mumkin edi?"

Ikkita suyuq modda (kundalik harorat va bosimda) - merkuriy va bromniy ham to‘g‘ri kelmaydi. Har ikkisi ham zaharli, xullas, ular ham valyuta bo‘la olishmaydi.

Ro‘yxatni yana boshqa qator kimyoviy elementlar bilan boyitish mumkin.

Sella e‘tiborini jadvalning chap tomoniga qaratadi.

"Mana bu tomondan ham aksar elementlarni yo‘qqa chiqarishimiz mumkin", deydi u ishonch bilan.

Image copyright BBC World Service
Image caption Davriy jadval

"Ishqoriy metallar reaktsiyaga o‘ta tez kirishadilar. Buni ko‘plar maktab yillaridagi tajribalardan yaxshi eslashadi. Natriy yoki kaliyni idishdagi suvda tez parchalanadi, esingizda bo‘lsa, vishillab pufakchalar otilib chiqa boshlaydi - portlovchi valyuta esa, endi maqsadga muvofiq g‘oya emas".

Xuddi shunday e‘tirozlar yana bir qator elementlarga ham tegishli, masalan, radioaktivlar: naqd pulingiz sizga saraton hadya qilishini istamaysiz, albatta.

Toriy, uran va plutoniy yo-da, rezerfordiy, siborgiy, ununpentiy, eynshteyniy kabi barqaror bo‘lmagan, faqat laboratoriya tajribasi payti yashovchi sun‘iy radioaktiv kimyoviy elementlar ham maqsadga muvofiq emas.

Davriy jadvalda "Kamyob yer elementlari" deb nomlanuvchi guruh ham borki, ularning aksari oltindan-da kamyob.

Afsuski, ularni kimyoviy jihatdan bir-birlaridan farqlash o‘ta mushkul, shunday ekan, hamyoningizda aslida nima borligini bilishingiz qiyin bo‘lardi.

Xullas, biz uchun endi davriy jadvalning o‘rta qatori qoldi.

Bu yerda 49 ta element, jumladan, ba‘zi tanish nomlar - temir, alyumin, mis, qo‘rg‘oshin, kumush bor.

Biroq, ularni sinchiklab o‘rganarkansiz, qariyb barchasidan nuqson topasiz.

Chap tarafda esa, titan, tsirkoniy kabi o‘ta qattiq va chidamli elementlarni ko‘ramiz. Muammo shundaki, ularni rudasidan ajratib olish amrimahol.

Buning uchun, siz pechingizni 1, 000 darajagacha qizitishingizga to‘g‘ri keladi. Qadimgi odamlar esa, bunday maxsus uskunaga ega bo‘lmaganlar.

Alyumin ham xuddi shunday va tanga ishlab chiqarish uchun u o‘ta mo‘rt.

Ushbu guruhdagi boshqa metallarning ko‘pi o‘z holatida barqaror emas - ular suvda zanglaydi yoki havoda oksidlanadi.

Temirni oling. Nazariy jihatdan u valyuta bo‘lishga anchayin ma‘qul element bo‘lib ko‘rinadi. U maftunkor, sirtini silliqlab, sayqal berish mumkin.

Ammo, muammo shundaki, agar temirni qup-quruq saqlamasangiz, zanglab ketadi.

"O‘z qiymatini o‘zi pasaytiruvchi valyuta yaxshi g‘oya emasligi aniq", deydi Sella.

Muayyan asoslarga ko‘ra biz qo‘rg‘oshin va misni ham maqbul ko‘rolmaymiz.

Qadimda har ikki metaldan ham pul yasalgan, biroq bu tangalar ham uzoqqa bormagan.

Image copyright British Museum

Xo‘sh, nima qoldi?

118 ta elementdan plutoniy, palladiy, rodiy, iridiy, osmiy va ruteniy bilan bir qatorda bizga tanish kumushu oltin qoldi.

Ular barchasi qimmatbaho metallar hisoblanadi. Chunki, ular boshqa elementlar bilan reaktsiyaga kirishavermaydilar va o‘z holatlarini saqlab tura olishadi. Shu bilan birga ular anchayin kamyob, nodir hisoblanadi, mazkur xususiyat esa, valyuta bo‘lish uchun muhimdir.

Temir zanglamagan taqdirda ham undan pul sifatida foydalanish u qadar maqsadga muvofiq bo‘lmasdi, chunki temirni osongina topish mumkin. Siz yirik va og‘ir tangalarni ko‘tarib yurishingizga to‘g‘ri kelardi.

Oltinu kumushdan tashqari, qolgan qimmatbaho metallar bilan muammo aksincha. Ular shu qadar noyobki, tangalar o‘ta kichik qilib ishlab chiqarilgan va siz uni osongina yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin bo‘lardi.

Ularni ham sindirish mushkul. Plutoniy 1, 768 daraja haroratda eriydi.

Xullas, biz uchun - kumush va oltin qoldi.

Har ikkisi ham kamyob, ammo u qadar topiliqsiz emas. Ikki metal ham nisbatan past haroratda eriydi va shuning uchun, ulardan tanga, yombi va yo zeb-ziynatlar yasash oson.

Kumush esa, xiralashadi - u havodagi oltingugurt bilan reaktsiyaga kirishadi. Bu esa, oltinning qiymatini kumushga nisbatan yanada oshiradi.

Oltinning o‘z holatini nisbatan saqlab qolish xususiyati undan yasalgan qoplonni, deylik, 1, 000 yildan keyin ham muzey peshtaxtasidan ayni holatida topa olishingizga ishonchingiz komil bo‘lishini anglatadi.

Valyuta bo‘lish uchun qanday sifatlar lozim?

Avvalo, hech qanday o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lishi shart emas. Pulning qiymati yuzasidan jamiyat qaror beradi.

Yuqorida aytilganidek, o‘z asl holatini saqlay olishi, ixchamligi va zaharli emasligi muhim.

Shu bilan birga bu element bir qadar kamyob bo‘lishi lozim - dunyo bo‘ylab oltin miqdori qanchalar kam ekanidan hayratga tushishingiz mumkin.

Ammo, noyoblik va o‘z asl holatini saqlay bilish hammasi emas.

Oltinning valyutalikka da‘vosini oqlaydigan yana bir xususiyati bor. Oltin bu ...oltinrang.

Davriy jadvaldagi boshqa barcha metallar, mis bundan istisno, kumushrang. Biroq, mis yuqorida tilga olganimizdek, zanglash, nam havoda yashil rangga kirish xususiyatiga ega.

Bu jihatdan ham oltin o‘ziga o‘ta xos.

"Ana shu oltinning valyuta o‘laroq muvaffaqiyati yana bir siri", deydi Sella. "Oltin aql bovar qilmaydigan darajada go‘zal".