Mandela uchun rossiyaliklar aza tutmaydi

Image copyright AP
Image caption Mandela bilan rossiyaliklarning ishi yo‘q

Nelson Mandelaning o‘limi aksariyat rossiyaliklarni befarq qoldiradi.

Afrikaliklarga nisbatan ko‘plab rossiyaliklarning munosabatlari, mening kuzatishimcha, dimog‘dorlik va irqchilikka asoslangan.

Buning ustiga Mandela rahbarlik qilgan Afrika Milliy Kongressi bir necha yillar SSSRning puliga yashagan.

KPSS ro‘yxatida "taraqqiyparvar milliy-ozodlik harakati" deya e‘tirof etilgan.

SSSR davrini qo‘msaydiganlar ham sho‘rolarning Osiyo va Afrikadagi turfa kommunistik firqalarga yordamini qoralashadi.

Bu yordamlar xato bo‘lgan deyishadi.

Boshqa tomondan aparteidga qarshi Afrika Milliy Kongressining tutgan yo‘li har qanday qoliplarda ham terrorchilik bo‘lgan.

Ammo paradoks shundaki, Mandela umrining so‘nggi yigirma yilini o‘tgan 70 yilini inkori o‘laroq kechirdi.

Qasos o‘rniga bag‘rikenglik qildi.

Radikalizm o‘rnini davlat darajasidagi zukkolik egalladi.

Qo‘shni Zimbabveda bo‘lgani kabi "teskari irqchilik" Janubiy Afrika respublikasida ro‘y bermadi va bundan Mandelaning xizmatlari beqiyosdir.

Bularning bari albatta uni Arafat va yo Kastrodan farqlaydi.

Mandela o‘tgan asrning yirik davlat arbobi va barcha qoliplarni parchalaguvchi donosi bo‘lganini rad etish mushkul.

Xotira va hurmat

Image copyright AFP
Image caption Putin davrida "dushman qidirish" avj oldi

Ammo Rossiyada... bularning hech biri aksariyat rossiyaliklarning ko‘nglini yumshatmaydi.

Bu jamiyatni tobora kemirib borayotgan bepisandlik bilan bog‘liq.

Aynan bepisandlik rossiyaliklarni siyosiy rahbar bir vaqtning o‘zida idealist bo‘lishi va kelajak orzulari bilan yashab, qasosdan voz kechishi mumkin ekaniga ishonishdan qaytaradi.

Garchand, turfa qarama-qarshiliklarga boy bo‘lsa ham Mandela nomi bilan yonma yon turadigan rossiyalik... Mixail Gorbachyov bo‘lsa kerak.

Aksariyat Gorbachyov haqida nimalarni o‘ylashini hatto eslatish ham kerak emas.

"U bizga ozodlik berdi", deb aytadiganlar esa barmoq bilan sanarli...

Ko‘pchilik Gorbachyovni "buyuk bir davlatni" barbod qildi deb biladi.

Ammo hech kim bu "qanaqa buyuk davlat bo‘ldiki, bir odam uni vayron qila olsa" deb so‘ramaydi.

Soljenitsin, Saxarov va Rastropovichlar o‘limlaridan keyin xalq qahramonlariga aylanishdimi?

Yo‘q.

Rossiyaning shum taqdiri

Image copyright Getty
Image caption SSSRday "buyuk davlatni" ag‘dargan arbob

Bepisandlik ichimizdagi ikkinchi odamga aylanib qoldi.

Biz hamma narsada qanaqadir hisob-kitob va hasadni ko‘ramiz.

"Maydondagi namoyishlarmi? Vashington pulini to‘lamoqda", "Ruhoniy xayriya oshxonasini ochibdimi? U katta ruhoniylar oldida tilyog‘lamalik qilmoqda!"...

Ideallarga ishonmaydigan jamiyatni esa boshqarish oson.

Shuning uchun davlat televizionidan har kecha kunduz Rossiya nefti va gaziga ko‘z olaytirayotgan dushmanlar, Davlat departamentining qora rejalari va masonlar haqida hikoya qilishadi.

Bunaqa holatlarda dono va tinchlikparvar Nelson Mandelalarning paydo bo‘lishi mushkul.

Millatning qahramonlari esa avvallari bo‘lgani kabi Stalin, Brejnev va faqatgina ular orasida odamiyrog‘i Yuriy Gagarin...

Rossiyada o‘tgan asr ozodlik uchun kurashganlarning barchasi yo unutilgan va yo qarg‘algan...

Shu bepisandlik Rossiyaning bugungi shum taqdiridir.

Butun dunyo Mandelaga motam tutmoqda.

Biz esa haligacha nima uchun motam tutishayotganini anglab yetmadik...