"Darakchi" va "So‘g‘diyona" sotuvga chiqmagani ortidan boshqa nashrlarning adadi ko‘tarilib ketgan

"Darakchi" sayti ham faoliyat yuritmayapti Image copyright none
Image caption "Darakchi" sayti ham faoliyat yuritmayapti

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, "Darakchi" va "So‘g‘diyona" gazetalari chorshanba kuni sotuvga chiqmagan. "Darakchi"ning web sahifasida esa vaqtincha ishlamayapti degan yozuv chiqayapti va faoliyati to‘xtab qolgan.

BBC "Darakchi" gazetasi qabulxonasi bilan bog‘langanda go‘shakni ko‘targan qiz hech qanday ma‘lumot berolmaslini bildirdi.

Shou biznes olamidagi shov-shuv.uz sayti "Darakchi" gazetasi tahririyati xodimlari navbatdan tashqari ta‘tilga chiqarilgani haqida yozgan.

O‘zbek va rus tillarida alohida chiquvchi "Darakchi" hamda "So‘g‘diyona" gazetalari "Darakchi Media Press" nashriyot uyi tomonidan chop etilgan va Gulnora Karimovaning yaqin odami bo‘lgan Firdavs Abduholiqovga tegishli bo‘lgan.

Prezident to‘ng‘ich qizining mediya imperiyasida tekshirishlar boshlanib bir necha tele va radio kanallari faoliyati to‘xtatilgach,uning yaqin hamkori Firdavs Abduholiqovning biznesi ustida ham qora bulutlar aylana boshlandi.

Oktyabr oyining so‘nggi kunlarida Abduholiqovga tegishli STV telekanali efirlardan o‘chib qoldi.

Unga tegishli bo‘lgan gazetalarning ham yopilishi haqidagi mish mishlar shu vaqtgacha rad etib kelindi. Biroq 11 dekabr kuni "Darakchi", va "So‘g‘diyona" gazetalarining chiqmay qolishi ushbu mish mishlarni tasdiqlagandek.

"Darakchi" gazetasi ilk bor 1999 yil 21 mart dan boshlab chop etila boshlagan. Sariq matbuot deya talqin qilinuvchi ushbu ro‘znoma tez orada ommaviylashib adadi 300 ming donagacha chiqib ketgan.

Kuzatuvchilar ko‘ra, keyinchalik gazetaning ichidagi ayrim muammolar sabab ushbu tiraj tushib ketgan bo‘lsada, "Darakchi" baribir ham O‘zbekistondagi eng yirik tirajli gazeta bo‘lib qolavergan.

"Darakchi" nashriyot uyida jami bo‘lib 500 ga yaqin xodim ishlashi aytiladi. Shundan ikki yuzga yaqini ko‘zi ojizlar bo‘lib, ular gazetani taxlash bilan shug‘ullangan.

Ularning taqdiri hozircha noma‘lum bo‘lib turibdi. Gazetaga yaqin manbaalarning aytishicha, rahbariyat xodimlarga yangi yilgacha kutishni va keyin ro‘znomaning faoliyatiga aniqlik kiritilishi mumkinligini bildirgan.

"Darakchi" va "So‘g‘diyona" sotuvga chiqmasligi ortidan boshqa gazetalarga talab ortib ketgan.

"Erudit Sport" gazetasining xodimi Usmon Ibodovning Twitterda yozishicha, gazetaning tiraji rekord darajada ko‘tarilib ketgan.

"Ertalabdan, xursand qilishdi realizatorlarimiz. "Erudit Sport" 16 200 tirajga chiqdi! Bu rekordimiz! Umuman, gazetalarimizdan "Bekajon" va ruscha "Ledi" nashrlari esa rekord darajada ko‘tarilibdi! Vpered!!!", - degan Usmon Ibodov.