Kiyev: To‘qmoqlar bilan hujum qilgan politsiya ortga chekindi

Image copyright AFP

Ukraina poytaxti Kiyevda Prezident Viktor Yanukovich hukumatiga qarshi yuzlab namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashganlar.

To‘qnashuvlarga sal avvalroq g‘alayon politsiyasining Mustaqillik maydonidan namoyishchilarni siqib chiqarish harakatlari sabab bo‘ldi. Bu harakatlarni AQSh hukumati "jirkanchli" deya tasvirladi.

Ichki Ishlar vaziri endilikda hech qanday kuch ishlatilmasligini va‘da qildi.

Namoyishlar hukumatning Ovro‘po Ittifoqi bilan yaqinroq munosabatlarni ta‘minlovchi bitimni imzolashdan bosh tortishi tufayli kelib chiqqan.

Ukraina hukumatining bu qadamiga Rossiya rahbariyatining bosimi sabab bo‘lgandi.

Insoniy devorlar

Voqealar ichida bo‘lgan BBC muxbiri Devid Shternning xabar qilishicha, hozirda politsiya namoyishchilarni tarqatish amallarini to‘xtatganlar.

Milliy televideniye orqali uzatilgan suratlardan ayon bo‘lishicha, namoyishchilar politsiyaga qarata shlangdan muzdek suvni purkaganlar.

Namoyishchilar, shuningdek, endilikda politsiya ularning Mustaqillik maydonidagi jamlog‘idan cheklanganini aytishmoqda.

"Men hamma tinchlanishini istayman", - dedi Ichki ishlar vaziri Vitaliy Zaxarchenko o‘z bayonotida.

"Maydonga bostirib kirilmaydi. Hech kim sizning tinch yo‘lda namoyish qilish huquqingizni buzmaydi, lekin siz ham boshqa fuqarolarning huquqlariga hurmatsizlik qilmang", - dedi u.

Tun osha g‘alayon politsiyasi va ichki ishlar zobitlari maydon orqali mashinalar qatnoviga yo‘l ochib berish maqsadini ro‘kach qilib ba‘zi to‘siqlar va chodirlarni olib tashlaganlar.

Biroq, quruvchilarning qattiq bosh kiyimlarini kiyib olgan namoyishchilar qo‘llarini birlashtirib, insoniy devorlarni hosil qilganlar va politsiya yo‘lini to‘sganlar. Kamida to‘qqiz kishi hibsga olingan.

Image copyright AP

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, politsiya kuch ishlatgan. "KiyevPost" nashri politsiya namoyishchilarni to‘qmoqlar bilan urayotganini xabar qildi.

Maydonda chiqish qilgan ruhoniylar zo‘ravonlik to‘xtatilishini so‘rab duo qilganlar, pop yulduzi Ruslana esa "Bizni urmang!" deya nutq so‘zlagan. Namoyishchilarning chaqiriqlaridan ruhlangan yana yuzlab odamlar maydonga chiqqanlar va ularning oqimi davom etmoqda.

Muxolifat rahbari Arseniy Yatsenyuk Prezident Yanukovich "Amerika, Ovro‘po Ittifoqi va 46 million ukrainaliklarning yuziga tupurdi va biz buni kechirmaymiz", - dedi.

U prezidentning iste‘fosini talab qildi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hukumat kuchlarining namoyishchilarga qarshi yurishini qoraladi.

"Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina hukumatining Kiyevning Maydan maydonidagi tinch namoyishni demokratik huquqlarga va insoniy qadriyatga bo‘lgan hurmat o‘rniga g‘alayon politsiyasi, buldozerlar va to‘qmoqlar bilan qarshi olganidan jirkanganini izhor qiladi", - deb aytgan janob Kerri.

"Bu kabi munosabat nomaqbul, va u demokratiyaga to‘g‘ri kelmaydi", - dedi u.

Seshanba kuni Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha mulozimi Katrin Ashton Kiyevda Prezident Yanukovich bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Baronessa Ashton Kiyevda namoyishchilar qarshisiga chiqqanida, olqishlar bilan kutib olingan.

AQSh Davlat kotibining yordamchisi Viktoriya Nuland ham Kiyevda. U ham Prezident Yanukovich bilan uchrashishi kutiladi.

Interfaks xabar agentligiga ko‘ra, Nuland xonim chorshanba tongida Mustaqillik maydoniga chiqib, namoyishchilarga plastik paketlardan non, bulochka va pishiriqlarni tarqatgan.

Dushanba kuni Prezident Yanukovich o‘z hukumati vakillari bu hafta Ovro‘po Ittifoqi bilan muzokaralarni qayta boshlash uchun Bryusselga yo‘l olishlarini ma‘lum qilgan.

Uning bayonotidan biroz avval, yakshanba kuni yuz minglab namoyishchilar Kiyevga to‘planganlar va hukumat 48 soat ichida iste‘foga chiqishini talab qilganlar.

Hukumat idoralari mashinalar, barrikadalar va chodirlar bilan to‘sib qo‘yilgan.

Your contact details
Disclaimer