Yozuvchi Mamadali Mahmudov Prezidentga murojaat qildi

Image caption Mamadali Mahmudov qamoqdaligi payti O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a‘zoligidan o‘chirilgan

Umrining 16 yilini qamoqda o‘tkazib, yaqinda ozodlikka chiqqan 73 yoshli yozuvchi Mamadali Mahmudov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga ochiq xat yozgan.

40 yillik mehnat stajiga ega keksa yozuvchi mamlakat prezidentidan qonunga binoan risoladagidek nafaqa olishiga yordam berishni so‘ragan.

"Muhtaram Prezident!" - deb boshlanadi ochiq xat.- Men 73 yoshga kirayapman. 16 yil 7 oy qamoqda o‘tirdim. Pensiyaga chiqish vaqti yetib, o‘tdi. 40 yillik mehnat stajim bor. Bu mehnat daftarchamda qayd etilgan. Mirzo Ulug‘bek tumani ijtimoiy ta‘minot bo‘limi meni: "u hujjat yo‘q, bu hujjat yo‘q” bahonasi bilan 7 oy ovora qildi. Nihoyat aytilgan hujjatlarni taxladim. Tuman ijtimoiy ta‘minot bo‘limi 179 ming so‘m nafaqa belgiladi. Shu pul bilan yashab bo‘ladimi?" - deyiladi yozuvchining prezidentga yozgan maktubida.

Mamadali Mahmudov xatida keltirishicha, so‘nggi ish joyi bo‘lgan O‘zbekiston Madaniyat jamg‘armasi "Oltin meros" xayriya jamg‘armasiga aylantirgani uchun u yerdagi mas‘ullar arxiv yo‘qolgan, deb aytishgan. "Arxiv ham yo‘qoladimi?" - deydi u xatida.

Yozuvchi o‘ziga belgilangan nafaqa puli gaz, elektr, suv, uy-joy to‘lovlariga yetmasligini, oilasi qarzga yashayotganligini bildiradi.

Mamadali Mahmudov qamoqdaligi payti oilasi AQSh puliga hisoblaganda 15 ming dollar qarz bo‘lib qolgan. Turmush o‘rtog‘ining prezidentga yordam so‘rab bergan telegrammasiga esa javob bo‘lmagan.

"Balki telegramma sizga yetib bormagandir? Balki adasharman. Tangri bilguvchi. Raysabezdan aytishlaricha, ko‘proq pensiya puli olish uchun eng so‘nggi besh yillik maoshim ozlik qilarmish. El qatori, xatto undan ortiqroq maosh olganman. 40 yil davlat ishida ishlab, 179 ming so‘m pensiya olamanmi? Men gazeta, jurnallarda adabiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, bosh muharrir, direktor, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi kotibi, O‘zbekiston madaniyat jamg‘armasi raisi lavozimlarida ishlaganman. Menga berilayotgan pensiya 179 ming so‘m bo‘lib, ishlamagan odamlarnikidan ham oz", deb yozadi Mamadali Mahmudov.

Unga ma‘lum bo‘lishicha, qamoqdaligi payti O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zoligidan o‘chirilgan. Biroq ayni paytda Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati uning a‘zo bo‘lganligi haqida ma‘lumotnoma berishga jur‘ati yetmayotganligini aytadi.

Mamadali Mahmudov hali Ittifoq paytida milliy ozodlik haqida asarlar yozgan. "O‘lmas qoyalar" romani KPSS Markaziy Komitetida muhokama qilingan chog‘ida ham istiqlol haqidagi orzuidan voz kechmagan. Mamadali Mahmudov hozir ham Vatani, O‘zbekistonning qadim kechmishi haqidagi tarixiy roman ustida ishlamoqda.

Uning asarlari Rossiya, Ukraina, Turkiya, Olmoniya, AQSh,Frantsiya, Angliya va boshqa mamlakatlarda chop etilgan va nashr qilinmoqda.

Mamadali Mahmudov Cho‘lpon va xalqaro Xilman mukofotlari laureati bo‘lgan.

Keksa yozuvchi shu mamlakat fuqarosi sifatida o‘z muammosiga e‘tibor qaratilishini kutadi.

Milliy ozodlikni orzu qilgan adib

12 dekabrda 73 yoshni qarshi oladigan Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi - Evril Turon) 1940 yil Jizzaxning Forish tumanidagi Bog‘don qishlog‘ida tug‘ilgan.

Otasi Mahmud Ahmad o‘g‘li Tog‘ begisi 1943 yilda urushga ketib, bedarak ketgan.

Yozuvchining hikoya qilishicha, sho‘rolarga qarshi qurolli kurashda ishtirok etgan bobosi Ahmad Bek 1936 yilda osib o‘ldirilgan.

Mamadali Mahmudovning o‘z hayoti va ijodi ham murakkab kechgan va kechayotgan adiblardan biri.

Asarlarida o‘zbek xalqining milliy ozodlik kurashlarini qalamga olgan adibning o‘zi bu ozodlik yuzaga chiqqan payti ozodlikdan mahrum qolgan edi.

Adib o‘zining 1981 yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilgan "O‘lmas qoyalar" romanida ayni mavzuni davom ettirib, O‘rta Osiyoga rus bosqinini qoralaydi.

Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan ishdan olinib, KGB tomonidan so‘roq qilingan Mamadali Mahmudovni, o‘zining aytishicha, o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov qamoqdan asrab qolgan.

Asar to‘laligicha faqat mustaqillikdan so‘ng, 1991 yilda kitob holida dunyo yuzini ko‘rgan.

U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi, Madaniyat Jamg‘armasi raisi lavozimlarida ishlagan.

1994 yil 3 mart kuni muxolifatdagi "Erk" partiyasi nashri - "Erk" gazetasini saqlashda gumon qilinib, hibsga olingan va keyinroq davlat mulkini o‘g‘irlashda aybdor, deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

1996 yil 6 avgust kuni avf qo‘llanib, muddatidan oldin ozod qilingan.

1999 yil 16 fevral kuni Toshkentda yuz bergan qator portlashlar ortidan qayta hibsga olingan yozuvchi bir necha "Erk" faollari bilan birga portlashlarga aloqadorlikda ayblanadi.

Mahkama jarayonida u o‘zining portlashlarga aloqasi yo‘qligi va qiynoqqa solinganini aytgan.

14 yildan ko‘proq davom etgan qamoq muddati so‘nggida shu yil aprelida ozodlikka chiqarilgan Mamadali Mahmudov nomi va asarlariga O‘zbekistonda qo‘yilgan norasmiy taqiq hanuz amal qilmoqda.

Muhammad Solih Mamadali Mahmudov haqida

Millat fidoyisi

Ba‘zan O‘zbekistonda yashayotgan do‘stlarimizni sog‘inamiz, og‘ir kunlarimizda biz bilan yonma-yon turgan, bizga dalda berishdan qo‘rqmagan do‘stlarimizni sog‘inamiz. Ularga minnatdorlik tuyg‘usi ichida, ko‘nglimiz emranib, birdan telefon qilgimiz keladi. Hech bo‘lmaganda, telefon orqali oddiy bir insoniy salom yo‘llagimiz keladi, ammo o‘zimizni tiyamiz. Sababi, o‘lkada ismini talaffuz etish ayb sanalgan kishilarning qo‘ng‘irog‘i bu do‘stlarga zarar keltirishi ehtimolidan andisha qilamiz. Shunday bizga vatanda aziz bo‘lgan 4-5 kishidan bittasi Turkistonning ulug‘ shoiri Abdurauf Parfi edi. Uning bizga bo‘lgan do‘stlik mehrini uzoqdan his qilib tursak-da, unga ayni mezondagi mehrimizni izhor qilaolmaganimizdan pushaymonlik tuyamiz. Bu zot vafot etdi, pushaymonlik tuyg‘usi esa kun sayin kuchaymoqda. Bu achchiq tajriba insonlarga bo‘lgan sevgimizni ular o‘lgandan keyin emas, ular tirikligida aytib qolishimizga undaydi bizni. Yuqorida tilga olingan 4-5 kishi orasida yaqinda qamoqdan chiqqan Turkiston g‘oyasining fidoyisi, o‘zbekning g‘ururlansa arziydigan mard yozuvchisi Muhammadali Mahmud (Evril Turon) ham bor. Muhammadali Mahmud 1980 yillar boshida Rus istilosiga qarshi yozilgan Turkiston milliyatchiligi g‘oyalari olg‘a surilgan ramziy asarlarni yozdi. Ular hali bosilmasdan, KGB hushyor tortdi va muallifga turli yo‘llar bilan tazyiq o‘tkaza boshladi. Yanglishmasam, 1985 yil edi, hali Qayta Qurish boshlanmagandi. Uyda edim, telefon jiringladi. Olsam, Muhammadali Mahmud. U aynan shunday dedi: "Jo‘ra, hozir meni shirkatdan(KGBdan) bir polkovnik mashinada olib ketyapti, aylanib kelamiz deyishdi. Biling-ki agar meni yo‘q qilishsa, ular yo‘q qilgan bo‘ladi", dediyu gapini bitirdi. Ollohga shukr, uning yarim kechada uyiga qaytganini o‘rgandik. Bu inson haqida men ko‘p narsa gapirishim va yozishim mumkin. Chunki bizning yoshligimiz, g‘oyadoshligimiz uzun muddat bir chizgida, bir jug‘rofiyada kechdi. Muhammadali Mahmud ila Tashkentda vidolashganimizga 20 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Meni "hayotingga xavf bor" deb, O‘zbekistonni tark etishga isror bilan undagan bu fidoiy inson keyin o‘zi qamoqqa kirdi va hech bir huquqiy sababsiz, faqat bizga do‘st bo‘lgani uchun uzoq yillar turmalarda azob chekdi. Ertaga shu insonning tavvallud kuni. Ertaga O‘zbekiston istiqlolini umrining bosh hadafiga aylantirgan bir kurashchining tug‘ilgan kuni. Unga Ollohdan mustahkam sog‘lik, millati va oilasi uchun xayrli bo‘lgan uzun va barakatli bir umr tilaymiz.