Dunyo bo‘ylab saraton tashxisi qo‘yilganlar soni keskin ortmoqda

Image copyright SPL
Image caption Dunyo bo‘ylab eng ko‘p uchraydigani - chekish tufayli kelib chiqadigan o‘pka saratoni ekan

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har yili saraton tashxisi qo‘yilayotgan insonlar soni 14 milliondan ortgan.

2008 yil saratonga chalinish hollari 12.7 million deya qayd etilgandi. Bu 2012 yil bilan solishtirganda anchayin tez sur‘atda o‘sishdir.

Mazkur vaqt asnosida hayotdan ko‘z yumganlar soni ham 7.6 milliondan 8.2 millionga ko‘tarilgan.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda hayot tarzining keskin o‘zgarishi saraton hollari oshishi ortidagi sabablardan biri sifatida ko‘rsatiladi.

Chekish va ortiqcha vazn, shu bilan birga, o‘rtacha umr ko‘rish muddati ko‘tarilgani ham saraton xastaliklari ortidagi omillar sifatida tilga olinadi.

Dunyo bo‘ylab eng ko‘p uchraydigani esa - chekish tufayli kelib chiqadigan o‘pka saratoni ekan.

Bugun yer yuzida 1.8 million insonga xuddi shunday tashxis qo‘yilgan va bu jami saraton hollarining 13 foizini tashkil qiladi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘krak saratoni ham "keskin o‘sgan"ini aytmoqda.

Ko‘krak saratoni va ayni xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumish hollari 2008 yilga qaraganda sezilarli ravishda ortgan.

Saratonning mazkur turi bugun 140 mamlakatdagi ayollar orasida eng ko‘p uchraydi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Saraton xastaliklari bo‘yicha tadqiqotlar agentligidan Devid Forman "ko‘krak saratoni dunyoning kam rivojlangan mamlakatlarda eng ko‘p o‘limga sabab bo‘layotgan xastalik" ham ekanini aytadi.

"Saraton hollarining ortishi qisman hayot tarzidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq", deydi u.

Boshqa tarafdan, Devid Formanga ko‘ra, buni tibbiyot sohasida kasallikka qarshi kurash sohasidagi taraqqiyot mazkur mintaqalarda yashayotgan ayollarga yetib bormayotgani bilan ham tushuntirish mumkin.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlarda xastalik alomatlarini aniqlash, tashxis qo‘yish va davolash "zudlik bilan" rivojalantirilishi zarur.

Tashkilot 2025 yilga borib, saratonga chalinganlar soni yiliga 19 milliondan ortishi mumkin.