Tarixda yuz bergan yirik zilzilalar "qayddan tushib qolgan"

Image copyright Other

Olimlarga ko‘ra, o‘tmishda avval aytilganidan ko‘ra ko‘proq yirik yer silkinishlari yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilar XIX asrdagi 8.5 balldan yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan zilzilalar yarmi qayddan tushib qolganiga ishonadilar.

Ro‘yxatdan tushib qolgan yer silkinishlarini aniqlash uchun olimlar tarixiy hujjatlarni ko‘tarishgan.

Tadqiqotlar natijalari esa, San-Frantsiskoda Amerika geofizika ittifoqi yig‘inida taqdim etilgan.

AQSh Geologik xizmatidan Syuzen Xauning so‘zlariga ko‘ra, "agar statistik manzarani chizishga urinsangiz, XIX asrda juda oz zilzila yuz bergan"dek ko‘rinadi.

Odatda 8.5 balldan yuqori yer silkinishlari juda katta vayronagarchiliklarni keltirib chiqaradi.

2004 yil Hind Ummonida halokatli tsunamini vujudga keltirgan, 2010 yil Chilini larzaga solgan va Yaponiyada 2011 yil kuzatilgan zilzilalar bunga misol bo‘ladi.

Biroq, bunday yirik ko‘lamdagi tabiiy ofatlar XX asrga qilingan qaydlardan g‘alati bir tarzda tushib qolgan.

Tarix qatida yashirinib qolgan zilzilalar

"Seysmometrlar 1900 yillarda rivojlangandi. Ular qo‘lga kiritilishi bilan zilzilalar ko‘rsatkichi yirikroq ko‘rina boshladi", deya tushuntiradi Syuzen Xau.

Tadqiqotchilar XX asr boshlarigacha sodir bo‘lgan yer osti silkinishlari borasidagi ma‘lumotlarni aniqlash uchun tarixiy hujjatlarga murojaat qilishmoqda.

Syuzen Xau XVIII va XIX asrlardagi ko‘plab katta miqyosli zilzilalar qayd qilinmaganiga ishonadi.

Uning aytishicha, bir sabab 8.5 balldan yuqori bo‘lgan yer silkinishlari ulkan tsunamini keltirib chiqarishi kerak degan taxminlardir.

"Biroq, har doim ham bunday bo‘lmaydi va ayrim silkinishlar ko‘rsatkichi noto‘g‘ri hisob-kitob qilingan", deydi Xau xonim.

Rossiyaning Kamchatka mintaqasida 1841 yil yuz bergan zilzila bunga misoldir. O‘shanda silkinish darajasi 8.3 deya tusmollangan, biroq olimning ishonishicha, bu 9.2 ballni tashkil qilgan bo‘lishi mumkin.

1843 yil Kichik Antil orollari larzaga solgan silkinish - ikkinchi misol.

"O‘shanda zilzila ko‘rsatkichi 8 balldan past deya qayd qilingan. Ammo, silkinishni yer yuzining chorak qismida sezish mumkin bo‘lgan ekan".

"Tarixdan ogohlantirishlar"

Tadqiqotchilarning aytishlaricha, qayddan tushib qolgan zilzilalarni aniqlash kelgusida qachon va qayerda bu kabi ofatlar kutilayotgani borasida bashorat qilishga yordam beradi".

San-Frantsisko yig‘inida yana bir tadqiqot natijasi taqdim qilingan. Olimlar 1000-1900 yillarda yuz bergan yer silkinishlari borasidagi ma‘lumotlar bazasini tuzib chiqishgan.

Shu bilan birga tadqiqotchilar jamoasi tarixiy hujjatlar orqali zilzilalar katalogini yaratish ustida ishlashgan.

Britaniya geologiya kuzatuvlar markazidan Rojer Mussonning aytishicha, bunday ma‘lumotlar "tarixdan ogohlantirish" sifatida xizmat qiladi.

"Misol uchun, Fukushima halokati payti odamlar bu qadar yirik miqyosli tsunami yuz berganidan hayratga tushishdi", deydi Rojer Musson BBC bildan suhbatda.

"Biroq, bu avval ham kuzatilgan. 9 asrda shunga o‘xshash tarixiy zilzila yuz bergan".

Olim 2010 Haitida sodir bo‘lgan halokatli yer silkinishini yana bir misol o‘laroq keltiradi.

"U yerdagi hodisadan hayratga tushish kerak emas. XVIII asrda juda o‘xshash zilzila yuz bergandi", deya qo‘shimcha qiladi janob Musson.