Nelson Mandela motam marosimidagi soxta tarjimon tekshirilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Marosimda qatnashgan qulog‘i kar odamlar surdotarjimon mavjud bo‘lmagan belgilarni ishlatganligini aytib, uni tovlamachilikda ayblashgan

Janubiy Afrika sobiq prezidenti Nelson Mandelaning motam marosimida surdotarjimonning ma‘nosiz soxta harakatlar qilgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Biroq ma‘nosiz qo‘l harakatlari qilganlikda ayblanayotgan tarjimonning o‘zi o‘sha paytda shizofreniya (vos-vos) kasali tutib qolganini bildirgan.

Mahalliy gazetaga intervyu bergan Tamsanga Dyantiy Obama nutqi paytida "faqat ovozni eshitgan" va unda gallyutsinatsiya holati boshlangan.

Marosimda qatnashgan qulog‘i kar odamlar tarjimon mavjud bo‘lmagan belgilarni ishlatganligini aytib, uni tovlamachilikda ayblashgan.

Marosimga kar-soqov tili tarjimonini taklif qilgan agentlik xodimi qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan.

Tamsanga Dyantiyning jurnalistlarga aytishicha, SA Interpreters tashkilotida katta tarjimon hisoblanadi.

Motam marosimi vaqtida u sahna oldidagi nutq irod qiluvchilar, jumladan AQSh Prezidenti Barak Obama, Nelson Mandelaning nevaralari oldida turgan va ularning gaplarini tarjima qilgan.

Uni butun dunyoda ko‘rishlari mumkin bo‘lgan. Janubiy Afrikaning nogironlik bo‘yicha vazir o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, bunday tovlamachi odamning Mandela marosimiga qanday ruxsat olgani tekshirilmoqda.

Dyantiy o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni inkor qilarkan, marosim boshlanganda muvozanatni yo‘qotib, noaniq ovozlarni eshita boshlaganini ta‘kidlaydi.

"Men hech narsa qila olmasdim. Men juda xavfli holatda edim", deydi u Yoxannesburgning ro‘znomasiga.

"Men ko‘pgina katta tadbirlarda tarjimonlik qilganman.

Men o‘zimni qo‘lga olmoqchi edim, butun dunyoga nima bo‘layotganini ko‘rsatmaslik uchun o‘zimni qo‘lga olmoqchi bo‘ldim. Lekin afsuski, uddalay olmadim".

Shu bilan birga u o‘zining ishidan qoniqqanligini ham qo‘shimcha qilib o‘tadi.

Jantiyyaning motam marosimidagi qilig‘i Janubiy Afrikadagi soqov-kar tomoshabinlarning g‘azabini keltirgan, bu mavzudagi bahslar tinmayapti.

Parlamentdagi birinchi kar-soqov deputat Vilma Nyuxoudt-Dryuxen "Bu tarjimon sahnada bema‘niliklar qildi. U qo‘l harakatlaridan xabarsiz. Uni yo‘qoting iltimos, deb yozdi Twitterdagi sahifasida.

Janubiy Afrikaning boshqaruvdagi partiyasi Afrika Milliy Kongressi parlament bilan birga motam marosimini o‘tkazishni zimmasiga olgan.

Dyantiy avval ham Afrika Milliy Kongressi uchun ishlagan. Ilgari olingan videokadrlarda uni prezident Yakob Zuma oldida turganini ko‘rish mumkin.

Janubiy Afrikadagi tarjimonlar institutiga ko‘ra, Dyantiyaning tarjimonligi borasida ilgari ham shikoyatlar tushgan, lekin hukmron partiya bunga e‘tibor qaratmagan.

Ayni paytda hukumat ushbu hodisani tekshirayotgani va "imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlari va qadrlari albatta himoya qilinishi"ni va‘da bergan.