Turkmanistonda saylovlar o‘tkazishdan "ma‘ni yo‘q"

Image copyright AFP
Image caption Janob Berdimuhamedov tobora o‘zining o‘tmishdoshiga o‘xshab borayotgani aytiladi

Xalqaro Amnistiya inson haqlari tashkiloti Turkmanictonda yakshanba kuni o‘tishi kutilayotgan parlament saylovlarini "ma‘nisiz" deya tanqid qilgan.

Tashkilot chiqargan hisobotda aytilishicha, muxolif siyosiy partiyalar va mustaqil matbuot bo‘lmagan, umumiy qo‘rquv muhiti hukmron bo‘lgan bir sharoitda saylovlar o‘tkazishdan ma‘ni yo‘q.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti turkman hukumatini islohotlar borasida aravani quruq olib qochishda ayblaydi.

"Turkmaniston hukumati faqatgina xalqaro hamjamiyatni o‘ziga og‘dirish uchun islohotlar haqida safsata sotdi", deyiladi hisobotda.

Tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari Jon Dalxizenning aytishicha, yillar davomida Turkmanistonda hukm surayotgan total repressiyalar, barcha asosiy inson haqlarining inkor etilishi va umumiy qo‘rquv manzarasida kelayotgan saylovlar hech qanday ma‘no kasb etmaydi.

"Va har qanday muvaffaqiyat, bu shunchaki yolg‘on", - deydi Amnistiya vakili.

"Baxtiyorlik davri"mi?

Tashkilotga ko‘ra, gaz va neftga boy, strategik muhim jo‘g‘rofiy hududda joylashgan mamlakat rahbariyati 2012 yilda, o‘zining aytishicha, ikkinchi siyosiy partiyaning tuzilishiga olib keladigan islohotlarni boshlagan edi.

Nazariy jihatdan ushbu islohotlar mustaqil ommaviy axborot vositalarining paydo bo‘lishiga ham olib kelishi kerak edi.

"Turkmaniston: baxtiyorlik davrimi yoki o‘sha-o‘sha qatag‘onlar?" deb nomlangan hisobotda aytilishicha, yaqinda amalga oshirilgan islohotlar amalda hech qanday natijaga olib kelmagan.

"Ulardan maqsad jahon hamjamiyatini chalg‘itish", - deydi tashkilot vakili Jon Dalxizen.

Uning fikricha, xorijlik sarmoyadorlar bu qadamlarga aldanmasliklari yoki turkman hukumati bilan hamkorliklarini oqlashga urinmasliklari lozim.

"Hanuzgacha Turkmanistonda bironta ham haqiqiy muxolif partiya, mustaqil axborot vositasi yo-da inson huquqlari tashkiloti yo‘q", - deb ta‘kidlagan Xalqaro Amnistiya vakili.

"Qora ro‘yxat"

Tashkilotning Turkmanistondagi manba‘laridan ma‘lum bo‘lishicha, odamlar biron nojo‘ya gap aytib qo‘yishdan qo‘rqqanlari uchun bir-birlari bilan muloqot qilishdan qochishadi.

Davlat fuqarolardan o‘z sha‘niga aytiladigan har qanday tanqidni hukumat idoralariga yetkazilishini kutadi va siyosat haqidagi gaplar ochiq aytilmaydi.

Hukumatning rasmiy nuqtai nazaridan farqli fikr bildirganlarga davlat dushmanlariga qilingandek muomala qilinadi.

Har qanday axborot almashuv davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi.

Hukumat internet va telefon so‘zlashuvlarini kuzatish uchun katta miqdorda mablag‘ ajratgani haqida xabarlar olingan.

Ma‘lum bo‘lishicha, 37 mingdan ko‘proq odam-o‘zgacha fikrlovchilar, diniy jamoalar vakillari va ularning yaqinlari "qora ro‘yxat"ga tushgan va ularning, hatto tibbiy muolaja uchun ham xorijga chiqishlari taqiqlangan.

Xalqaro Amnistiya ham mamlakatga kirishi taqiqlangan tashkilotlar orasida.

Mamlakat hibsxona va jazo muassasalarida qiynoqlarning keng tarqalgani aytilgan hisobotda qiynoq turlari sanab o‘tilgan.

Jumladan, iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majburlangan shaxslarning tirnoqlari ostiga igna tiqish, elektroshok usuli, muntazam jinsiy zo‘rlash, psixotrop moddalar, tayoq va suv to‘ldirilgan butilkalar bilan urish hollari keng tarqalgan.

Xalqaro Amnistiya jahon hamjamiyatini turkman hukumati bilan muloqotlar chog‘ida siyosiy va fuqaroviy erkinliklar, inson haqlarining poymol etilishi masalalarini nazardan qochirmaslikka chaqirgan.