Yanukovich Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuvni imzolashi mumkin

Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha vakili Katrin Ashtonning jurnalistlarga aytishicha, Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich va nihoyat Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuv bitimini imzolashi mumkin.

Kiyevda prezident bilan uch soat davomida muzokaralar o‘tkazgan Ashton xonimga ko‘ra, Yanukovich unga Ovro‘po Ittifoqi bilan bitimga kelish maqsadi bo‘lganini bildirgan.

Katrin Ashton Kiyevdagi namoyishchilarni politsiya tomonidan kuch bilan tarqatilishiga o‘zi guvoh bo‘lgan.

Hukumatga qarshi norozilik namoyishlari Kiyevni go‘yoki falajlab qo‘yganini aytgan u Bryusseldagi chiqishida.

Biroq Ovro‘po Ittifoqi bilan kelishuv qachon amalga oshishi hali ma‘lum emas.

Ukrainani esa namoyishlarning tobora katta to‘lqini egallab olmoqda. Kecha ham yuzlab namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashganlar. Politsiya ularni to‘qmoqlar bilan urgani xabar qilingan. Namoyishchilar ham politsiyaga qarata shlangdan muzdek suvni purkaganlar.

Xavfsizlik kuchlari markaziy maydonlardagi to‘siqlarni buzib tashlaganidan so‘ng namoyishchilar uni qaytadan qura boshlashgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hukumat kuchlarining namoyishchilarga qarshi yurishini qoralagan.

"Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukraina hukumatining Kiyevning Maydan maydonidagi tinch namoyishni demokratik huquqlarga va insoniy qadriyatga bo‘lgan hurmat o‘rniga g‘alayon politsiyasi, buldozerlar va to‘qmoqlar bilan qarshi olganidan jirkanganini izhor qiladi", - deb aytgan janob Kerri.

"Bu kabi munosabat nomaqbul, va u demokratiyaga to‘g‘ri kelmaydi", - deydi u.

AQSh vaziyat shu tarzda davom etsa, Ukraina hukumatiga qarshi sanktsiyalar kiritilishini bildirdi. Shu bilan birga Ukraina hukumatini Ovro‘po Ittifoqi va muxolifat bilan muzokaralar stoliga o‘tirish va xalqning talabiga quloq solishga chaqirdi.

Dushanba kuni Prezident Yanukovich o‘z hukumati vakillari bu hafta Ovro‘po Ittifoqi bilan muzokaralarni qayta boshlash uchun Bryusselga yo‘l olishlarini ma‘lum qilgan.

Ommaviy namoyishlar hukumatning Ovro‘po Ittifoqi bilan yaqinroq munosabatlarni ta‘minlovchi bitimni imzolashdan bosh tortishi tufayli kelib chiqqan.

Ukraina hukumatining bu qadamiga Rossiya rahbariyatining bosimi sabab bo‘lgani aytilgandi.