O‘zbekiston haqida Uzwebiston

Rossiyadagi noqonuniy muhojirlarning har to‘rttadan bittasi – o‘zbekistonlik

Image caption Rossiyadagi o‘zbek muhojiri kimni uyaltiradi?

Axborot dunyosi bilan xayrlashayotgan "RIA Novosti" agentligiga ko‘ra, Rossiya hududida 3,5 million nafarga yaqin noqonuniy muhojir bor.

Mulozimlarga ko‘ra, har kuni o‘rtacha 3 ming nafarga yaqin noqonuniy muhojirning Rossiyaga kirish huquqi avtomatik tarzda bekor bo‘lmoqda.

Bugungi kunga kelib qariyb yarim million chet el fuqarosi Rossiyaga kirish huquqidan mahrumdir.

Qizig‘i, ayrim web sahifalar noqonuniy muhojirlarning aksariyati, qariyb bir millioni o‘zbekistonliklar, yana yarim millioniga yaqini esa tojikistonliklar ekanini aytishmoqda.

Bu bir paytlar "azamat o‘lkada" yashayotgan 10 milliondan ortiqroq xorijiy fuqarolarning 23 foizi o‘zbekistonliklar ekan.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ta‘biricha, "dangasa" mehnat muhojirlari prezidentni "uyaltirib" ko‘cha supurishadi va boshqa og‘ir mehnatlar bilan band bo‘lib birgina 2012 yilda vatanga qariyb 6 milliard AQSh dollari jo‘natishadi...

Vatanda qolganlar esa... "Zarafshon" gazetiga ko‘ra, ayrim kam ta‘minlangan oilalar "boqimandalik kayfiyatidan voz kechishi qiyin bo‘layotgan ekan".

Image caption "Boqimanda"larning mardikor bozori

Samarqandda kam ta‘minlangan oilalarga moddiy yordam berilgach, ularning ayrimlari bu beminnat yordamdan noto‘g‘ri foydalanishayotgani, ya‘ni, boqimandalik kayfiyatidan voz kechisha olmayotgani "Obod turmush yili" hududiy dasturi ijrosini ta‘minlashdagi kamchiliklardan biri ekanligi aytib o‘tildi. Bu haqda "Zarafshon" gazetasi xabar tarqatgan.

Viloyat hokimiyatida ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid o‘tkazilgan matbuot yig‘inida jurnalistlarga dastur ijrosi bo‘yicha ma‘lumotlar berilgan.

Ayni bir paytda bu borada kuzatilayotgan ayrim kamchiliklarga ham ularning e‘tibori qaratilgan. "Xususan, kam ta‘minlangan, oilalarga moddiy yordam berilgach, ularning ayrimlari bu beminnat yordamdan noto‘g‘ri foydalanishayapti. Ya‘ni, boqimandalik kayfiyatidan voz kechisha olmayapti", - deb yozadi nashr.

Mahalliy jurnalistlar fikricha, o‘z vazifasini bajara olmaydigan rahbarlarning aholining o‘zini ayblashi tez-tez uchraydigan holga aylanib borayotir.

...Toshkentda esa puli borlar Yangi yil bazmiga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan

Image copyright b
Image caption Lenin boboning "Yangi yilini" qanday nishonlaymiz?

2014 yil yaqinlashgan sari O‘zbekiston poytaxtidagi ko‘plab tashkilot va ishxonalarda yangi yil kechasini jamoat bo‘lib o‘tkazish borasida bosh qotirishlar ko‘payayotgan ekan.

Kimdir o‘z ishxonasida bayram o‘tirishlarini uyushtirishni ma‘qul ko‘rmoqda.

Kimlardir esa yangi yil bazmini biron-bir restoran yo kafeda nishonlamaslikni tasavvur ham qila olishmaydi.

Lekin puliga chidaganlar dabdabali ziyofatlarda qatnasha olisharmish.

Eng arzon ziyofatda qatnashish bir kishi uchun 52 ming so‘mga tushsa, eng qimmat yangi yil kutish 320 ming so‘mga tushar ekan.

Aytganday, mezon.uzda keltirilgan restoran va kafelar ro‘yxatiga ko‘ra, yangi yil yaqinlashgan sari ziyofatda qatnashish puli ham ko‘payib borar ekan.