Lola Karimova-Tillayeva o‘z opasini mahkamaga tortish bilan tahdid qilmoqda

Image caption Gulnora Karimova oiladagi mojaroda singlisi va onasini ayblagan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizlari o‘rtasidagi oshkora adovat Lola Karimova-Tillayevaning o‘z opasini mahkamaga tortish haqidagi tahdidi bilan yanada avj oldi.

Karimova-Tillayeva xonim bir bayonot e‘lon qilib, opasi o‘ziga bo‘hton qilganini da‘vo qilgan va ayni masala yuzasidan o‘z advokatlari bilan maslahatlashayotganini bildirgan.

"Yuzaga kelgan vaziyat bizga advokatlarimiz bilan maslahatlashuvlarni boshlash va Gulnora Karimovaga qarshi inson sha‘nini tahqirlovchi bayonotlar bilan bog‘liq mahkama da‘vosini ko‘rib chiqishdan boshqa imkon qoldirmaydi", deyiladi bayonotda.

Bayonotda bo‘hton ohangidagi sharhlar ijtimoiy tarmoq saytlari va matbuot orqali qilingani iddao etilgan.

Unda aynan qanday sharhlar ekani aytilmaydi, ammo Gulnora Karimova o‘z singlisini Twitter mikroblogida qayta-qayta tanqid qilgan.

Mahkamaga tortish tahdidi Gulnora Karimova Turkiyaning "Hurriyat" ro‘znomasiga batafsil musohaba berishidan bir necha kun o‘tib yangramoqda.

Unda Prezidentning to‘ng‘ich qizi o‘zi yuz tutgan muammolarda "qora piar"ni ayblaydi.

So‘nggi oylarda O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga qarshi jiddiy harakatlar boshlangan, jumladan, uning Fond Forum tashkiloti yopib qo‘yilgan.

Ushbu tashkilot yuqori darajadagi madaniy tadbirlar, qo‘shiq tanlovlari hamda ommaviy hayriya to‘ylari orqali Gulnora Karimovani ko‘z-ko‘z qilib kelgan.

O‘ziga qarshi harakatlarga Gulnora Karimova Twitter ijtimoiy tarmoq sayti orqali javob bergan va qudratli xavfsizlik xizmati doxil, davlatni boshqarayotgan asosiy shaxslar va idoralarni tanqidga tutgan.

Uning singlisi va onasi ham bu ayovsiz tanqidlardan benasib qolishmagan.

"Hurriyat" ro‘znomasiga bergan intervyusida Gulnora Karimova singlisini oiladagi mojaroga sababchi bo‘lishda ayblagan.

"Hamma narsa singlimning BBCga bergan intervyusidan so‘ng boshlandi", deb yozgan u Lola Karimova-Tillayevaning sentyabrda BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatiga ishora qilib.

Suhbatda opa-singillarning o‘n ikki yildan buyon gaplashmasliklari aytilgandi.

Image caption Lola Karimova-Tillayeva xali ham O‘zbekistonning UNESCO dagi elchisi

Gulnora, shuningdek, singlisini moliyaviy qilmishlarda ham ayblagan.

Opa-singillarning salmoqli boyliklarga egalik qilishlari haqidagi farazlar anchadan buyon aytib kelinadi.

Ularning har ikkalasi O‘zbekistonning yuqori martabali diplomatlari sifatida xizmat qilib kelishgan va hayriya tashkilotlarini boshqarganlar

Lola Karimova-Tillayeva xali ham mamlakatning UNESCO dagi elchisi.

Oilaning biznes manfaatlari haqida esa ko‘p narsa ma‘lum emas.

Sentyabrda BBCga bergan javoblarida Karimova-Tilayeva xonim Bilan jurnali o‘zi va turmush o‘rtog‘ini Shveytsariyaning eng boy odamlari ro‘yxatiga kiritganidan taajjub izhor qilgan.

"Biz o‘zimiz ham bizni Shveytsariyadagi boylarning qaysi qatoriga qo‘shishayotganlarini ko‘rib hayron qolganmiz va bugungacha turmush o‘rtog‘im bilan bu borada hazillashib kelamiz", deb aytgan u va matbuotda keltirilgan raqamlarning "haqiqatdan uzoq" ekanini ta‘kidlagan.

O‘z oilasining boyligi haqidagi savolga javob berarkan, Karimova-Tillayeva xonim turmush o‘rtog‘i savdo va naqliyot shirkatlarida o‘z hissasiga ega ekanini aytgan va u milliy tenderlar, tabiiy boyliklar bilan bog‘liq sanoatdan uzoqda turgani va hech qanday soliq imtiyozlariga ega bo‘lmaganini ta‘kidlagan.

Karimova-Tillayeva xonim o‘zlarining Jenevadagi ko‘p million dollarlik hashamatli uylari asosan ipoteka hisobidan moliyalanganini ilova qilgan.

"Hurriyat" ro‘znomasi bilan suhbatda uning opasi Gulnoradan ham boyliklari haqida so‘ralgan.

Gulnora Karimova o‘zining media va biznes imperiyalari haqidagi savoldan kulgan.

Ayni paytda u o‘zi ishlagan Shveytsariya va Frantsiya kabi mamlakatlarda ko‘chmas mulk va ma‘lum sarmoyalarga ega ekanini e‘tirof etgan, ammo ularda qonunga xilof hech narsa yo‘qligini ta‘kidlagan.