Arab bahori uchun qahraton qish

Image copyright AFP
Image caption Uch yilcha avval Tunisda jaranglagan bu sadolar Misr va undan uzoqroqda ham akslandi

Bundan uch yil avval Arab Bahori Tunisda bo‘y ko‘rsatgan edi. Bahor bilan aksariyat arablar orzuyu umidlarga g‘arq bo‘lishdi. Oradan uch yil o‘tdi. Nimalar o‘zgardi? Qaysi orzular amalga oshdi?

Tunislik shoir Abdul Qosim Echebbi bir paytlar mamlakat madhiyasida shunday satrlarni bitgan edi.

"Xalqning yashash orzusiga taqdir ham bo‘ysunajak..."

Uch yilcha avval Tunisda jaranglagan bu sadolar Misr va undan uzoqroqda ham akslandi.

Arab Bahori nomi bilan turfa voqealar birin-ketin siyosiy sahnalarni isloh eta boshladi.

Arab bahorining shabadalari hamon esmoqda, ammo Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarida ro‘y berayotgan siyosiy o‘zgarishlarda o‘sha "xalqning orzusi" va yo "xalq irodasi" avvalda bo‘lgani kabi hal qiluvchi kuch emas.

Liviyaning kuni bugun turfa va bir-biriga qarshi jangari to‘dalarga qolgan.

Misr esa demokratiya tomon qadam qo‘yishga qiynalmoqda.

Yaman Al-Qoidaga aloqador bo‘lgan zo‘ravonliklardan bezigan.

Suriyadagi urush esa insoniy inqirozni kuchaytirmoqda.

Yana bir qish qahratonida esa Tunisning Yosuman inqilobining shirin ta‘mini totish mushkul.

23 yillik hukmdor ana shu Yosuman Inqilobi tufayli ag‘darilgan edi.

Bir paytlar Tunisning tinch namoyishlari uchun sahna bo‘lgan Habib Borg‘uba xiyoboni bugun simtikan va o‘tkir simlar bilan to‘sib tashlangan.

Hech kim namoyishchilarni hukumatning muhim binolari qoshida yig‘ilishini istamaydi.

G‘azabnok olomon

Image caption Arab Bahori nomi bilan turfa voqealar siyosiy sahnalarni isloh eta boshladi

Fransa qahvaxonalari atrofi asosan ishsiz yoshlar bilan to‘lgan.

Sovuq va yomg‘irli bir kunda kasaba uyushmasi rahbarini xotirlash marosimi tezda siyosiy norozilikka aylanib ketadi.

Shiorlar ko‘tariladi. Odamlar "Ket" deya hayqira boshlashadi.

Bu kabi shiorlarni ular Prezident Ben Ali rejimiga ham qarshi otishgan edi.

Endi esa mo‘‘tadil islomchilarning qudratdagi Enhanda firqasiga "ket" demoqdalar.

Enhanda parlament saylovlarida qirq foiz ovoz olgan va ikki dunyoviy partiya bilan hukumat tuzgan edi.

Endilikda esa bu shundoq ham qaltis ittifoq qaltis bir pallaga kirdi.

O‘tish davri hukumatini tuzish va yangi saylovlar haqida gap-so‘zlar urchimoqda.

Ammo Tunis bu Misr emas.

Misrda saylangan Musulmon Birodarlar hukumati ham jamoatchilik va ham harbiylarning bosimi ostida qudratdan olindi.

Tunisda esa ular hamon muzokaralar davrasida so‘zlashmoqda.

Hamon tunischasiga chiqish yo‘lini qidirishmoqda.

Eski qudrat sohiblari esa bir chetda turishibdi.

Ular ketishgani yo‘q.

Tunis haligacha politsiya davlatidir.

Misrda esa harbiylar qudrat sohibi sanaladi.

Yamanning Abdulloh Solihi esa ortiq mamlakat rahbari emas, ammo hamon muhim siyosiy arbob..

Ayrim mamlakalarda esa muloqot emas, zo‘ravonlik, o‘lim va halokat ustivor...

Ammo o‘zgargani o‘n yillardan beri quloqni qomatga keltiruvchi sukunatning yo‘qligi...

Butun mintaqa bo‘ylab odamlar o‘z fikrlarini izhor etishni o‘rgandilar.

Ayrim holatlarda bu fikr ozodligi uchun ularni qamashmoqda...

Image copyright Reuters
Image caption "Bir narsa aniq. Yoshlar politsiyadan qo‘rqmay qolishdi. Prezidentdan ham qo‘rqishmaydi, hech narsadan qo‘rqmaydilar"

"Bir narsa aniq. Yoshlar politsiyadan qo‘rqmay qolishdi. Prezidentdan ham qo‘rqishmaydi, hech narsadan qo‘rqmaydilar", deydi mashhur tunislik jurnalist.

2011 yilning boshlarida biz Habib Borg‘uba xiyoboni katta sahnaga aylanganiga guvoh bo‘ldik.

Odamlar bu yerga yig‘ilishar va ozodlik haqida gapirishardi.

Liviyada o‘sha yil oxirlarida esa liviyaliklar o‘z qo‘shnilari bilan ochiqroq muloqot qila boshladilar.

Polkovning Qaddofiyning josuslari bo‘lishi mumkin degan hadikni uloqtirdilar.

Misrda esa..."Insonlar qudrati qudratdagi insonlardan ko‘ra kuchlidir" degan shiorni otdilar.

Hech kim ortiq Arab bahori haqida gapirmaydi

Bu nisbat eskirdi.

Ammo aksariyat ortga yo‘l yo‘q deydi.

Uch yil avval Tunisning Sidi Bouzid shahrida bozorda sabzavot sotadigan kambag‘al bir odam o‘ziga o‘t qo‘ydi.

Tarixda Muhammad Boazizi o‘ziga emas, mintaqaga "o‘t qo‘ygan" shaxs o‘laroq ta‘riflanadi.

Men Tunisga yo‘l olishimdan avval Yamanning Nobel mukofoti sohibi Tavakkol Karman bilan suhbatlashdim.

Maqsad mintaqadagi taraqqiyot masalasini tahlil qilish edi.

Albatta, ayrim muammolar o‘rtaga chiqdi, ammo hali ham umid bor...

U men Enhanda rahbari Rashid G‘annuchi bilan uchrashishimni bilar ekan, tezda bir qog‘ozga nimadir yozib berdi.

Keyinroq Tunisda Enhanda rahbari bu nomadan bir jumlani men bilan baham ko‘rdi.

"Xalqning yashash orzusiga taqdir ham bo‘ysunajak..."