Prezident Atamboyev: "Qambarota GESini baribir quramiz"

Image copyright AFP
Image caption Janob Atamboyevga ko‘ra, O‘zbekiston "siyosiy o‘yinlar"dan qo‘rqayapti

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev O‘zbekistonning qarshiliklariga qaramay, ziddiyatli Qambarota -1 GESining qurilishi nihoyasiga yetkazilishini aytgan.

Janob Atamboyev bu haqda Bishkekda, yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma‘lum qilgan.

Qirg‘iz rahbarining bildirishicha, gidroinshoot qurilishida O‘zbekistonni eng ko‘p xavotirga solayotgan narsa "siyosiy o‘yinlar"dir.

"O‘zbekiston siyosiy o‘yinlardan qo‘rqayapti", deya Prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Vecherniy Bishkek" ro‘znomasi.

Janob Atamboyevning aytishicha, u rasmiy Toshkentning xavotirlarini aritish uchun O‘zbekistonga loyihaga qo‘shilishni taklif etgan.

Ammo O‘zbekistonning javobi ma‘lum emas.

"GES Qozog‘iston va O‘zbekistonni sug‘orish mavsumida suv bilan ta‘minlash maqsadida Toshkentda loyihalashtirilgan", - deb aytgan Almazbek Atamboyev.

Unga ko‘ra, Qozog‘iston loyihaning foydasini anglab yetgan va uni amalga oshirishda hamkorlikka tayyor.

"O‘zbekiston ham ertami, kechmi, uning foydasini tushunib yetadi", - degan janob Atamboyev.

"Urushga olib keladi"

Rasmiy Toshkent Qirg‘iziston va Tojikistonning ziddiyatli gidroinshoot loyihalari mintaqada suv tizimini izdan chiqarishini aytib keladi.

O‘tgan hafta Ovro‘po Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi chog‘ida O‘zbekistonning Bryusseldagi elchisi Vladimir Norov suv yuzasidan tortishuvlar mintaqada urushga olib kelishi mumkinligini aytgan.

Avvalroq Prezident Islom Karimov ham ayni mazmundagi ogohlantirish bilan chiqqan edi.

Janob Norov Qirg‘izistonni o‘zining suv-energetika salohiyatidan noto‘g‘ri maqsadda foydalanayotganlikda ayblagan.

Ayni paytda O‘zbekiston Qozog‘iston bilan suvdan foydalanishga doir shartnomani ratifikatsiya qilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik bitimining bir qismi bo‘lgan shartnomada suvdan foydalanish borasida qo‘shni davlatlarning mavqeyi bir-biriga to‘g‘ri kelishi ta‘kidlangan.

Hujjatda chegara osha daryolarda yangi gidroinshootlar qurish doxil barcha masalalar mintaqadagi hamma davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda xalqaro huquq normalari doirasida hal etilishi kerakligi ta‘kidlanadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston gidroinshoot loyihalarini qish mavsumida o‘zlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojlari bilan tushuntirishadi.

Bishkek va Dushanbega ko‘ra, gidroinshootlar qurilishi mintaqadagi barcha davlatlar uchun manfaatlidir.