Toshkentda "Bazar Art" ko‘rgazmasi o‘tkazilmaydigan bo‘ldi

Image copyright none
Image caption Bazar Art tadbiri 2007 yildan buyon har yili o‘tkazib kelingan

Bu haqda Fond Forumning rasmiy web sahifasida e‘lon qilindi.

Ko‘rgazma 14-16 dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi.

"Toshkent aholisi va mehmonlari orasida mashhur bo‘lgan, rassomlar uyushmasi, san‘atshunoslar va "Ijod" xalq ustalari uyi hamkorligida tashkil qilingan tadbir o‘tkazilishiga Toshkent shahar hokimiyatidan ruxsat berilmadi. Biz Toshkent shahar hokimligi va shaxsan janob Usmonovga bu xabar garchi minglab tashrif buyuruvchilarni norozi qilgan bo‘lsada, o‘z vaqtida ogohlantirganlari uchun minnatdorchilik bildiramiz", deyiladi Fond Forum bergan xabarda.

"Xalq hunarmandlari va sulolari uchun foydali bo‘lgan chiroyli an‘ana amalga oshmay qolganidan afsusdamiz. Sizdan uzr so‘raymiz, tushunganingiz va ishtirok etganingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz" deyiladi shuningdek.

"Bazar Art" tadbiri 2007 yildan buyon har yili o‘tkazilgan. Fond Forumning boshqa tadbirlari singari unga ham xorijiy mehmonlar taklif qilingan.

Tadbirda viloyatlardagi xalq ustalari, hunarmandlarning asarlari namoyish qilinib, ular pul mukofotlari bilan taqdirlangan.

O‘zbekistondagi internet nashrlarining xabar qilishicha, Fond Forum tashkil qilib kelgan MTVA yillik taqdimoti ham bu yil bo‘lmaydi. Uning o‘rniga 20 dekabrda Madaniyat vazirligi, O‘zbeknavo va O‘zbekiston Teleradiokompaniyasi hamkorligida "E‘tirof-2013" o‘tkaziladi.

O‘tgan yilgi musiqa, kino va televideniye ijodkorlarining MTVA 2012 taqdimot marosimida Gulnora Karimova o‘z otasiga bag‘ishlab milliy o‘zbekcha rusumidagi qo‘shiqni ijro etgan.

Qo‘shiqda "Yana bir bor sochim mayda o‘ring otam... Istasangiz men o‘g‘ilning o‘rnin bosay..." kabi misralar bor edi.

Tazyiqlar ortida

Noyabr oyining oxirida Gulnora Karimova o‘zining homiyligi ostidagi "Fond Forum" jamg‘armasi o‘z faoliyatini to‘xtatayotgani haqida ma‘lum qilgandi.

Oxirgi ikki oy mobaynida O‘zbekistonda Gulnora Karimova qarashli ekani ishonilgan qator tashkilotlarga reydlar uyushtirilgani, asosan bu tashkilotlar faoliyatini yoritish bilan shug‘ullangan qator telekanallar yopib qo‘yilgani xabar berildi.

Karimova xonim o‘zi va unga tegishli bo‘lgan tashkilotlarga qarshi tazyiqlar ortida milliy xavfsizlik xizmati raisi bilan birga onasi Tatyana Karimova turganligini yozdi.