O‘shda qor yog‘di, jabrdiyda aholi, hatto, poyafzalga muhtoj

Image copyright bb

Agar, mahalliy inson huquqlari faollarining so‘zlariga tayanilsa, Qirg‘iziston janubidagi so‘nggi milliy nizo jabrdiydalarining yarmidan ko‘prog‘i oradan uch yil o‘tib ham, qishli-qirovli kunlarni xalqaro yordamga muhtoj ahvolda qarshi olishgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Mana, bugun qor yog‘ishni boshladi. Kun sovuq. Ko‘pchilikda, har yilgidek, ko‘mir yo‘q, o‘tin yo‘q. Odamlarning baxtlariga faqatgina shu elektr energiyasi arzon. Bir kilovatti 8 somdan. Shuning evaziga ko‘pchilik aholi elektr plitkalari bilan uylarini istib, amallab o‘tirishibdi", - deydi biz bilan suhbatda o‘shlik faol Izzatulla Rahmatullayev.

Faolning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat jabrdiyda oilalar hozirga kelib doimiy uylarga ko‘chib o‘tishgan. Ammo pishiq g‘ishtdan "chiroyli qilib qurib berilgan" bu uylar ko‘pchiligining ichida deyarli hech vaqosi yo‘q", - deydi u kishi.

"Agar, to‘g‘risini aytsam, bu odamlarning o‘sha to‘rtta devordan boshqa hech narsasi yo‘q. Uylarining ichiga kirsangiz, o‘zbekchasiga aytadigan bo‘lsam, sichqonlar hassa tayanib yuribdi. Uyni qurib bergan bilan uning ichida uy-ro‘zg‘or anjomlari yo‘q. Avvalgidek, mebel, muzlatgich, boshqa maishiy texnikalar yo‘q. Shu qo‘p-quruq to‘rtta devordan boshqa hech narsasi yo‘q".

"Odamlar bugun oddiygina poyafzal, kiyim-kechak va oziq-ovqatga muhtoj", - deydi o‘shlik faol.

U kishi hozirga kelib, bir tonna ko‘mirning bahosi besh yarim ming somga chiqqani, bozorda serob ekaniga qaramay, uni sotib olish uchun aksariyat aholida pul yo‘qligini aytadi.

"Qirg‘izistonda asosan etnik o‘zbeklar ishsiz. Yozda eplab, to‘rt-besh som ishlab, ko‘mir-o‘tin qilib olganlarniki bor, endi. Lekin ko‘pchilikda yo‘q".

Suhbatdoshimizning bizga aytishicha, bugun ham aholining 90 foizi ishsiz va tirikchiligi chetda mehnat muhojirligida band yaqinlarining yuborayotgan pullariga qarab qolgan.

Qish va narx-navolar

Ustiga ustak, mintaqadan olingan xabarlarga ko‘ra, o‘tgan noyabr oyidan buyon bozoru do‘konlarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari bir necha barobarga qimmatlagan.

"Sabzavotlarning narxlari ko‘tarilishni boshladi. Un qimmatlab ketdi. Go‘sht, mana, bir kilosi 320 somga chiqdi. Un, makaron mahsulotlari 30-40 foizga qimmatlab ketdi bugungi kunda", - deydi faol biz bilan suhbatida.

U kishi keltirayotgan raqamlarga tayanilsa, bugun mahalliy aholining o‘rtacha daromadi 100-150 AQSh dollarini tashkil qiladi va bu pulga bir qop un, makaron va sabzavotiga yetadi.

"Buning ichidan to‘lashsa, "svetga" to‘lashadi, agar bo‘lsa, gazga to‘lashadi".

Ammo, suhbatdoshimiz, shunda ham, besh qo‘l barobar emasligini alohida ta‘kidlaydi.

"Agar, yon-atrofimdagilarni aytadigan bo‘lsam, bizning idoramiz Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan. Atrofimizdagilar, endi, o‘rtahol. Asosiy mahsuloti kartoshka, makaron, karam, sabzavot, shu-da. Oylab go‘sht ko‘rmaganlar bor".

Faol mavjud vaziyat haqida o‘zlari kabi nodavlat tashkilotlari xalqaro tashkilotlarga hisobot berishayotgani, biroq "mahalliy hokimiyat o‘zlari berayotgan ma‘lumotlarni chetga surib", vaziyatni "yaxshi qilib ko‘rsatishayotgani"ni aytadi. "Ikki tomonlama standart bo‘layapti", deydi u.

Suhbatdoshimiz, eng so‘nggida, aksariyat aholi faqat bugungi kuni bilan yashayotgani va ertaga nima bo‘larkin, degan qo‘rquvda ekanini aytadi.

"O‘zingizga ma‘lum, mana, hozir O‘shda mitingchilar bor. Ahmad Keldibekovning tarafdorlari bor. Yaqinda Melis Mirzakmatovning tarafdorlari chiqishdi. Nima desam bo‘ladi, shaharda bir tinchlik, osoyishtalik sezilmaydi-da. Doim odamlar, xuddi, ignaning ustida o‘tirgandek o‘tirishadi. Endi, manovi mitingchilar o‘zbeklar mahallasiga yurish qilib yuborisharmikan yoki bir ziyon keltirisharmikan, degan doimiy qo‘rquvda o‘tirishadi bu o‘zbeklar..."

Tarixcha o‘rnida

Qirg‘iziston janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida 2010 yil yozida kelib chiqqan milliy nizolar yuzlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgandi.

Minglab uy-joy va tijoratlarga o‘t qo‘yilgandi.

Orada kechgan vaqt davomida qirg‘in asoratlarini bartaraf etish uchun muayyan ishlarga qo‘l urilgan, vayron bo‘lgan binolarning aksariyati qayta tiklangan.

Odamlar ham o‘sha kunlarni unutish, hayotlarini izga qo‘yishga urinishmoqda.

Ammo mahalliy faollar qirg‘indan jabr ko‘rgan aholining aksariyati oradan uch yil o‘tib ham, har tomonlama yordamga muhtoj ekanliklarini aytishadi.

Mahalliy faollarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bugungi kunda jabrdiyda oilalarga na-da davlat va na-da xalqaro tashkilotlar tarafidan yordam beradigan odam yo‘q.