Janubiy Afrika: Nelson Mandelaning jasadi tuproqqa topshirildi

Image copyright AP

Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli prezidenti Nelson Mandelaning dafn marosimi u tug‘ilib o‘sgan Sharqiy Keypda, Qunu qishlog‘ida boshlangan.

Dafn marosimi maxsus o‘rnatilgan ulkan oq chodir ichida bo‘lib o‘tgan.

Dafn marosimiga to‘rt yarim mingdan ortiq kishi kelgan.

Marosim yakunida oila a‘zolari va eng yaqin do‘stlari, jumladan uning bevasi Grasa Mashel va Janubiy Afrika Prezidenti Yakob Zuma ishtirokida Mandela jasadi yerga qo‘yildi.

Dafn marosimi rasmiy va an‘anaviy odatlar asosida bo‘lib o‘tgan. Tobut ustiga yo‘lbars terisi yopishgan.

Qunuliklar Mandelaning uyiga eltadigan yo‘l yoqalarida kutib o‘tirishgan. Milliy kiyimdagi ayollar Mandela haqida qo‘shiqlar aytib, raqsga tushganlar.

Ayollardan biri uning saxiyligi, mehribonligi yetishmasligini aytadi: "Har Rojdestvoda u bizning bolalarimizga kiyimlar tarqatardi. U bizning Isomiz edi", deydi ayol yig‘lab.

Qunuliklar Mandelaning o‘limini shaxsiy yo‘qotishlari kabi qabul qilishgan. Shu bilan birga qishloq aholisi dunyoning yetuk siyosatchisi darajasiga ko‘tarilgan inson o‘zlarining qishlog‘ida tug‘ilganidan faxr hissini tuyganlar.

Nelson Mandela bilan vidolashuv

Image copyright AFP

Bir kun oldin Afrika Milliy kongressi a‘zolari Nelson Mandela xotirasiga so‘nggi bor hurmat bajo keltirganlar.

Mandelaning tobuti oldida gapirgan nevarasi Mandla bobosi "dam olish uchun uyiga ketish arafasida"ligini aytgan.

Pritoriyada oxirgi uch kunda Nelson Mandela bilan vidolashuv uchun kamida 100 ming kishi tashrif buyurgan. Navbat uzunligidan ko‘p odamlar qaytib ketishlariga to‘g‘ri kelgan.

Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Nelson Mandela 5 dekabrda 95 yoshida vafot etdi.

Mandelaning motam marosimiga kelgan ko‘pgina davlat rahbarlari dunyoni o‘zgartirgan inson xotirasiga vidolashuv so‘zlarini izhor etishgan.

"Biz uchun uning o‘rni bilinadi... U bizning otamiz edi, bizning himoyachimiz edi. U hammaga o‘xshamaydigan odam edi". "Biz uni har doim qalbimizda saqlaymiz", deb aytgan Janubiy Afrika Prezidenti Yakob Zuma.