Rossiyadagi "Muhojirlik va qonun" markazining xodimi Yulduz Otaniyozovaga savol bering

Image caption Huquqshunos Yulduz Aminova Rossiyada "Muhojirlik va qonun" markazini ochish zaruriyat bo‘lganini aytadi

Yulduz Otaniyozova (Aminova)1963 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli shahrida tug‘ilgan.

Otasi Otaniyozov Amin Ikkinchi Jahon Urushi qatnashchisi. Xo‘jaylida uzoq yillar kolxoz raisi bo‘lgan. Onasi Neytullayeva O‘bay. Ikkovlari ham olamdan o‘tishgan.

Yulduz Otaniyozova 1980 yil Toshkent Davlat Universitetining rus filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirgan.

Universitetni bitirib, Xo‘jaylidagi o‘rta maktabda rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi.

1985 yil Turkmaniston, Qoraqalpog‘iston va Xorazm vakillari ishtirokida xalqaro muammolar bo‘yicha davra suhbatlari tashkil qilgan.

Yulduz Otaniyozova qayta qurish boshlangan 1986 yilda o‘zi ishlayotgan maktab o‘quvchilarini paxtaga borishiga qarshi chiqib, komsomol qo‘mitasi rahbari sifatida ularni paxtadan olib qoladi.

"O‘shanda o‘quvchilarni darsdan bo‘sh vaqtida foydali mehnatga jalb qilib, buning evaziga maosh ham olishlariga erishgandik", - deydi u.

Biroq shundan keyin o‘zida yuqori tashkilotlar bilan muammolar boshlangani, kolxoz raisi bo‘lgan otasiga shikoyatlar tushgani sababli ishdan bo‘shaydi.

Avvaliga Nukusdagi tarix instituti, so‘ngra Moskvadagi Tilshunoslik institutida o‘qiydi.

Biroq 1991 yil "Zamonaviy Qoraqalpoq tilining tuzilishi" to‘g‘risidagi nomzodlik ishini yoqlash arafasida institutda "turkiy tillarning qizig‘i yo‘q" deb uning mavzusi bekor qilinadi.

Yulduz Otaniyozova Moskvadagi yuridik institutida tahsil olib, 2002 yil nomzodlik ishini yoqlaydi.

2005 yilda huquqshunos sifatida O‘zbekistondan kelgan fuqarolarning muammolari bilan shug‘ullanadi.

Fuqarolik muammolarini hal qilish jarayonida Rossiyadagi mehnat muhojirlariga yordami tegadigan jamoatchilik tashkilotini ochish zarurligini tushunadi.

Shu tariqa "Muhojirlik va qonun" markazi ishga tushadi. Yulduz Otaniyozova ayni paytgacha ushbu markazda faoliyat yuritib kelmoqda.

Ikki farzandi bor.

Yulduz Otaniyozova(Aminova)ga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.