Turkmanistonda ko‘p partiyaviy parlament saylovida ovoz berildi

Image copyright AFP Getty

Turkmanistonda ilk bor ko‘p partiyaviy parlament saylovida ovoz berish o‘tkazilgani xabar qilinmoqda.

15 dekabr Turkmaniston Mejlisiga saylov kuni deb e‘lon qilingan.

Ovoz berish ertalabki soat 7 dan kechki soat 19 gacha belgilangan.

Turkmaniston saylov komissiyasi ovoz berish huquqiga ega fuqarolar sifatida 3 million 63 kishi ro‘yxatga olinganini va saylovchilar ovoz berishda faol ishtirok etganlari haqida xabar tarqatgan.

Parlament sayloviga 283 nomzod ro‘yxatga olinganini ma‘lum qilganlar Turkman rasmiylari.

Shundan 125 nafari parlamentdagi o‘rinlarni egallashi lozim.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ushbu saylovni Turkmanistonning demokratiya tomon taraqqiyotida muhim qadam, deb ta‘riflagan.

Biroq Xalqaro Amnistiya tashkiloti gazga boy Markaziy Osiyo mamlakatdagi saylovni xo‘jako‘rsin tomosha, deb tanqid qilgan.

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotiga ko‘ra, bu saylov Turkmanistondagi yalpi repressiya, asosiy inson huquqlari poymol etilayotgani muhitiga to‘g‘ri kelmaydi va mamlakatda haqiqiy muxolifat partiyasi ham, mustaqil ommaviy axborot vositasi ham va mamlakat ichkarisida emin-erkin faoliyat yuritadigan birorta ham mustaqil inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti yo‘q.

Shu yil Prezident Berdimuhamedov mamlakatdagi Demokratik partiya rahbarligidan voz kechishi haqida e‘lon qilgan, o‘zining ushbu qadami Turkmanistonda demokratiyani rag‘batlantirishi haqida aytgan edi.

O‘tgan yili Turkmanistonda Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi tashkil etilgan va bu partiya Prezident Berdimuhamedovga sodiq ekanligi haqida e‘lon qilgan.

Turkmaniston saylov idorasi Demokratik partiya, Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasi, Kasaba uyushmalari birlashmasi, Xotin-qizlar uyushmasi, Maxtumquli nomidagi yoshlar tashkiloti va fuqarolar guruhlaridan nomzodlarni ro‘yxatga olgan.

Turkmanistondagi saylovga ilk bor Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti o‘z missiyasini yuborgan, biroq bu missiya ovoz berish, byulletenlarni sanash kabi barcha jarayonlar ustidan to‘laqonli kuzatish olib bormaydi.