Ichki ishlar vaziri Matlubov lavozimidan bo‘shatildi

Image caption Bahodir Matlubov Ichki Ishlar vazirligiga yetti yil rahbarlik qildi

O‘zbekiston prezidenti farmoyishi bilan Ichki Ishlar Vaziri Bahodir Matlubov lavozimidan bo‘shatilgan. Bu haqida o‘zbek hukumatiga yaqin 12uz.com internet sahifasi xabar tarqatdi.

Bahodir Matlubov 2006 yil yanvaridan beri lavozimni egallab kelayotgandi.

Prezident farmoyishi bilan uning o‘rniga uning muovini - militsiya general-mayori Adhamjon Ahmadboyev tayinlangan.

Boshqa qaror bilan Toshkent Ichki Ishlar Boshqarmasi rahbari Mirsamat Odilov Ichki Ishlar Vazirining birinchi muovini etib tayinlangan.

"Islohotlar olib borilmadi"

Bahodir Matlubovning nima uchun vazir lavozimidan chetlatilgani borasida biron rasmiy sabab keltirilmayapti.

O‘zbekistondagi kuzatuvchilarga ko‘ra, janob Matlubov o‘z salomatligi va‘ji bilan bir necha lavozimdan bo‘shatilishini so‘rab Prezident Islom Karimovga ariza topshirgan, biroq bu arizalari qondirilmagandi.

Matlubov vazirlikni sobiq mubohasali vazir Zokirjon Almatovdan me‘ros qilib olgandi.

Almatov 2005 yil mayida Andijonda tinch namoyishchilarni otishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq berish ayblovlari manzarasida lavozimdan olingandi. Uning ishdan ketishiga salomatligi yomonlashgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

2006 yilda Bahodir Matlubov nufuzi va ahamiyati jihatidan biroz susaygan vazirlikni me‘ros qilib oldi. Andijon voqealari ortidan Chegara qo‘shinlari ustidan nazorat Ichki ishlar vazirligidan Milliy Xavfsizlik Xizmati qo‘liga berilgandi.

O‘z faoliyati doirasida Ichki ishlar vazirligi bilan tez-tez to‘qnashib keladigan toshkentlik inson huquqlari faoli Surat Ikromovning aytishicha, Bahodir Matlubovning faoliyati O‘zbekistondagi rahbariyatni qoniqtirib kelayotgandi.

Biroq, unga ko‘ra, Andijon voqealari ortidan Matlubov militsiyaning imidjini yaxshilashning uddasidan chiqa olmadi.

"Matlubov paytida vazirlik ichida Inson huquqlari bo‘yicha boshqarma tashkil qilindi. U bironta ish qilmadi, balki boshqarmaligicha qolaverdi. Unga bir necha katta zobitlar jalb etildi, lekin kim murojaat qilmasin, jabrlanganlarga bironta yordam berilmadi. Hibsxonalarda qiynoqlar davom etaverdi, militsionerlarning qonunbuzarligi va qo‘polligi haqida shikoyatlar davom etdi", - deydi faol.

Ikromovning fikricha, Ichki ishlar vazirligi vakolatlarining o‘ta kengligi, xususan pasport va viza berish, qamoqxonalar ustidan nazoratni olib borish kabi vakolatlar, uning xodimlari va rahbariyatiga haddan ziyod bosim qo‘yib, uning aholi osoyishtaligini saqlash kabi asl vazifasidan chalg‘itadi.

"Uning bo‘shatilishiga sabab deya Matlubov Ichki ishlar vazirligida islohotlarni amalga oshirmagani ham ko‘rsatilishi mumkin. Hech qanday islohotlar o‘tkazilmadi. Axir bu juda ham katta vazirlik. Bularning sonini ham shu vaqtgacha aniq hech kim aytolmaydi, lekin mening bilishimcha, xodimlari soni 200 mingdan oshiq odam. Islohot bo‘lishi kerak edi. Bu odam Ichki ishlar vazirligi borasida qonun chiqarilishiga ham intilmadi. Ichki ishlar vazirligi shunday nozik sohaki, u qonunsiz ishlamasligi kerak", - deydi faol.

Your contact details
Disclaimer