Mo‘‘tabar Tojiboyeva turk ro‘znomasidan raddiya talab qilmoqda

Image copyright Getty
Image caption Gulnora Karimova "Hurriyat"ning savollariga elektron pochta orqali javob qaytargan

Parijda yashayotgan inson haqlari faoli Mo‘‘tabar Tojiboyeva Gulnora Karimova bilan suhbat chop etgan "Hurriyat" ro‘znomasini o‘ziga qarshi bo‘hton tarqatishda ayblagan.

Tojiboyeva xonimning Hurriyet daily news Bosh muharriri Murat Yyetkinga yo‘llagan maktubida yozishicha, shu yilning 8 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan chop etilgan intervyu o‘zining "sha‘ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiruvchi yolg‘on ma‘lumotlarni" o‘z ichiga olgan.

O‘zbekistonlik faol ro‘znomadan raddiya berish va kechirim so‘rashni talab qilmoqda.

Aks holda u "Hurriyat" ga qarshi mahkama da‘vosi ochish bilan tahdid qilgan.

Karimova xonim o‘z intervyusida Mo‘‘tabar Tojiboyevani, jumladan, hibsda qiynoqqa solingani iddao qilingan sobiq yordamchisi haqidagi so‘zlarini rad etish maqsadida o‘zbek rasmiylari bilan til biriktirganlikda ayblaydi.

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi, shuningdek, Tojiboyeva va boshqa faollarning O‘zbekistonda biznes manfaatlariga ega ekanini da‘vo qilgan.

30 noyabr kuni Gulnora Karimova Twitter mikroblogida Yunoniston fuqarosi bo‘lgan Yanis Galanosning iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majburlangani va qiynoqqa solinganini iddao qilgan edi.

4 dekabr kuni Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati janob Galanosning Gulnora Karimova iddaolarini rad etuvchi bayonotini e‘lon qilgan.

Jamiyat faollari bilan suhbatda Toshkentda hibsxonada ushlab turilgan 31 yoshli Yunoniston fuqarosi o‘zining O‘zbekistonning ma‘muriy qonunchiligini buzganinini tan olgan va qiynoqqa solingani haqidagi gap-so‘zlarni "bo‘hton" deb atagan.

Keyinroq internetda Gulnora Karimova yordamchisining raddiyasi aks etgan video ham paydo bo‘lgan.

Mo‘‘tabar Tojiboyeva Galanosning raddiyasiga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytib, "Hurriyat" jurnalistini noprofessionallik va noxolislikda ayblaydi.

Elektron musohaba

"Hurriyat" ro‘znomasida Gulnora Karimova bilan chop etilgan suhbat muallifi Asli Barishning BBCga aytishicha, Karimova xonim bilan suhbat elektron pochta orqali yo‘llangan savollar va javoblarga asoslangan va ro‘znoma hech qaysi tomonning tarafini olmagan.

"Men suhbatdagi da‘volarni tekshirishga harakat qildim, ammo O‘zbekistondan hech kim biz bilan muloqot qilishni istamadi", deb aytdi turkiyalik jurnalist.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Gulnora Karimova bilan 17 marta elektron pochta orqali yozishgan.

"Gulnora Karimovaning twitlari hammaning og‘zida edi va biz ham bu qiziqishdan kelib chiqqan holda uning hikoyasini chop qildik. Biz hech kimning tarafini olganimiz yo‘q", - deb aytdi jurnalist.

BBCning nima uchun Mo‘‘tabar Tojiboyeva va suhbatda nomlari tilga olingan boshqa faollar bilan bog‘lanishga harakat qilmagani haqidagi savoliga javoban Asil Barish barcha taraflar bilan muloqot qilish, jumladan, Tojiboyeva xonim bilan ham suhbatlashishga tayyorligini bildirdi.

Gulnora Karimovaning 8 dekabr kuni "Hurriyat"da chop etilgan suhbati uning shu yil oktyabrida O‘zbekiston hukumatidagi ayrim doiralar va oila-a‘zolari bilan "Twitter urushi" boshlanganidan buyon matbuotga bergan birinchi intervyusi bo‘lgan.

"Hurriyat"ning izoh berishicha, Karimova xonim ro‘znomaga "nima gapirsa, aynan shuni yozish" shartini qo‘ygan.

O‘tgan hafta Gulnora Karimovaning singlisi Lola Karimova ham intervyuda yangragan iddaolar yuzasidan opasini mahkamaga tortish bilan tahdid qilgan.