O‘zbekistonliklar Facebookda eng ko‘p nimadan bahslashdi?

Image copyright AFP

Toshkentdagi Brandbox Creative agentligi tuzgan reytingga qaraganda, bu yil Twitterda o‘ta faol bo‘lgan Gulnora Karimova O‘zbekistonda eng ko‘p muhokama qilingan shaxs bo‘lganiga qaramasdan, ro‘yxatda ikkinchi o‘rnini egallagan.

O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoq saytlarida faol muhokama qilgan mavzular orasida, shuningdek shu yil yozida kuzatilgan jazirama issiq va benzin taqchilligi muammolari ham bor.

Demak, Facebookda eng ko‘p muhokama qilingan mavzularning birinchisi mobil aloqa xizmati , ikkinchisi Gulnora Karimova bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonda yozning har yilgidan ham issiq kelgani va ichimlik suvi bilan muammolar eng ko‘p muhokamalar markazida uchinchi bo‘lgani bildiriladi.

Rossiyaning Golos tanlovining ikkinchi mavsumi boshlanganiga uncha ko‘p bo‘lganiga qaramasdan unda qatnashayotgan asli o‘zbekistonlik Nargiz Zokirovaning chiqishi, ham tashqi ko‘rinishi , ham kuchli ovozi haqidagi muhokamalarning qizg‘inligi bilan yil reytingining to‘rtinchi o‘rniga chiqibdi.

Foydalanuvchilardan biri Nargiz Zokirovaning sochi qirib tashlangan boshi va tatuirovkalari o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmasligini yozsa, ikkichisi uning tashqi ko‘rinishiga emas, iste‘dodiga e‘tibor qaratishni maslahat beradi. Nargiz Zokirova haqidagi bahslar nafaqat O‘zbekistonda Rossiyaning internet nashrlarida ham davom etayotgani bilan qiziq.

Benzin bilan bog‘liq muammolar, yonilg‘i quyish joylaridagi uzundan-uzun navbatlardan darg‘azab internet foydalanuvchilar bahsi ro‘yxatda beshinchi o‘rinni olgan.

2012 yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan MTS mavzusi, bir paytlar qudratli mobil aloqa shirkati o‘rnini endi kim egallashi haqidagi taxminu fikrlar eng ko‘p muhokamalar ro‘yxatida oltinchi o‘rinda ekan.

Shuningdek, Golos shousining yana bir o‘zbekistonlik ishtirokchisi Sevara Nazarxonning shoudan chiqarilishi nohaq bo‘lgani ham eng ko‘p bahslarni keltirib chiqargan.

jahon chempionatiga chiqolmay futbol ishqibozlarini armonda qoldirgan milliy terma jamoasi o‘yinlari, Federatsiya Prezidentidan tortib, murabbiylar, Mirjalol Qosimovning nimalarga qodirligi muhokamalari 8-o‘rinda.

Jeneral Motor O‘zbekiston qo‘shma korxonasi ishlab chiqarayotgan mashinalar va ularning narxi, yangi yilda chiqadigan mashinalar ham eng ko‘p muhokama qilinganlar qatorida.

Brandbox Creative keltirgan ro‘yxatga ko‘ra, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida ommalashgan WhatsApp, Telegram dasturlari bilan muammolar, unda chiqqan shov-shuvli video, suratlarga bog‘liq bahslar miqyosi 10-o‘ringa loyiq ko‘rilgan.

Koka kola narxi muhokamada

Agentlik yil davomida muhokamalar markazida bo‘lgan mavzularni sarhisob qilarkan, ayni paytda o‘zbekistonlik foydalanuvchilar boshqa mavzu koka kolaning narxi osmonga chiqqanini muhokama etishmoqda.

Podrobno.Uz internet-nashrining yozishicha, Toshkentdagi Korzinka.Uz supermarketlar tarmog‘ida bungacha 3,8 ming so‘mdan sotilgan 1,5 litrli ichimlik narxi 7 ming so‘m qilib qo‘yilgan.

Unda aytilishicha, Korzinka.Uz va Makro supermarketlari 1,5 litrli Coca-Cola'ga 0,5 litrli Fuse muzdek choyini qo‘shib sotmoqda. "Ikki mahsulot uchun narxni oshirishga uyalmaysan ham", - deb yozadi Podrobno.Uz. "Coca-Cola"ning "aka-ukalari" - Fanta va "Sprite"ning narxi ham qimmatlashib, 6-7 ming so‘m atrofida sotilmoqda.

Supermarket sotuvchilari xaridorgir mahsulot qimmatlashuvini Toshkentdagi Coca-Cola zavodida mahsulot yo‘qligi, ehtimol, zavod yopilgan va rastalardagi mahsulot - so‘nggi partiya bo‘lishi mumkinligi bilan izohlashgan.