"Turkmanistondagi saylovlarni o‘tkazmasa ham bo‘laverardi"

Image copyright AFP Getty
Image caption Yakshanba kungi saylovlar mamlakat tarixida ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tgan ilk saylovlar bo‘lgan

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining kuzatuvchilar hay‘ati Turkmanistonda o‘tgan parlament saylovlarini erkin va adolatli saylovlar, deya olqishlagan.

Rossiya xabar agentliklarining MDH ijrochi direktori Sergey Lebedevdan iqtibos keltirishicha, saylovlar "tinch va osoyishta muhitda o‘tgan va saylovchilarning erkin tanlov qilish huquqlari ta‘minlangan".

Ayni paytda Turkmanistondagi saylovlarga birinchi marta o‘z missiyasini yuborgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ikki oydan so‘ng yakuniy hisobotini e‘lon qilishini bildirgan.

Yakshanba kungi saylovlar mamlakat tarixida ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tgan ilk saylovlar bo‘lgan va unda, Turkmaniston Markaziy Saylov komissiyasiga ko‘ra, ovoz beruvchilarning 90 foizdan ortiq saylovchi ishtirok etgan.

MDH va g‘arblik kuzatuvchilar sobiq sovet hududidagi saylovlarga beradigan baholar ko‘pincha bir-biriga qarama qarshi. Xo‘sh, oradagi farq nega bunchalik katta?

BBC Moskvadagi MDH institutidan Andrey Grozin bilan shu haqda suhbatlashdi.

Andrey Grozin: O‘ylashimcha, bu yerda saylov jarayonlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan omillarning ta‘siri katta. Ya‘ni, geopolitika, siyosiy maqsadlar va birdamlik singari. Shuning uchun ham oxirgi yigirma yilda biz sobiq sovet hududida saylovlar masalasida standart bir vaziyatga guvoh bo‘layapmiz. Bir tomondan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining saylovlarni kuzatuvchi tizimlari, ikkinchi tomondan esa Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti idorasi saylovlar yuzasidan bir-biriga mutlaqo qarama-qarshi baholarni berib kelishayapti. Oxirgi paytlarda MDHning saylovlarni sobiq sovet jumhuriyatlaridagi saylovlarni olqishlayotgan hay‘atining baholariga Shanhay Hamkorlik Tashkiloti ham qo‘shilmoqda. Ular har doim ijobiy baholarni berishadi. G‘arblik kuzatuvchilarning baholari esa, asosan, salbiy. Bevosita Turkmanistondagi saylovlarga kelsak, ularni o‘tkazmasa ham bo‘laverardi. MDH kuzatuvchilarining unga qanday baho berishlarini ham oldindan aniq aytish mumkin edi. Turkman saylovlari ham xuddi avvalroq o‘tgan tojik saylovlari kabi olqishlandi. Men aminmanki, Qurbonguli Malikguliyevich Berdimuhamedov Turkmaniston o‘tgan yakshanba kuni demokratiya sari muhim odim otganiga shubha qilmaydi.

BBC: Shu ma‘noda MDH hay‘ati sobiq sovet hududidagi saylovlarga berayotgan bahoni ekspertlar bahosi, deb ayta olamizmi?

Andrey Grozin: Menimcha, uni ekspertlar bahosi deb bo‘lmaydi. Garchi har ikki tomon- MDH kuzatuvchilari ham, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining kuzatuvchilari ham aynan shu narsaga, ya‘ni ekspertizaga da‘vo qilishadi. Men bu baholarda qadriyatlar to‘qnashuvini ko‘raman. Ya‘ni saylovlarga berilayotgan baho rasmiy emas, balki ma‘naviy-axloqiydir. Ma‘naviy va axloqiy nuqtai nazardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, nima yaxshi-yu nima yomon, qanday saylovlar yaxshi-yu, qanday saylovlar yomonligi borasida cheksiz bahs qilish mumkin. Bu yerda qat‘iy me‘zonlar yo‘q. To‘g‘ri, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bunday me‘zonlarni ishlab chiqishga urindi. Ammo ularni hamma tan olayotgani yo‘q.

BBC: Ikkinchi tomondan, siyosiy o‘zgarishlarni kutayotgan, ularga umid qilayotgan aniq elektorat yoki elektoratning bir qismi bor. Qanday qilib ularning umidlarini hisobga olmaslik yoki ochiqchasiga rad etish mumkin?

Andrey Grozin: Shubhasiz, men sizning fikringizga qo‘shilaman. Ammo bu yana axloqiy qadriyatlarga borib taqaladi.MDH yoki Shanhay tashkilotining baholarida gap saylovchilarning kayfiyati haqida borayotgani yo‘q, balki aniq bir davlat, ya‘ni Turkmaniston rahbariyati bilan siyosiy birdamlik haqida bormoqda. Janob Berdimuhamedov shunday shaxski, hamma u bilan do‘stlashishni xohlaydi. Va men o‘ylaymanki, hatto Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining ikki oydan keyin e‘lon qilinishi kutilayotgan xulosasi ham u qadar tanqidiy bo‘lmaydi. Menimcha, ularning xulosalari, ta‘bir joiz bo‘lsa, mo‘‘tadil salbiy bo‘ladi. Chunki Turkmaniston bilan yaxshi aloqalardan hamma manfaatdor. Albatta, bu janob Berdimuhamedovning qandaydir shaxsiy sifatlari tufayli emas, balki u boshqarayotgan davlatning ulkaz tabiiy zahiralari boisdir. Turkmanistonning gaz boyliklariga Rossiya ham, Xitoy ham, Ovro‘po ham ko‘z tikkan.