O‘zbekiston - ichki migratsiya: "Kuniga 18 soat ishlashga majburmiz"

Qishloqlardagi ishsizlik ayrim odamlarni poytaxt Toshkentga haydagan Image copyright BBCUZBEK.COM
Image caption Qishloqlardagi ishsizlik ayrim odamlarni poytaxt Toshkentga haydagan

Millionlab odamlarning chetga ish izlab ketishi manzarasida O‘zbekistonning ichida ham ichki migratsiya o‘ta kuchli ekanligi aytiladi. Joylardagi ishsizlik odamlarni sanoatlashgan yirik shaharlar va poytaxt Toshkentga ish izlab kelishga majbur qilmoqda. Ko‘p hollarda qonunlarning ishlamasligi va boshqa to‘siqlar ushbu mehnat muhojirlarining noinsoniy sharoitlarda yashab ishlashga majbur etayotgani aytiladi.

Ismi o‘zgartirilgan Akmal Samarqand viloyatidan poytaxt Toshkentga kelib ishlaydi. Shahardagi kichik tadbirkorlik sub‘ektlarning birida ishlaydigan Akmal kuniga 17-18 soat ishlashga majbur.

"Ertalabki soat 6:00 dan kechki 11:30 gacha ishlaymiz. Men kelganimdan beri mana shunday ishlashayapmiz. Undan oldin ham shunday ishlashgan ekan. Uch oydan beri ishlayotganlarga boshida ertalab soat 6:00 dan kechki soat 6:00 gacha deb aytgan, lekin tungi 11:00 - 12:00 gacha ishlashga majbur bo‘layapmiz".

Kuniga uzluksiz 18 soat haftasiga 126 soat ishlab birinchi oy sinov bo‘lgani uchun 300 ming so‘m yoki 110 dollar maosh, ikkinchi oydan esa ishlab chiqargan mahsulotiga qarab ko‘pi bilan 700 ming so‘m yoki 250 dollar maosh olishadi.

Kuniga shuncha vaqt ishlashgani bilan haftada dam olish kuni yo‘q. Buyurtma kam bo‘lgan vaqti esa har 15 kunda bir kun javob beriladi.

Akmal poytaxtda qandolat mahsuloti bo‘lmish rulet ishlab chiqaruvchi korxonada 24 kishi bilan birga ishlaydi. Uch mahal ovqat beriladi. Ertalab "Rolton" tez pishar kesmasi. Tushlik va kechki ovqatga go‘shtsiz makaron sho‘rva.

Akmalning aytishicha, korxonada Bulung‘ur tumanidan kelgan 6 nafar qiz ham ishlaydi. Faqat ular ayol kishi bo‘lgani uchun 1 soat kamroq ishlaydi.

"Kechki vaqt soat 9 da ishdan ketamiz deb janjal qilishadi. Lekin javob bermasdan soat 10 gacha ishlatadi", - deydi u.

Akmalning bildirishicha, ish beruvchi bu qizlarning pasportlarini olib qo‘ygan. Yangi yilda qaytib beraman degan va‘da bergan. Qizlar 3 oydan beri shunday sharoitda ishlashga majbur.

17 nafar erkak ishchi korxona joylashgan uydagi bir xonada turishadi. Xona ikki qavatli karavotlar bilan to‘ldirilgan. Qizlar o‘sha mahalladagi uylarning birida ijarada turadi.

Akmalning ta‘kidlashicha 25 nafar ishchining hammasi viloyatdan kelgan, propiskasi bo‘lmagani sabab mana shunday sharoitlarda ishlashga majbur.

Jizzaxlik Asadullo bir muncha vaqt ilgari Toshkentga borib ishlab kelgan. U kichik xususiy korxonada tish tozalagich ishlab chiqargan.

"Ertalab soat 8:30 ish boshlardik, kechqurun soat 9 gacha 12 soatcha ishlardik. Ish qiyin emasdi. Yengil lekin sal bosh og‘riqli ish. Haftada dam olish berilmasdi. Har zamonda ishim chiqib qolganda javob so‘ra turardim. Lekin qatnab ishlaydigan toshkentlik mahalliy ishchilar yakshanba kuni dam olardi".

Hozir u yerda Asadulloning qarindoshlari ishlaydi va kuniga 11 soatdan ko‘p ishlagan holda 13 ming so‘m yoki 4,5 dollar haq oladi. Ishlamagan kuniga maosh chiqmaydi. Mahalliy aholi ham shuncha haq oladi. Ammo ular 8 soat ishlaydi. Viloyatdan kelgan ishchilarning ortiqcha ishlagan haqqi yotoq va ovqatga chegirib qolinadi.

Bunday korxonalarning egalari propiskani tekshirib keluvchi uchastka nozirlariga pul berish bilan muammoni bartaraf qilishidi. Asaddullo bunga bir necha marotaba guvoh bo‘lgan.

"Yangi yil yoki shunga o‘xshash bayram arafasida militsiya kelayapti, deb yugurib qolishardi. Militsiya kelishi bilan brigadir rahbarga telefon qilardi. Rahbar kelib uchastkovoyga 50-100 ming so‘m qistirib yuborardi".

Bu kabi kichik xususiy korxonalarda ko‘p hollarda ishchi va ish beruvchi o‘rtasida shartnoma tuzilmaydi. Natijada ish beruvchi ishchilarni o‘zi istagan rejim va sharoitda ishlatadi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasidan ishonch telefonini ko‘targan Mehnat kodeksi bo‘yicha bir haftalik ish vaqti 40 soatdan oshmasligi kerakligini aytadi.

"Ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshishi mumkin emas. Xodimning yoshi va mehnat sharoitlariga qarab 40 soatdan kamayib boradi. Bu narsa Mehnat kodeksida belgilab qo‘yilgan".

Xodim Kasaba uyushmasi faqat unga a‘zo korxona ishchilarning huquqlarini himoya qila olishini bildirdi. Unga ko‘ra qolgan vaziyatlarda Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar shug‘ullanadi.

Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligidan bu masalada javob beruvchi shaxsni topa olmadik. Davlat huquq inspektsiyasi bo‘limidan hech kim telefon go‘shagini ko‘tarmadi. Vazirlikning ishon telefonlari esa web sahifada ko‘rsatilmagan.

Toshkent viloyatidagi korxonalarning birida ish yurituvchi bo‘lib ishlagan suhbatdoshimizning bildirishicha, ularning korxonasiga ishchilarning sharoitlarini o‘rganib birorta ham nazorat organi kelmagan.

Toshkentdan huquq faoli Su‘rat Ikromov kichik korxonalarning ishlashi barqaror bo‘lmagani sabab ulardagi mehnat huquqini tekshirish odatda amalga oshmasligini aytadi.

"Masalan, bitta tumanda bunday kichik korxonalar 100-200 ta bo‘lishi mumkin. Bittasi ochilib, 3-4 oydan keyin yopiladi. Shuning uchun bu narsaning ko‘p muammolari bor. Buni hal qilish uchun Tadbirkorlar palatasi harakat qilishi kerak", - deydi Su‘rat Ikromov.

Your contact details
Disclaimer