Chegara bilmas muxbirlar: "2013 yilda 71 jurnalist halok bo‘lgan"

Image copyright BBC World Service
Image caption Chegara Bilmas Muxbirlarga ko‘ra, Yaqin Sharq jurnalistlar uchun eng xavfli joy bo‘lib qolmoqda

Parijdagi Chegara Bilmas Muxbirlar xalqaro tashkilot ma‘lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda o‘z vazifasini bajarish payti 71 jurnalist halok bo‘lgan.

Bu yil Osiyodan 24 nafar, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan 23 jurnalist kasbi tufayli o‘ldirilgan. Ularning aksariyati, ya‘ni 96 foizi erkaklardir.

Qurbon bo‘lgan jurnalistlarning aksari arab davlatlaridagi voqealar va siyosiy vaziyatni yoritayotgan bo‘lgan.

Suriya, Somali, Pokiston va Mali ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun eng xavfli mamlakatlar sifatida o‘z o‘rnida qolgan.

Shuningdek 2013 yilda muxbirlarni o‘g‘irlash holatlari ko‘paygan.

"Briziliya bahori" namoyishlarida jurnalistlarga zo‘ravonlik bo‘yicha 100 holat qayd etilgan.

Shuningdek Misr, Iroq, Liviya, Gvineya, Hindiston va Bangladeshda jurnalistlar turli siyosiy, maishiy muammolarning qurboni bo‘lishgan.

Suriyada 49, Liviyada 14 jurnalist o‘g‘irlangan.

Bu mintaqada xorij jurnalistlari "Jabhat al-Nusra" va "Islom davlati" isyonchi guruhlarning asosiy nishoniga aylanishgan.

Bundan tashqari ko‘p sonli jurnalistlarga bosim va tahdidlar bo‘lgani bois vatanini tark etishiga to‘g‘ri kelgan.

Suriyadan 31 muxbir qo‘shni mamlakatlarga ketishga majbur bo‘lgan.

Mo‘‘tadil islomiy Hasan Ruhoniyning Eron Prezidenti bo‘lib saylanishi va uning islohotlar borasidagi va‘dalariga qaramasdan mamlakatdan 12 jurnalist hukumat taqibidan qochib chiqqan.

"Xitoy, Eron, Turkiya va Eritreya matbuot uchun eng yirik qamoqxonalar bo‘lib qolmoqda", - deya ta‘kidlanadi bayonotda.

Turkiya, Eron, Xitoy, Eritriya, Suriya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Bangladesh, Misr va Vetnam jurnalistlar eng ko‘p qamalgan mamlakatlar o‘nligiga kiritilgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti kasbiy faoliyati tufayli qamalib, qiynoqlarga tutilgan jurnalistlarni ozod qilishga chaqirgan.

Jumladan, O‘zbekistonda Yusuf Ro‘zimurodov, Muhammad Bekjon, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid, Bahrom Ibrohimov, Davron Qobilov, Xayrulla Hamidov, Botirbek Eshqo‘ziyev, Ravshanbek Vafoyevlar erkin fikrga toqat qilmaydigan hukumat tomonidan soxta ayblovlar bilan uzoq yillarga qamalgan. Bularning orasida "Erk" partiyasi a‘zolari Yusuf Ro‘zimurodov va Muhammad Bekjon qamalganiga 15 yil to‘ladi.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatiga ularni ozod qilishni so‘rab murojaat qilib kelmoqda.

2013 yilda jurnalistlarni kasbi uchun qamagan mamlakatlar qatoriga Iordaniya, Rossiya, Quvayt, Makedoniya, Kongo, va AQSh ham kirgan.

Chegara bilmas muxbirlar xalqaro tashkilotining hisobotiga ko‘ra, 2013 yilda jami 71 professional jurnalist, 31 blogger va faol halok bo‘lgan.

178 tasi turmaga tashlangan, 87 tasi o‘g‘irlangan, 2160 tasiga hujum qilingan. Ayni paytda 826 jurnalist qamoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro tashkiloti professional faoliyati tufayli tutqunlikda qolayotgan va o‘ldirilgan jurnalistlar haqidagi to‘liq hisobotini 2013 yil 30 dekabrda e‘lon qiladi.