Turkiyadagi hibslar mamlakat siyosiy doiralarini shoshirib qo‘ydi

Image copyright AFP

Turkiya matbuotiga ko‘ra, mamlakatdagi poraxo‘rlikka bog‘liq shov-shuvli hibslar to‘lqini manzarasida Turk politsiyasi rahbarlari ham ishdan olingan.

Istanbulda uch vazirning o‘g‘illari doxil kamida 52 kishi hibsga olinishidan bir kun o‘tib, besh narfar politsiya boshlig‘i ushlangan.

Erta tongda amalga oshirilgan hibslar Turkiya siyosiy elitasini shoshirib qo‘ydi.

Politsiya boshliqlari Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘onning sobiq ittifoqchisi Fatxulla G‘ulon bilan til biriktirishda ayblanishmoqda.

AQShda quvg‘inda yashayotgan taniqli islom ulamosi Fatxulla G‘ulon boshqaruvdagi partiyaning 2002 yil saylovlarida g‘alaba qozonishiga ta‘siri katta bo‘lgan.

Janob G‘ulon tarafdorlari politsiya va maxsus xizmat, mahkama tizimi va qudratdagi partiya saflarida nufuzli mavqeni egallab kelishi aytiladi.

Oxirgi paytlarda bir paytlar mustahkam hisoblangan ittifoqqa darz keta boshlagani sezildi. Hukumat xususiy maktablar, jumladan G‘ulonning "Xizmat" harakatiga qarashli maktablarni ham yopishni muhokama qila boshladi.

Hibslar orqasidan matbuotga intervyu bergan Erdo‘g‘on boshqaruvdagi partiyaning parchalashga qaratilgan har qanday "tahdid" va "jirkanch ittifoq"larga bo‘ysunmaslikka va‘da bergan.

"Hech kim xorijdan turib mamlakatimizni qo‘lga olishi va harakatlanishi mumkin emas", deb aytgan u Konyadagi chiqishida.

Ittifoq orasida darz

Turk politsiyasi kecha poraxo‘rlik ishiga aloqadorlik bilan ichki ishlar vaziri, moliya vaziri va atrof muhit masalalari bo‘yicha vazirning o‘g‘illari hamda 20 ga yaqin yirik tadbirkor va siyosatchilarni Istanbul va Anqarada ushlagandi.

Turkiyadagi ko‘pchilik tahlilchilar Bosh vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘an va taniqli ulamo Fatxulla G‘ulon o‘rtasidagi kelishmovchiliklar unga yaqin kishilarning hibsga olinishiga sabab bo‘layapti, degan fikrdalar.

Fatxulla G‘ulon hukumatning xususiy maktablarni yopish qaroriga qarshi chiqqan.

Janob G‘ulon AQShda yashasa ham, Turkiyadagi siyosiy vaziyatga yetarli ta‘sir ko‘rsatib keladi.

Erdo‘g‘on hukumati mamlakatdagi poraxo‘rlikka qarshi keskin kurashishini aytgan.

Surishtiruv ishlari jarayonida politsiya Turkiyaning Anqaradagi yirik Xalq bankining ofisini tintuv qilgan. Bank rahbari Sulaymon Aslon ushlab ketilgan.

Hibslar orqasidan bank hissalari 5 foizgacha tushgan.

Bundan tashqari taniqli biznesmen Ali Agao‘g‘lining qurilish shirkatida ham reyd o‘tkazilgan.

Ushbu shirkat direktori Hasan Rahvaliyning aytishicha, politsiya taniqli tadbirkorlar va siyosatchilar orasida poraxo‘rlik ishini o‘rganmoqda, lekin ularning jinoyatchiligini isbotlaydigan dalil topa olgani yo‘q.