Raul Kastro: AQSh bilan Kuba o‘rtadagi farqlarni hurmat qilishi lozim

Kuba Prezidenti Raul Kastro Image copyright AP
Image caption Kuba rahbarining ushbu bayonoti Prezident Raul Kastro bilan AQSh Prezidenti Barak Obamaning qo‘l berib ko‘rishishlari ortidan yangragan

Kuba Prezidenti Raul Kastro aytishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Kuba har bir mamlakatning o‘ziga xos bo‘lgan farqlarni hurmat qilishi kerak va Amerika Kubadagi kommunistlar rahbarligidagi rejimni o‘zgartirish talablaridan voz kechmog‘i lozim.

Ana shunda o‘zaro munosabatlarni yaxshilash yo‘lidagi ishlarni davom ettirish mumkin bo‘ladi, deb aytgan Prezident Raul Kastro. Janob Kastro bu haqda poytaxt Havanada Kuba parlamenti majlisi yakunida gapirgan.

Kuba rahbarining ushbu bayonoti Prezident Raul Kastro bilan AQSh Prezidenti Barak Obamaning qo‘l berib ko‘rishishlari ortidan yangragan.

1959 yilda Fidel Kastro yetakchiligidagi kommunistlar Kubada hokimiyatni qo‘lga kiritganlaridan buyon AQSh bilan munosabatlar yomonlashgan, o‘shandan buyon ilk bor ikki mamlakat rahbari Janubiy Afrikada Nelson Mandela bilan vidolashuv marosimida qo‘l berib ko‘rishgan edilar.

Prezident Kastro aytishicha, oxirgi yil mobaynida Kuba va Amerika rasmiylari bir necha marta uchrashganlar hamda muhojirlik va ikki mamlakat o‘rtasida pochta xizmatlarini qayta yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni muhokama etganlar.

"Bular aloqalar madaniylashishi mumkinligini ko‘rsatadi", deb aytgan janob Kastro.

"Biroq agar biz o‘zaro aloqalarda haqiqiy oldinga siljishga erishmoqchi bo‘lsak, biz har birimizdagi farqlarni hurmat qilishni o‘rganishimiz va tinch yashashimiz lozim. Bo‘lmasa yo‘q. Biz oldin yashaganimizdek yana 55 yilga tayyormiz", deya ogohlantirgan Prezident Raul Kastro.

"Biz Qo‘shma Shtatlardan o‘zlaridagi siyosiy yoki ijtimoiy tizimni o‘zgartirishni so‘rayotganimiz yo‘q va bizdagini o‘zgartirish muzokaralariga ham ko‘nmaymiz", deb aytgan janob Kastro.

AQSh Kuba bilan 1961 yili aloqalarini uzgan va Kubaga nisbatan iqtisodiy sanktsiyalar joriy etgan.

Inqilobdan buyon mamlakatni boshqarib kelgan Fidel Kastro 2006 yilda salomatligi yomonlashgani tufayli qudratni ukasi Raul Kastroga topshirgan va ikki yildan so‘ng to‘la iste‘foga chiqqani haqida e‘lon qilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, 82 yoshli Raul Kastro qator iqtisodiy islohotlarga qo‘l urgan va bu AQSh bilan munosabatlarni yaxshilashga yo‘l ochgan.

Biroq, tanqidchilarga ko‘ra, Kubadagi islohotlar juda sekin amalga oshirilmoqda.

"Kubadagi islohotlar jarayonini tezlashtirish kerak emas, tezlashtirsa muvaffaqiyatsizlikka yetaklaydi", deya ogohlantirgan Prezident Kastro.