O‘sh shahrining yangi hokimi kim bo‘ladi?

Bu nafaqat O‘shdagi, balki Qirg‘izistonning siyosiy hayotidagi eng muhim savollardan biridir.

Avvaliga 4 dekabrda Bishkek shahar hokimi Isa Omurkulov o‘z hohishi bilan ist‘efoga chiqishi, keyingi kun esa O‘sh hokimi Melis Mirzakmatovning kutilmaganda ishdan olinishi aholi orasida turli bahslarni paydo qildi.

O‘sh shahar hokimligini 2009 yildan beri qo‘ldan bermay kelgan Melis Mirzakmatovning Bosh vazir Jantoro Satibaldiyev qarori bilan ishdan olinishiga, uni qamoqqa olingan deputat Axmatbek Keldibekovning tarafdorlari oldiga chiqib, hozirgi hukumatni tanqid qilgani sabab bo‘lgani aytiladi.

O‘sh va Bishkek shaharlarida saylov o‘tkazilib, yangi hokimlar saylangunicha, ularning vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib hokim o‘rinbosarlari tayinlangan.

Prezident Almazbek Atambayev 12 dekabrda "Bishkek va O‘sh shaharlarining maqomlari" to‘g‘risidagi qonunga qo‘l qo‘ygan, lekin hokimlarni saylash kuni hozircha noma‘lum.

Yangi tartibga muvofiq, qonun davlat rasmiy bosilmalarda chop etilganidan so‘ng, Markaziy Saylov Komissiyasi 10 kun ichida Bishkek va O‘sh shahar hokimlarini, 20 kun ichida shahar kengashi deputatlari hokimlarni saylashlari lozim.

Shundan kelib chiqib, saylovlar 2014 yilning yanvar oyi o‘rtalarida o‘tkazilishi mumkin.

Nomzodlikka shahar kengashidagi fraktsiyalar va bosh vazir o‘z insonlarini taklif qila oladi.

Melis Mirzakmatov boshchiligidagi "Uluttar Birimdigi" partiyasi O‘sh shahar kengashida ko‘pchilikni tashkil etadi. "Uluttar Birimdigi" partiyasi 45 deputatlik o‘rindan 22 tasiga va "Zamandash" partiyasining bir qo‘lloviga ega.

Qolgan 22 ta deputat o‘rni esa "Qirg‘iziston Sotsial Demokrat Partiyasi", "Respublika", "Ata Meken" va "Adiletuu Qirg‘iziston" partiyalariga tegishli.

Hali rasman aytilmagan bo‘lsada, O‘shda allaqachon saylov tayyorgarliklari boshlab yuborilgan. Partiyalar orasida o‘zaro muzokaralar, birlashishlar, kimni hokimlikka nomzod qilib ko‘rsatish, hattoki bo‘lajak hokimni kim bo‘lishi ham oldindan aniqlangandek kayfiyat hukmron.

Hozircha yuqorida keltirilgan shahar kengashidagi partiyalar o‘z nomidan yoki koalitsiya nomidan O‘sh merligiga yagona nomzod ko‘rsatgani yo‘q.

Hokimlikka asosiy davogar Melis Mirzakmatovdan tashqari, bu o‘ringa O‘sh va Jalolobod shaharlarini tiklash Davlat Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Aytmamat Kadirbayev, O‘sh viloyati va shahri Ichki Ishlar Boshqarmasining rahbari Suyun Omurzakov, Bosh vazir o‘rinbosari Aali Karashev va "Respublika" partiyasining shahar kengashidagi deputati Ulan Primovning nomlari tilga olinmoqda.

Aftidan, bo‘lajak saylovga markaziy hukumat ham, mahalliy hokimiyat ham astoydil kirishgandek.

7 dekabrda O‘shning markaziy maydonida ishdan olingan sobiq hokim Melis Mirzakmatov o‘z tarafdorlari bilan uchrashganda, uning yuzidagi xavotir, so‘zlaridagi notinchlikni sezish qiyin emasdi.

- Meni noqonuniy ishdan olishdi. O‘n besh kundan keyin saylov bo‘ladi. Hozircha qonunni buzmay, sabr qilib turaylik. Oz qoldi. 23 deputat meni qo‘llashga va‘da berishdi. Ular o‘z va‘dalarida turishadi. Sababi, ularni bu yerga kim olib kelganligini yaxshi bilishadi. Vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi Alimjan Bayzakov, mening bironta ruchka, qalamim ham o‘rnidan jilmasin. Men albatta, yana qayta hokim bo‘lib o‘z o‘rnimga kelaman" - degan edi Melis Mirzakmatov yig‘ilganlarga.

Shuningdek, Mirzakmatov o‘zining "Uluttar Birimdigi" partiyasi "Onugu" partiyasi bilan siyosiy kelishuv tuzganligini, bo‘lajak saylovlarda va shaharning rivojlanishida birga ish olib borishlarini bildirdi.

Bu galgi saylov oson kechmasligini sezib turgan Mirzakmatov saylovda yengilib qolsa, o‘z tarafdorlarini mitingga olib chiqib, markaziy hukumatga tahdid solishi mumkin.

Har gal, saylovdan keyin bo‘lajak norozi taraflarning miting, piketlarini kuzatib, ularni tartibga solish uchun huquq-tartibot idoralari safarbar etiladi.

Mabodo o‘tkazilayotgan mitinglar unchalik kuchga ega bo‘lmasa, mahalliy militsiya xodimlari safarbar etilishi bilan cheklaniladi.

Aksincha, mitinglar yetarlicha siyosiy tus va kuchga ega bo‘lsa, u holda hukumat tarafidan Bishkekdan mahsus tayyorgarlikdagi guruh jalb etiladi. Bunga, 7 dekabrda Melis Mirzakmatovni qo‘llab o‘tkazilgan O‘sh markaziy maydonidagi miting yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘sh shahrining qudratli xo‘jayini to‘satdan ishdan ketgach, shaharda nomersiz, oynalari qoraytirilgan turli xil avtomashinalar paydo bo‘la boshlagan. Kimlardir bu avtomashinalar markaziy hukumat tarafidan O‘shga saylovga tayyorgarlik ko‘rish uchun yuborilgan deyishsa, yana kimlardir ularni Melis Mirzakmatovning odamlari, saylov oldidan mahalliy aholida qo‘rquv uyg‘otish uchun yuribdi deydi.

Bu yerda markaziy hukumat mavqei tushunarli, lekin Mirzakmatov qanday o‘ringa egaligi haqidagi savol hozircha ochiq qolayapti.

Ba‘zi taxlilchilarning fikricha, markaziy hukumat vaqti kelganda o‘ziga muxolif deya hisoblagan Mirzakmatovni bu galgi saylovda qatnashtirmaslik uchun bor imkoniyatini ishga soladi.

U olib borgan 5 yillik ishi davomidagi kamchiliklarni topib chiqib, unga nisbatan jinoiy ish ochishlari ham mumkin. Bu o‘z navbatida, Mirzakmatovga qonunga muvofiq tergov olib borilayotganligi sababli, shahar hokimligiga nomzodini qo‘yishga yo‘l qo‘ymaydi.

Shu yo‘l bilan markaziy hukumat o‘z muxolifidan qutilmoqchi, deydi tahlilchilar.

Agar markaziy hukumat shunday yo‘l tutsa, unda nafaqat O‘shda, balki butunlay Qirg‘izistonda yangi yil, yana yangi siyosiy voqealar bilan kutib olinishi hech gap emas.