Safar Bekjon Gulnora Karimovaning Shvetsariyadagi uyini "ishg‘ol qildi"

Image copyright none
Image caption Safar Bekjon Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan uy qarshisida

Shveytsariyada istiqomat qilayotgan siyosiy faol Safar Bekjon Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyiga kirib olgan.

Safar Bekjon bir necha million dollarlik deb ishoniladigan villani "ishg‘ol qilish" qarorini shunday izohlaydi:

"23 dekabr kuni biz Gulnora Karimovaga oid bo‘lgan va ustidan jinoiy ish ochilgan villaga kirdik. Vaqtincha ishg‘ol qildik bu villani. Chunki, Gulnora Karimova tergovga kelmayapti, bu uyning qonuniy ekanligini isbot qilib berolmayapti, bu yerdagi pullarning to‘g‘ri-noto‘g‘riligini isbotlab berolmayapti, kelsin, biz uchun ham, Shvetsariya uchun ham kelsin. Chunki, bizni bu yerdan chiqarish uchun sudga berishi kerak. Bu bir. Ikkinchidan bu jarayonlar yopiq eshiklar ortida bo‘lmasligi kerak. O‘zbek jamiyati ham, xalqaro jamiyat ham bilishi kerak buni. Agar biz bu ishni qilmasak, hech kim bilmaydi bu ishni, Twitter shou bo‘lib qolaveradi. Biz haqiqiy tergovlar va haqiqiy siyosiy jarayon bo‘lishini istaymiz", deydi Safar Bekjon BBC bilan suhbatda.

"O‘zbekiston demokratik jamg‘armasi" raisi Safar Bekjonning aytishicha, Gulnora Karimovaning Jeneva kantoni, 1223 ch Chemin de la Prévôté 7 ko‘chasidagi villasi qurilishi to‘la bitkazilmagan va so‘nggi paytlar qarovsiz qolgan edi. U binodan jamg‘arma faoliyati uchun foydalanish maqsadida ekanini aytadi.

"Xalqning mulki - bu, xalqqa xizmat qiladigan demokratik tashkilot - bizning tashkilotimiz bundan foydalanadi. Toki, Gulnora Karimova biz bilan sudlashgunga qadar...Siyosiy va madaniy tadbirlar o‘tkazamiz", deydi u.

Safar Bekjonga ko‘ra, qarovsiz uyga kirib olish qonunga zid emas, uy egasi uni faqat mahkama orqaligina chiqarib yuborishi mumkin.

"Uzoq muddat mobaynida hech kim yashamayotgan, diplomatik maqomi bo‘lmaganligi uchun men ishg‘ol qilishga haqqim bor. Va meni sud bilan chiqarishlari mumkin. Sud bilan chiqarishlari uchun bu uyning qonuniy ekanligini, qonuniy pulga olinganligini isbot qilib berishlari kerak", deydi Safar Bekjon.

Image copyright none
Image caption To‘rt qavat ekani aytilayotgan uyning faqat ikki qavati qurib bitkazilgani aytiladi

BBC hodisa yuzasidan izoh so‘rab Jeneva politsiya xizmatiga murojaat qildi va politsiya shaxsiy manzil bo‘lgani uchun hodisani na tasdiqlay olishi va na inkor qilishini bildirdi.

Ammo, politsiya matbuot xizmati xodimi Silvan Giyom Jantel (Silvain Guillaume-Gentil)ning aytishicha, Shvetsariyada qarovsiz uylarni ishg‘ol qilish bo‘yicha qonuniy choralar mavjud.

Reydlar

Shveytsariya Konfederatsiya Prokuraturasi avgust oyi oxirida Jenevadagi to‘rt manzilda tintuv o‘tkazilganligini tasdiqlagandi.

Prokuraturaning BBCga ma‘lum qilishicha, 2012 yili boshlangan jinoiy tekshiruv ishi bo‘yicha Federal Jinoiy Politsiya boshqarmasi Jeneva Politsiyasi bilan hamkorlikda tintuv amaliyotini amalga oshirgan.

Bizga berilgan rasmiy xabarga ko‘ra, bu jinoiy tergov to‘rt O‘zbekiston fuqarosiga qarshi ochilgan ish doirasidadir.

Ayni vaqtda BBCning ishonchli manbalari tintuv o‘tkazilgan uylardan biri O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli villa ekanini aytishgandi.

Shu yilning 1 mart kuni esa, Jenevaga inson huquqlariga bag‘ishlangan film festivalida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Mo‘‘tabar Tojiboyeva hamda yana bir necha faollar Gulnora Karimovaning badavlat mavzelardan biri Kolonyada joylashgan ayni uyini ko‘rishga borishgandi.

Ular shu tariqa O‘zbekiston Prezidentining qizi qanday dabdabali hayot kechirishiga jamoatchilik e‘tiborini qaratmoqchi bo‘lishganini aytishgandi.

Gulnora Karimova ularning harakatlarini o‘zini yomonotliq qilishga qaratilgan kampaniya bir qismi, deya qoralagan.

Shu yilning 17 va 18 iyun kunlari esa, Gulnora Karimovaga tegishli Parijdagi hashamatli uy va San Trope oromgohidagi villaga muhr bosilgani xabar berilgandi.

Fransuz politsiyasi ushbu tintuvni Shveytsariyada tergov qilinayotgan noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida amalga oshirgani aytilgandi.

Shveytsariya prokuraturasi Frantsiya huquq-tartibot idoralarining o‘z so‘roviga binoan O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qiziga tegishli ekani aytilgan bir necha manzilga reyd uyushtirganini tasdiqlagan.

Aytilishicha, amaliyotdan maqsad "hujjatlarni qo‘lga kiritish bo‘lgan".