Tojikiston: Prezidentga yaqin kishilar o‘g‘irlangan BMW mashinalarida yuradimi?

Image copyright RIA Novosti

Olmoniyaning eng mashhur nashrlaridan biri "Bild"ning manbalariga ko‘ra, Tojikistonda Olmoniyadan o‘g‘irlab ketilgan lyuks toifasidagi mashinalar, jumladan 93 BMW borligi aniqlangan, deb yozadi BBCning Tojikistondagi muxbiri Anora Sarkorova.

Bu mavzudagi maqola "Bild" ro‘znomasida chop etilgan.

Unda aytilishicha, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga eng yaqin shaxslar ana shu o‘g‘irlangan avtomashinalarda yurishadi.

Biroq Tojikiston Tashqi Ishlar vazirligi maqolada keltirilgan ma‘lumotlarni rad qilib, uni "bir tomonlama, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va afsuslanarli" deb atagan.

"Tashqi Ishlar vazirligi bu xabarning haqiqiyligiga shubha bildiradi. "Olmoniyadan olib kelinadigan mashinalar bizga yetib kelguncha, bir necha davlat chegaralarini va albatta bojxona maskanlarini kesib o‘tadi. Agar hujjatlarda kamchiliklar bo‘ladigan bo‘lsa, ular allaqachon ushlangan bo‘lardi", deb aytadi vazirlikning matbuot boshqarmasi vakili Abdulfayz Atoyev.

Shu bilan birga u Tojikiston hukumati Olmoniya nashrining bu xabarini tekshirayotganligini ma‘lum qiladi.

"Bild" nashrining keltirishicha, Olmoniyaning ushbu masaladagi bir qancha so‘rovlariga rasmiy Dushanbe javob bermagan.

Maqolada aytilishicha, 93 BMW va boshqa rusumdagi zamonaviy mashinalarga o‘rnatilgan kompyuter vositalari masofasidan qat‘iy nazar mashinaning qayerdaligini aniqlashga imkon beradi.

Jinoyatchilar mashinalarni o‘g‘irlagan payt undagi kompyuter tizimlarini ishdan chiqarishga yoki vaqtinchalik to‘sib qo‘yishga harakat qilishadi.

Olmoniyada har yili 14 minggacha mashina o‘g‘irlanadi. Mashina o‘g‘rilarining uyushgan guruhlari mamlakatda keng tarqalgan va ularga qarshi kurash mahalliy politsiyaning asosiy muammolaridan sanaladi.

"Bild"ning Olmoniya surishtiruv idoralari ma‘lumotlariga asosan yozishicha, maxsus uskuna orqali Tojikistonda Olmoniyada o‘g‘irlangan 200 ga yaqin mashinalar borligi aniqlangan.

U mashinalar prezident atrofidagi kishilarga tegishli, deb keltiradi "Bild".

"Qanday qilib kimning qarindoshi ekanligini aniqlashibdi? Bunday da‘volar uchun isbot bormi o‘zi? Agar bo‘lsa bizga ko‘rsatishsin oldin", - deydi Tojikistonning Olmoniyadagi elchisi Imomiddin Sattorov.

"Nimaga endi aniqlovchi uskuna faqat Tojikistonda ishladi? Boshqa davlatlarda oldin bu ro‘y bermadi? "Bild" bu haqda tojik elchixonasiga murojaat qilgan, biz javob berganmiz. Lekin nimagadir bizning javoblarimiz bosilmadi. Balki tojik-olmon munosabatlarining yaxshiligi yoqmaydigan boshqa kuchlar bordir", - deb aytadi Tojikiston elchisi.

"Bild" nashriga ko‘ra, Dushanbedagi nemis diplomatlari bir necha bor Tojik hukumatiga o‘g‘irlangan mashinalar bo‘yicha murojaat qilgan, lekin javob ololmagan.

Olmoniyada chiqqan bahsli maqolaga munosabat bildirgan tojikistonlik tahlilchi Shokirjon Hakimov shunday mashinalar Tojikistonda bo‘lishi mumkin deydi.

"Sobiq Ittifoq respublikalarining aksariyatida korruptsiyaning yuqori darajadaligini hisobga olsak, ularning hududidan Olmoniyadagi jinoiy guruhlar tomonidan Ovro‘podan o‘g‘irlangan mashinalar olib o‘tiladi va ular bu mamlakatlardagi hamkorlari bilan kelishishlariga shubha qilinmaydi".

"Tojikistonda qimmatbaho mashinalarni faqat badavlat, yuqori lavozimdagi kishilar, ularning farzandlari, qarindoshlari minishar ekan, o‘g‘irlangani aytilayotgan mashinalar aynan ularning qo‘liga tushishidan ajablanmasa ham bo‘ladi", qo‘shimcha qiladi tojikistonlik tahlilchi.

Shu yilning oktyabr oyida Tojikiston Tashqi Ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy Berlinga safarini oxirgi daqiqada bekor qilgan. Olmoniya hukumati muzokaralarda o‘g‘irlangan mashinalarga bog‘liq masalani ko‘tarmoqchiligi bunga sabab bo‘lgani aytiladi.