BBC mehmoni huquqshunos, jurnalist va yozuvchi Baxtiyor Shohnazarovga savol bering

Shu kunlarda Kanadaning Toronto shahrida o‘zining 50 yoshlik yubileyini qutlayotgan Baxtiyor Shohnazarov Asaka shahrida ko‘p bolali haydovchi oilasida dunyoga kelgan.

Baxtiyor Shohnazarov maxsus musiqa maktab-internatini bitirgach, 1981-86-yillarda Toshkent Davlat konservatoriyasining xalq cholg‘u asboblari fakultetida tahsil olgan. Sozanda sifatida Sherali Jo‘rayev, Xayrulla Lutfullayev, Dadaxon Hasan, Yulduz Usmonova kabi mashhur xonandalar bilan hamkorlik qilgan.

To‘rt yil o‘rta maktabda musiqa o‘qituvchisi bo‘lib ishlagach, 1990-yilda Toshkent Davlat sharqshunoslik institutiga o‘qishga kirgan. O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari orasida tuzilgan talaba ayirboshlash kelishuviga binoan, 1992 yilda tahsilini davom ettirish uchun Turkiyaning Izmir shahriga kelgan. 1996 yili Do‘kuz Eylul universiteti ijtimoiy fanlar bo‘limida magistrlik darajasini olgan.

1996-98-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudida bosh maslahatchi-tarjimon lavozimida ishlagan. 1998-2002-yillarda "Ekpar" kompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasida yurist va vakolatxona boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan. Shu davr ichida Toshkent Davlat yuridik instituti sirtqi bo‘limini muvaffaqiyatli bitirgach, advokat bo‘lib ishlagan.

Mustaqil jurnalist sifatida Baxtiyor Shohnazarovning ilk maqolasi 1975 yili "Lenin uchquni" gazetasida e‘lon qilingan. 1996 yildan boshlab 2005 yilga qadar dolzarb mavzulardagi ko‘plab maqolalari "Hurriyat", "Mohiyat", "Xalq so‘zi", "Narodnoye slovo", "Darakchi" va boshqa gazetalarda bosilgan. 1997 – 2003-yillarda O‘zbekiston teleradiokompaniyasidagi "Huquq va burch" ko‘rsatuvi muallifi va boshlovchisi sifatida keng xalq ommasiga tanilgan.

2004 yili BMT hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Toshkent vakolatxonalari tomonidan tashkil qilingan respublika jurnalistlari tanlovida birinchi o‘ringa loyiq topilgan.

2002-2005 yillarda "Internyus" xalqaro tashkiloti bilan hamkorlik qilib, O‘zbekistondagi mustaqil jurnalistlar va OAVga huquqiy xizmat ko‘rsatgan, ularnig buzilgan huquqlarini mahkamalarda muvaffaqiyatli himoya qilgan. Ayniqsa, "Mohiyat" gazetasiga nisbatan kiritilgan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgan da‘voni gazeta foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Turkiyada yashagan yillarida mamlakatdagi o‘zbeklar hayotini tadqiq qilib, 2008 yili "Turkiyadagi o‘zbeklar. Hayotiy voqealar" nomli kitobini turk tilida nashrdan chiqargan.

2011 yili Kanadaning Toronto shahridagi kollejning "paralegal", ya‘ni "o‘rta ma‘lumotli yurist" bo‘limini tamomlab, litsenziya sinovini muvaffaqiyatli topshirgach, Ontario provintsiyasi Advokatlar assotsiatsiyasi a‘zoligiga qabul qilindi. Aholiga o‘zbek, ingliz, turk va rus tillarida turli masalalarda huquqiy maslahat berayotgan Baxtiyor Shohnazarov tarjimonlik xizmatlari ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanmoqda. Bundan tashqari, yozma bayonotlarni tasdiqlab berish vakolatiga ega.

Nisbatan qisqa davr mobaynida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoiy ishlar, kichik miqdorli da‘volar, inson huquqlari kabi mahkamalarda sudyalar qarshisiga chiqib, mijozlarining da‘volarini yutib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Baxtiyor Shohnazarovning bir o‘g‘il, bir qizi va shirindan shakar nabirasi bor.

Baxtiyor Shohnazarovning matbuotda e‘lon qilingan maqolalari bilan www.bahtiyarshakh.com web-saytida, Youtube video portalida esa teleko‘rsatuvlari va turli tadbirlardan tayyorlagan qiziqarli videolavhalarini tomosha qilish mumkin.

BBC mehmoni Baxtiyor Shohnazarovga savollaringizni sahifamizning quyi qismidagi maxsus forma orqali yoki uzbek@bbc.co.uk elektron manzilimizga yo‘llang.

BBC mehmoni savollaringizga ham internet va ham radio orqali javob beradi.

Suhbatning radio versiyasini shanba kungi "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.

Savollarini radio uchun o‘z ovozlari bilan berishni istagan tinglovchilarimizdan o‘zlarining telefon raqamlarini ham yozib yuborishni so‘raymiz.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.