UzWebiston: O‘zbekistonda yangi Ichki ishlar vaziri tayinlanishi nimani anglatadi?

Bahodir Matlyubov
Image caption Prezident Karimov 13 dekabr kuni 2006 yildan beri Ichki ishlar vazirligini boshqargan Bahodir Matlyubovni vazifasidan bo‘shatdi

Ko‘plab kuzatuvchilar O‘zbekistonda Ichki ishlar vaziri almashtirilishini 2014 va 2015 yillarga rejalangan parlament va prezidentlik saylovlari oldi barqarorlikni ta‘minlashga qaratilgan sa‘y-harakatlar bir qismi sifatida ko‘rishmoqda.

Rasmiy Toshkent esa, yangi vazirning tayinlanishi ortidagi sabablarni izohlagani yo‘q.

Ba‘zi sharhlovchilarga ko‘ra, mazkur holat raqib siyosiy klanlar o‘rtasidagi kurashni anglatadi, boshqalari esa, xavfsizlik agentliklaridagi keng ko‘lamli kadrlar o‘zgarishining boshlanishi sifatida talqin qiladilar.

Prezident Karimov 13 dekabr kuni 2006 yildan beri Ichki ishlar vazirligini boshqargan Bahodir Matlyubovni vazifasidan bo‘shatgan va o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari Adhamjon Ahmadboyevni tayinlagandi.

Mazkur hodisa yaqinda 76 yoshli otasi davomchilaridan biri deb ko‘rilgan Gulnora Karimovaga tegishli biznes imperiyasi parchalanishi ortidan O‘zbekiston ichkarisida qudrat uchun kurash borayotgani xususida urchigan gap-so‘zlar manzarasida kutilayotgani bilan muhim.

Tahlilchilar Matlyubov militsiya sohasida islohotlarning uddasidan chiqa olmagani uchun tanqidga tutilganini tilga oladilar.

"Sirli sandiq"

Yangi vazir haqida juda oz ma‘lumotlar mavjud. Muhojirotdagi o‘zbek jurnalisti Ismat Xushev uni ko‘pchilik uchun "sirli sandiq" deb atadi.

Ichki ishlar vazirligi Adhamjon Ahmadboyev haqida ma‘lumot bermadi, rasmiy matbuot esa, yuqori lavozimdagi o‘zgarishlar xususida sukut saqlab qo‘ya qoldi.

Ahmadboyevning qisqa biografiyasi ba‘zi mintaqaviy axborot sahifalari va muxolifat manba‘larida paydo bo‘ldi.

Ularga ko‘ra, 48 yashar Ahmadboyev mamlakat tarixidagi eng yosh vazirlardan, asli kelib chiqishi toshkentlik, 1988 yil Toshkent Davlat Iqtisodiyoti Universitetini, 2004 yil Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tugatgan.

Qarorgohi Rossiyada joylashgan Farg‘ona.Ru axborot agentligiga ko‘ra, u 1990-2000 yillar Toshkent mintaqasi militsiya bo‘limida faoliyat olib borgan.

2000 - 2004 yillar Toshkent shahar militsiya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan.

2004-2006 yillar esa, prezident ma‘muriyatida ishlagan.

Keyin Ichki ishlar vazirining moliyaviy masalalar bo‘yicha muovini etib tayinlangan. Vazir birinchi o‘rinbosari lavozimiga 2001 yilda ko‘tarilgan.

Saylov xavotirlari

Siyosiy sharhlovchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Prezident Karimov yangi vazirdan parlament va prezidentlik saylovlari payti xavfsizlikni ta‘minlashni istaydi.

"Maqsad mana shu katta siyosiy tadbirlar, saylovlardan oldin Ichki ishlar vaziri lavozimiga yangi shaxsning qo‘yilishi u o‘z amalida mustahkam o‘rnashib olishi, vaziyatga kirib borishiga imkoniyat yaratishdir", deb aytgandi Rabbimov "Ozodlik" radiosi bilan suhbatda.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov ham bu fikrlarga qo‘shiladi.

Rossiyaning Birjevoy lider portali kadrlar almashuvidan maqsad ehtimoliy qudrat topshirish oldi militsiya xizmatini mustahkamlash qabilidagi o‘zbek va xorijiy sharhlovchilari izohlarini chop etdi.

Klanlar raqobatimi?

O‘zbekistonlik tarixchi va jurnalist Alisher Taksanov esa, Ichki ishlar vazirining vazifasidan olinishi klanlar o‘rtasidagi qudrat talashuvi alomati ekanini aytdi.

Taksanovning so‘zlariga ko‘ra, asli toshkentlik Ahmadboyevning tayinlanishi Toshkent klani raqib Samarqand klanidan ustun kelayotganini anglatadi.

"Milliy Xavfsizlik Xizmati an‘anaviy tarzda Toshkent elitasi bo‘lib kelgan bir paytda samarqandliklar ushbu lavozimni 20 yil egallab kelishdi. Endi har ikki agentlik toshkentliklar qo‘lida", deb aytdi Alisher Taksanov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Moliya, Iqtisod va Savdo vazirlari barchasi poytaxt Toshkentdan va bu kelajakdagi prezident ham aftidan toshkentlik bo‘lishidan darak berishi mumkin.

Ehtimoliy nomzod o‘laroq, Taksanov Bosh vazir birinchi o‘rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimovga ishora qiladi.

Va yo siyosiy tozalash?

Uznews.net mustaqil axborot agentligiga ko‘ra, Bahodir Matlyubov vazirlikni "xarob qilgani" uchun ishdan olingan. Agentlik nomini oshkor qilmagan toshkentlik manba‘lardan iqtibos keltiradi.

"O‘zbek militsiyasi o‘zining asosiy jamoat tartibi va fuqarolarni muhofaza qilishdek vazifasini bajarayotgani yo‘q. U korruptsiyaga botgan va jinoyatlarni oldini olish va ochish layoqatini yo‘qotgan", deb yozadi websahifa.

Matbuotga gapirgan huquq faoli Surat Ikromov: "Matlyubov sakkiz yil davomida Ichki ishlar vazirligida islohatlar o‘tkazmadi. Qaytaga Ichki ishlar vazirligida ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yildi", deb aytdi.

Jurnalist Ismat Xushevga ko‘ra esa, o‘zgarish tepa lavozimlarda keng ko‘lamli kadrlar o‘zgarishi boshlanayotganidan darak berishi mumkin.

"Islom Karimovning kuch ishlatar tizimlari bo‘yicha qabul qilgan bugungi qarori keyinchalik Bosh prokuror, Oliy Sud raisi va hattoki Milliy Xavfsizlik Xizmati rahbarlariga ham taalluqli bo‘lishi mumkin", deydi jurnalist.

Uzmetronom.com mustaqil nashriga ko‘ra, Matlyubov salomatligi vajidan iste‘foga chiqqan bo‘lishi mumkin.

Websahifa Matlyubov bir necha bor ishdan bo‘shatishni so‘rab murojaat qilgani, ammo arizalari Prezident Karimov tarafidan rad qilingani borasidagi xabarlardan iqtibos keltiradi.