Xodorkovskiy siyosiy mahbuslarga yordam bermoqchi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiyalik sobiq neft korchaloni Mixail Xodorkovskiyga ko‘ra, u boshqa siyosiy mahbuslarni ozod qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi.

Berlinda bergan matbuot anjumanida Xodorkovskiy janoblari qayta siyosatga kirmasligini ham ochiqladi.

U Berlinga ketayotganini ozod qilingan kuni bilgani, Rossiyaga, qachonki, yana qaytib chiqishiga ishongan taqdirda borishini aytdi.

Janob Xodorkovskiy qalloblik va soliqlardan bo‘yin tovlash ayblovlari bilan 10 yillik umrini Rossiya qamoqxonasida o‘tkazdi.

U o‘tgan hafta avf etilib, ozodlikka chiqdi.

Mixail Xodorkovskiy har doim o‘ziga qarshi mahkama ishi siyosiy vajlarga asoslanganini ta‘kidlab kelgan.

Xodorkovskiy hibs qilingan payt Rossiyaning eng badavlat odami bo‘lgan.

Keyin u mamlakatning eng taniqli siyosiy mahbusiga ham aylangandi.

"Qudratga intilish men uchun emas"

Mixail Xodorkovskiyga ko‘ra, "Rossiya va dunyodagi boshqa mamlakatlarda siyosiy mahbuslar bo‘lmasligi" yo‘lida ish olib borish lozim.

U G‘arb rahbarlari Prezident Putin bilan uchrashgan paytlari buni unutmasliklariga umid qilishini aytdi.

Mixail Xodorkovskiy kelasi yil Sochida o‘tkazish rejalangan Sochida Qishki Olimpiada o‘yinlarini boykot qilishni targ‘ib qilmayotganini e‘tirof etdi, ammo tadbirga izn berish "Prezident Putin uchun katta kecha"ga aylanishidan ogohlantirdi.

Shu bilan birga u Rossiya siyosatiga qayta bosh suqmasligini ta‘kidladi: "Qudratga intilish men uchun emas", deb aytdi u.

Ayni paytda sobiq korchalon o‘z tarafdorlari, jumladan, Olmoniya kantsleri Angela Merkelga ozodlikka chiqishi yo‘lidagi yordamlari uchun minnatdorchilik bildirdi.

U sobiq tashqi ishlar vaziri Gans-Ditrix Gensherning ham ismini tilga oldi.

Avvalroq, Mixail Xodorkovskiy Rossiyada chop etiluvchi "Novoye vremya" jurnaliga barbod bo‘lgan YUKOS neft shirkati mulklarini qaytarib olish uchun ham kurashish niyatida emasligini aytgandi.