Vladivostokdagi tug‘ruqxona yaqinida ko‘zi yorigan ayol O‘zbekistonga qaytgan

  • 24 Dekabr 2013
O‘zbekistonlik ona politsiyaning aralashuvidan so‘ng tug‘ruqxonaga qabul qilingan

Shu yilning 6 noyabr kuni Vladivostokdagi tug‘ruqxona yaqinida ko‘zi yorishiga bir bahya qolgan o‘zbekistonlik Shoira Ulasheva uyiga qaytgan.

Rossiya axborot vositalarining bu haqdagi xabarini Vladivostokdagi o‘zbekistonliklarning "Adolat" tashkiloti rahbari Bahodir Nurakov BBCga tasdiqladi.

O‘zbekistonlik muhojir ona ayni tashkilotning moliyaviy ko‘magida poyezdda vataniga qaytarilgan.

13 dekabr kuni Rossiya mahkamasi Shoira Ulashevani mamlakatdan chiqarib yuborishni kechiktirish haqida qaror qabul qilgan edi.

Ushbu qaror o‘zbekistonlik onaga yangi tug‘ilgan farzandiga hujjatlarni rasmiylashtirish imkonini berish maqsadida qabul qilingani aytilgan.

Shoira Ulashevaning Rossiyada qonuniy muhojir bo‘lgan turmush o‘rtog‘i ishlab, oilasiga pul jo‘natib turish maqsadida Vladivostokda qolgan.

6 noyabr kuni Shoira Ulasheva Vladivostokdagi tug‘ruqxona yaqinida ko‘zi yorishni boshlagan, shifokorlar uni zarur hujjatlari yo‘qligi uchun qabul qilishmagan.

Yaqin-atrofdagi odamlar politsiya chaqirishgan.

Politsiyaning aralashuvidan so‘ng muhojir ayol tug‘ruqxonaga qo‘yilgan va u farzandini dunyoga keltirgan.

Politsiya shifoxona ma‘muriyatiga nisbatan tekshiruv boshlagan, ammo shifokorlarning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagan.

Tekshiruvlar jarayonida Shoira Ulasheva 2011 yilda Rossiyaga kirib kelgani va ruxsat etilgan muddat - 90 kundan keyin vataniga qaytmagani aniqlangan.