O‘zbekiston: Kim qishdan qanday chiqmoqda yoki jonga oro biogaz

O‘zbekistondagi energiya taqchilligi qishning sovuq kunlarida qolgan odamlarni muqobil variantlar qo‘llashga majburlamoqda. Kimdir deyarli yaroqsiz holda kelayotgan ko‘mirning kukunini foydalanish yo‘lini topgan bo‘lsa, yana kimdir propan gazidan isitish tizimini yasab olgan. O‘ziga to‘qroq odamlar esa chorva va parranda axlatidan gaz olishni yo‘lga qo‘ygan.

Jizzax viloyatidagi tumanlarda boshqa joylardagi kabi gaz bir bor bo‘lsa bir yo‘qoladi. Cho‘l hududlarida sho‘rolar davrida qurilgan markaziy isitish tizimlarining ishdan chiqqaniga ham 25 yil bo‘lib qoladi. Bu yerlarda uyni isitishning yagona yo‘li tabiiy gaz edi.

Biroq O‘zbekiston chetga gaz sotish hajmini oshira boshlagandan buyon, uning ham tagi ko‘rinib qoldi.

Shuning uchun hamma o‘z bilganicha uy isitishga kirishib ketgan. Puli borlar ko‘mir olgan, kambag‘alroqlari yozi bilan o‘tin yiqqan.

Yo‘qchillik odamlarni yangi yangi kashfiyotlarni o‘ylab topishga majbur qilayapti. Paxtakorlik Murod bizga yaroqsiz bo‘lgan ko‘mir kukunini qanday qilib foydalanish yo‘lini aytib berdi.

“Ko‘mirni g‘alvirda elaymiz. Elagandan keyin tuproqqa o‘xshab faqat kukuni qoladi. Yirigini alohida olib qo‘yaman. 1 - 1,5 litrlik baklajkaning ostiga ozroq suv quyib, voronka orqali ko‘mirning kukunini solaman”.

Baklajkaga uchga bo‘linib suv solinadi va bu orada zich bo‘lishi uchun yerga urib turiladi.

“10-15 kundan keyin kukun suv bilan reaktsiyaga kirishib qotib o‘tinga aylanadi. Pechkaning yoqib cho‘g‘ qilib olasiz va cho‘g‘ning ustiga bakalajkani tashlab qo‘ysangiz yonib yotaveradi. Lekin ko‘mirning hidi chiqib turadi. Ammo uncha tutamaydi.Cho‘g‘ni yaxshi qilsangiz tutamaydi. Baklajkaning o‘zi ham erib, yongandan keyin tutun chiqarmaydi”.

Murodning aytishicha, bir litrlik bunday “o‘tin” 45 daqaqi va bir soatgacha uyni issiq ushlab turishi mumkin. Bunday usulning samarasi kam bo‘lsa ham, chiqitga chiqib ketayotgan mahsulotdan foydalanishning bir yo‘lidir.

“Misol uchun kukunning o‘zini pechkaning ichiga solib yoqolmaysiz. O‘sha narsani yoqishning bir yo‘li, uning samaradorligi yo‘q. Oldin bunaqa kukun kelmasdi. Yirik yirik ko‘mir kelardi. Bu safar mayda ko‘mir kelib qoldi, shuni elab foydalandik”, - deydi Murod.

Bundan tashqari ko‘mirning kukunini yoz vaqti molning tezagi bilan aralashtirib tappi qilinsa uzoqroq yonishi aytiladi.

Arnasoy tumanidagi gazga o‘rganib qolgan aholining ayrimlari undan hozir ham foydalanayapti. Tumanga quvur orqali gaz kelmay qo‘ygan. Biroq qurbi yetganlar uyiga gaz ballon olgan.

Mahalliy hokimiyat uni ancha imtiyozli narxda to‘ldirib kelib beradi. Agar yonilg‘i quyish shahobchasida bir litr propan gaz 1400 so‘mdan bo‘lsa, hokimiyat mahalliy aholiga 750 so‘mdan to‘ldirib kelib beradi.

Ayrim uddaburonlari uyiga kattaroq gaz ballon qo‘yib undan isitish maqsadlarida ham foydalanmoqda. Arnasoylik Shuhrat akaning aytishicha, 200 litr propan 2 oy uyni istishga yetadi.

“200 litrlik bochkasi bor ekan. Shuni uydan 50 mertcha uzoqlikka qo‘yib quvur bilan olib kelarkan. Tejab yoqsa ikki oyga yetadi”.

Bu kabi qurilma o‘rnatgan odamlar ballonga gazni o‘zlari solib keladi. Ballonni bir marta to‘ldirish 280 ming so‘mga tushadi. Shuhrat akaning aytishicha, u yashaydigan jamoa xo‘jaligida mana shunday usuldan foydalanayotganlar yildan yilga ortmoqda.

Biogaz – O‘zbekiston fermer va dehqonlarining kelajagimi?

O‘ziga to‘q fermerlar esa o‘rnatishi qimmatroq, lekin juda samarali va beminnat bo‘lgan biogaz qurilmasini ishga tushirmoqda.

Asosan chorva va parrandaning go‘ngidan chiqadigan biogaz O‘zbekistonda endi ommalashmoqda.

Qo‘qonlik Muhammadjon aka Usmonov parrandachilik bilan shug‘ullanadi. Qaramog‘ida 6 mingdan ziyod bedanasi bor.

“Parrandaning xonasini isitish uchun gaz kerak bo‘ladi. Misol uchun bedananining yangi ochib chiqqan bir kunlik jo‘jasiga 35 daraja issiqlik kerak. Qishin yozin bitta xona 35 daraja issiq bo‘lib turadi. Bunaqangi xonalardan bitta ikkita bo‘lmaydi, ko‘p bo‘ladi. Ham undan chiqqan go‘ngini yo‘q qilish muammosi bor edi, ham xonanini istish kerak. Eng qulay yo‘li biogaz ekan”, - deydi Muhammadjon aka.

Muhammadjon akaning oldida oldin xonanini isitish muammosi bo‘lmagan. Quvurdan oqib kelgan tabiiy gaz bilan xonalarini qiyinchiliksiz isitgan. Ammo O‘zbekistonda ichki iste‘molda gaz taqchilligi kuzatila boshlaganidan keyin hukumat qish kunlari ishlab chiqaruvchilarga gaz berishni to‘xtatib qo‘ydi. Aholiga esa uzilishlar bilan yetib bora boshladi.

Muhammadjon aka bedananing xonasini muttasil bir me‘yorda isitib turish uchun faqat gaz kerakligini aytadi.

“Gaz bo‘lmagandan keyin ishimiz to‘xtab qolgan. Gazdan boshqa narsa bilan isitishning iloji bo‘lmagan. Chunki ko‘mir, o‘tinlarni yoqib xonalarda bir hil haroratni ushlash juda ham qiyin. Faqat gaz bilan. Ishimiz to‘xtagan. Bedanalarning hammasini sotib yuborganmiz”.

Muhammadjon aka muammmoni bartaraf etish uchun parrandalarning axlati bilan ishlovchi biogaz qurilmasini o‘rnatishga ahd qiladi. Hajmi 25 kub metrlik qurilma kuniga 70 kub metan gaz chiqarib beradi.

6 ming bedanadan kuniga 400-500 kilo axlat chiqadi. Biogaz qurilmasi axlatlarni yo‘q qilish bilan birga gaz ishlab chiqarib uy va bedana saqlanuvchi xonalarni isitadi. Biogaz qurilmasidan chiqqan chiqit esa qishloq xo‘jaligida qimmatbaho o‘g‘it sifatida foydalaniladi.

Biogumus o‘g‘itining bir kilosi Farg‘onada 200 so‘mni, Toshkent viloyatida esa 250-300 so‘mni tashkil qiladi.

Eco systems group shirkati O‘zbekiston bo‘ylab biogaz qurilmalarini o‘rnatib beruvchi sanoqli tashkilotlardan biri. Shirkat mutaxassisi Oybek Qosimovning Bi-bi-siga aytishicha, biogaz qurilmasining ishlashi uchun avvalo xom ashyo bo‘lmish go‘ng bo‘lishi kerak.

“Misol uchun, bitta xonadonda 2-3 ta mol bo‘lsa, uydagi po‘choq kabi organik chiqindilar, hojatxonasidan chiqayotgan axlatni aralashtirib kuniga solsa, u tomondan suyuq holatida 100 kilo o‘g‘it chiqib ketadi. Bu jarayon to‘xtamaydi. Gaz qishin yozin chiqaveradi. Hojatxonaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab qo‘ysangiz, kuniga hojatxona ishlayvergan sari, bu tomondan biogaz ham chiqaveradi”.

O‘zbekiston sharoitida biogaz ishlab chiqaruvchi idishlar temir list, pishig‘isht va betondan yasaladi. Bu narsa har kimning sharoiti va imkonidan kelib chiqiladi.

Eng kichik bo‘lgan 10 kub metrlik mana shunday qurilmani tayyorlash uchun 7 million so‘m yoki 2500 dollardan, 10 million so‘m yoki 3600 dollargacha tushishi mumkin.

Biogaz bakteriyalarning 30-40 daraja issiqliqda bijg‘iji oqibatida ishlab chiqariladi. Qish kunlari bunday iqlimni idish yoki reaktor ichida hosil qilish uchun esa o‘zidan chiqayotgan gazdan foydalaniladi.

“Betondan qilingan reaktorning ichiga hisob kitob qilinib registr qo‘yiladi. Tashqarisidan bug‘ bilan ishlovchi issiqlik moslamasi qo‘yiladi. O‘zidan chiqayotgan gazning 15 foizigacha o‘zini isitish uchun ishlatiladi”, - deydi Oybek Qosimov.

Reaktordan tashqari gaz yig‘ish uchun gaz golder moslamasi o‘rnatiladi. Bu ham buyurtmachining cho‘ntagidan kelib chiqib, yelim yoki temir bo‘lishi mumkin.

Ushbu bakteriyalar vodorod sulfid, karbonat angidrid va metan gazlarini chiqarib beradi. Bu gazlarni ajratib olish uchun ham ikkita moslama o‘rnatiladi. Gazlarning ichida metan 75 foizni tashkil qiladi.

10 kub metrlik bioaz qurilmasining muttasil ishlashi uchun kuniga 150 kilo quyuq holatda go‘ng va organik chiqindilar kerak bo‘ladi. Bir qoramol bir kunda 30 kilogacha axlat chiqarishi mumkin. 10 tonnalik reaktordan sutkasiga 18 kub gaz olinadi. 100 kvadrat metr joyni kechayu kunduz isitishga esa 20 kub gaz kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari ushbu gazdan elektr ham ishlab chiqarish mumkin. 1 kub gaz 2 kilovatt elektr energiya beradi.

“Gaz bo‘lganidan keyin chiroq sizga faqat yoritishga kerak bo‘ladi. Bir kilovattlik gaz generatori bir oilaga yetadi. Faqat muzlatich ishlatolmaysiz. Ammo televizor, yorug‘lik va quvvatlantirgichdan foydalansa bo‘ladi”, - deydi Oybek Qosimov.

Biogaz tanqidchilari uning hammaga ham qo‘l yetar darajada emasligini aytishadi. O‘zbekiston sharoitida 2500 ming dollar topish mushkul ish.

Iqlimi ancha issiq bo‘lgan Xitoyda isitish qurilmalarisiz qurilgan ushbu uskuna 260 dollarga tushadi. Lekin Sobiq ittifoq o‘lkalarida narxlar 2 ming dollardan boshlanadi.

Biroq kuzatuvchilar biogaz O‘zbekiston sharoitida biznes qilishni o‘ziga maqsad qilgan fermer va oddiy aholi uchun yaxshigina qulaylik bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

Biogaz yordamida, elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali suv ostidagi suvlardan foydalanish, issiqxonalar qurish, yoki parrandachilikni yo‘lga qo‘yish mumkin.